Zarmitan oltin konida bir lahmchi o‘ldi
Navoiy kon-metallurgiya kombinati aktsiyadorlik jamiyatiga qarashli “Zarmitan” oltin qazib olish konida oqibati o‘lim bilan tugagan baxtsiz hodisalar soni yana bittaga ko‘paydi.
Bu galgi falokat skipli shaxta qurish ishlarini amalga oshirayotgan chex investorlari uchastkasida sodir bo‘ldi.
Havoni almashtirib turuvchi ventilyatsiya tizimining yeng qismi uzilib, shaxtaning quyi qismida ishlayotgan lahmchi Ramazon Tog‘aevning ustiga qulab tushgan va unga og‘ir tan jarohati yetkazgan.
Jabrlanuvchi zudlik bilan shifoxonaga yetkazilishi va tegishli tibbiy yordam ko‘rsatilishiga qaramay shifoxonada jon bergan.
Chexiyaning “Mayn konstrakshn alyans” kompaniyasi Toshkentdagi ofisi mazkur hodisa bo‘yicha bayonot berishdan o‘zini olib qochdi.
Kompaniyaning mahalliy ishchilarni kamsituvchi shartlar bilan ishga qabul qilishga odatlangan “Zarmitan” konidagi uchastkasi direktori Jamshid Niyozovning aytishicha, baxtsiz hodisa sababli vafot etgan ishchining Nurota tumani, Langar shaharchasida yashovchi oilasiga moddiy yordam ko‘rsatilgan.
Tegishli mutasaddi tashkilotlar tomonidan hodisa sabablari o‘rganilmoqda. Eltuz O‘zbekistondan kelayotgan voqealarni yoritishda davom etadi. Kanalimizga obuna bo‘ling.