Asosiy mavzular
11 sentyabr 2023

Prorektor hijobli talabaga yotoq bermadi

Chirchiq Davlat pedagogika universiteti rahbariyati ushbu universitetning o‘zbek tili va adabiyoti uchinchi bosqich talabasi Karomat Muqimovaga universitet yotoqxonasidan joy berishni istamayotir.
Universitet rahbariyati nogiron talaba Karomat Muqimovaga yotoqxonada joy olishi uchun hijobini yechishi shartligini bildirgan.
28 yashar Karomat Muqimova tug‘ma ko‘zi ojizdir. Karomatni tanigan dugonalari unga o‘zi istiqomat qiluvchi Bo‘ka tumani Yangiobod MFYdan Chirchiqqa har kuni qatnashning imkoni yo‘qligini aytishadi.
Chirchiq Davlat pedagogika universiteti ixtiyorida to‘rt qavatli yotoqxona bo‘lib, binoning uch qavatida qiz va bir qavatida yigit talabalar o‘quv yili davomida istiqomat qilishadi.
O‘tgan juma, 8 avgust kuni talabalar universitetning yotoqxona berishga mas'ul mulozimlari bilan uchrashganlar.
Uchrashuvda qatnashgan talabalardan birining Eltuzga aytishicha, talabalar bilan muloqot paytida Gumanitar fanlar fakulteti Yoshlar masalalari va ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha dekan o‘rinbosari Lochin Muhammadiev Karomat Muqimovaga hijobini yechmas ekan yotoqxonada unga joy yo‘qligini bildirgan.
“Lochin G‘ayratovich hammaning oldida Karomatni izza qilib ketdi. “Yana siz ro‘mol o‘radingizmi, qo‘yasizmi yoki yo‘qmi, yaxshi qiz edingizku, qachondan buyon ro‘mol o‘rab oldingiz” dedi. “Siz yotoqxonada turmaysiz,” dedi. Karomat domlaga: “Siz bilan ishim hal bo‘lmaydimi?” deb so‘ragandi, domla “yo‘q, xohlagan joyingizga borib shikoyat qiling,” deya hikoya qildi talabalardan biri.
Ushbu suhbatdan keyin Karomat Muqimova universitetning yoshlar masalalari va ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Bahodir Husanov qabuliga borgan.
Karomat Muqimovaning dugonalariga aytishicha, Bahodir Husanov ham unga ayni shartni qo‘ygan.
Prorektor o‘z kabineti eshigini yopib, Karomat qo‘lida mobil telefoni yo‘qligiga amin bo‘lgach:
“Sizga aytadigan gapim shu: xohlagan qavatda xohlagan xonada xohlagan insoningiz bilan turasiz, ammo ro‘molingizni yechasiz,” deya shart qo‘ygan.
“Bu qat'iyan sizga buyruq emas, bu – nimanidir evaziga nimadandir kechish” deya shartini izohlashga uringan prorektor.
“Lekin bunga rozi bo‘lmasangiz, toki men bu universitetda bor ekanman, yotoqxonaga kirmaysiz,” deya shartini ifodalagan Bahodir Husanov.
Aftidan faylasuf Bahodir Ergashevich O‘zbekiston prezidentining gaplarini o‘z talqinida tushunganga o‘xshaydi.
“O‘zbekiston — dunyoviy davlat va bundan keyin ham shunday bo‘lib qoladi”, — deya ta'kidlagandi Shavkat Mirziyoev may oyida bo‘lib o‘tgan hukumat majlisida.
Shu bilan birga O‘zbekiston prezidenti millati, tili, dini va ijtimoiy kelib chiqishidan qat'i nazar har bir fuqaroning vijdon erkinligi ta'minlanishini bildirgandi. Prezident “barcha diniy konfessiyalar erkin faoliyat yuritishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratib berilishi, mamlakatda millatlar va konfessiyalar o‘rtasida totuvlik va hamjihatlikni ta'minlash siyosati izchil davom ettirilishi”ni qayd etgandi.
Chirchiq Davlat pedagogika universiteti prorektori o‘z shartlaridan voz kechib Karomat Muqimovaga yotoqxonadan joy beradimi yoki yo‘q?
Bu savolga javobni olishi bilan Eltuz sizni xabardor qiladi.

Tag‘in o‘qing
30 avgust 2016
Prezident Islom Karimovning na o‘lik, na tirik ekanligi davlat siri darajasida mahfiy, yangi yurtboshining kim bo‘lishi hamon noma'lumlicha qolarkan, ...
1 fevral 2019
Gurlan tumanida bedarak yo‘qolgan 21 yashar Murodjon Boboxonovning jasadi 31 yanvar kuni bug‘doy dalasidan topildi. Shu kuni tushdan keyin ...
10 iyul 2017
6 iyul kuni prezident Shavkat Mirziyoevning mamlakat sud-huquq tizimini keskin tanqid qilishi ortidan O‘zbekiston sudyalari xalqqa murojaat bilan chiqdi. ...
12 may 2022
Men ToshDUning jurnalistika fakultetiga 1982 yil o‘qishga kirgandim. Turkiston, ya'ni Markaziy Osiyo va Qozog‘iston hududidagi bu ilk universitetga 1918 ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...