Asosiy mavzular
20 dekabr 2023

Qonun barchaga barobar – xoh u aziz bo‘lsin, xoh sardor!

Mana bu tarixiy suratni eslaysizmi?

«Hududgazta'minot»ning kishanlangan Toshkent viloyat bo‘limi boshlig‘i Muzaffar Aliev.

Uning qo‘liga kishan solishni kimsan o‘sha paytda administratsiya boshlig‘i Sardor Umurzoqov O‘zbekiston bosh prokurorining muoviniga buyurgan edi.

Aliev bir necha daqiqada tergov izolyatoriga olib borilgan, u yerda mulozimning qo‘liga kishan solingan surati olinib, videoselektorda namoyish etilgan edi.

Mulozim o‘rta asrlarda eshshakka orqa qilib mindirilgan odamday el o‘ngida sazoyi qilingan edi.

Butun tarmoq o‘shanda “vau” devordi. Ajab bo‘ldi, xo‘b bo‘ldi, ashnaqa qilish kerak, otvorishsayam oz, qolganlarni ham qamang, degan dod-voylar tarmoqni titratdi.

O‘shanda Sardor Umrzoqov kim bo‘lishidan qat'i nazar qamataman, deb dag‘dag‘a qildi.

Audiolari ham sizdirildi.

Olomon Sardor timsolida o‘z xaloskorini ko‘rdi.

Lekin, hech kim turib, hey yaxshilar, Sardor Umurzoqov bu yerda o‘z mansab vakolatlarini suiiste'mol qilyapti, qonunga mutlaqo qarshi ish tutyapti, aslida Sardor Umurzoqovning bu qilmishi – jinoyat, demadi.

Oxirgi kunlarda O‘zbekictonda sobiq va joriy hokim va zamhokimlarni qamoqqa olish to‘lqini kuzatilmoqda.

Hibsga olingan amaldorlarning barchasiga yer sotish, kreditlarni yeb yuborish kabi moliyaviy jinoyatlar qatorida mansab vakolatlarini suiiste'mol qilish ayblovi ham qo‘yilmoqda.

Xo‘sh, mansab vakolatlarini suiiste'mol qilish aslida nima?

Inglizchada bunga “Ebyuz of pauer” yoki “ebyus of ofis” deyiladi.

“mansab vakolatlarini suiiste'mol qilish” atamasi odatda davlat mansabini egallab turgan shaxslarning o‘z vakolatlarini yoki berilgan qudratini shaxsiy manfaatlar yo‘lida yoki boshqalarga zarar yetkazish maqsadida ishlatishini bildiradi.

Bunga korruptsiya, poraxo‘rlik, yomon mehnat sharoitlari, manfaatlar to‘qnashuvi va turli xil huquqbuzarlik shakllari kiradi.

Hukumat mansabdor shaxsning o‘z mansabidan foydalanib, imtiyozlar berish, imtiyozli rejim evaziga pora olish yoki shaxsiy manfaatlar yo‘lida davlat mablag‘larini o‘zlashtirish kabi qonunbuzarliklarga misol bo‘la oladi.

Bunday harakatlar jamoatchilik ishonchini yo‘qotishi, adolatli qarorlar qabul qilish jarayonlarini buzishi va tashkilotlar, muassasalar va umuman jamiyat uchun halokatli oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Ko‘pgina mamlakatlarda hokimiyatni suiiste'mol qilishning oldini olishga va ularga qarshi kurashishga qaratilgan qonun va qoidalar mavjud. Qonunbuzarlik holatlari aniqlanganda, davlat mulozimi tergovga, intizomiy javobgarlik va hatto jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin.

Maqola boshidagi epizodda ko‘rganingiz, «Hududgaz» mulozimining qo‘liga kishan solingani huquqiy jihatdan muammoli ekanini Britaniyada tahsil olgan Sardor Umurzoqov bilmasligi mumkin emas edi.

Ammo qo‘liga kishan solish effekti ish berdi – Umurzoqov korruptsiyaga qarshi kurashuvchilarning sardori sifatida, hech qursa, tarmoqlarga muhrlandi.

Bugun o‘z vaqtida u bilan suratga tushgan ayrim mahalliy blogerlarning «Sardor akamni qaytaringlar» degan diydiyosi ortida ana shu soddadillik turibdi.

Ammo Umurzoqov ishdan olinganidan keyingi jarayonlarga qaraylik.

Uning protejesi bo‘lgan Aziz Voitov Umurzoqov ketganidan keyin boshlangan tekshiruvlar ortidan oktyabr oyida ishdan olindi, ammo shunda ham qo‘liga kishan solingani yo‘q.

Vaholanki, hali avgust oyidayoq Buxoroda selektr o‘tkazgan Mirziyoev unga «korruptsioner» deb murojaat qilgan edi.

Lekin huquqiy taomil saqlandi.

Ba'zilar hozirda davlat idoralarida boshlangan tozalashlarning ham mantiqiy yakuniga yetishidan manfaatdor emas.

Chunki bunday yakun ularning o‘zi va sardori uchun ham ayanchli bo‘lishi mumkin.

Ammo nima uchun, xizmat vakolatini suiiste'mol qilganlik kabi ayblar uchun,  faqat sobiq vazir va yana bir-ikki o‘rta bo‘g‘in javob berishi kerak?

Nega Voitovni vazirlikka olib kelgan va butun xalq ko‘z o‘ngida qonunni buzgan, xizmat vakolatini ochiqcha suistmol qilganlar hanuz yuqori lavozimlarda o‘tiribdi?

Tag‘in o‘qing
2 oktyabr 2023
Sentyabr oxirida O‘zbekistondagi xususiy maktablarda «arab tili o‘rgatish» bahonasida ekstremizm va demokratik qadriyatlarga chuqur nafrat o‘quvchilar ongiga singdirilayotgani faktlari ...
26 fevral 2019
26 fevral kuni «O‘zbekkontsert» davlat muassasasi «litsenziya talablari va shartlari qo‘pol ravishda buzilgani, milliy urf-odatlar, odob-axloq, ma'naviy qadriyatlarga yot ...
13 avgust 2018
2000 yilning 13 iyunida Muhammad Bekjon Jasliq turmasidan Toshkentga etap qilinadi. Lekin hali ozodlikka chiqishga 18 yil bor… Eltuz ...
4 aprel 2018
«O‘zbekkontsert» davlat muassasasida 30 mart kuni san'atkorlar ishtirokida «To‘y-hashamlarni tartibga solish to‘g‘risida»gi qaror loyihasi muhokama qilindi. Bu haqda majlisda ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...