Asosiy mavzular
13 fevral 2024

Agroinspektsiya mingbuloqlik fermerlarning paxta ishlab chiqarish kooperativiga qarshi  

17 ta fermer xo‘jaliklari birlashib tashkil etgan “Eko Zamin Oltin Tolasi” ishlab chiqarish kooperativi (IChK) ishi.  

Fermerlar 2023 yili o‘zlari yetishtirgan paxta hosilini Namangan viloyati, Mingbuloq tumanida faoliyat yuritayotgan “Art Soft Tex” klasteriga bermagani uchun sarson bo‘lmoqda.

O‘quvchilarni O‘zbekiston hukumati tomonidan qabul qilingan qonunlar, Prezident tomonidan imzolangan qarorlar bilan boshini og‘ritmoqchi emasmiz. Faqat shuni aytish joizki, fermerlarning kooperatsiyalarga birlashib, bozor sharoitida tadbirkorlik bilan shug‘ullanish huquqi tegishli tartibda qonun bilan mustahkamlangan.

Garchand, ular noqonuniy faoliyat bilan shug‘ullanmagan bo‘lsa-da, fermerlar birlashib tashkil etgan “Eko Zamin Oltin Tolasi” kooperativi ustidan Qishloq xo‘jaligi vazirligi qoshidagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspektsiyasining Namangan viloyat boshqarmasi tomonidan sudga da'vo arizasi kiritilgan.

Agroinspektsiya suddan nimani so‘ramoqda?

Namangan tumanlararo iqtisodiy sudiga ariza bilan murojaat qilgan agroinspektsiya Mingbuloq tumanida ro‘yhatdan o‘tgan “Eko Zamin Oltin Tolasi” kooperativining paxta va g‘alla yetishtirish, fermer xo‘jaliklari va qishloq xo‘jaligi korxonalari bilan paxta yetishtirish bo‘yicha ikkilamchi shartnomalar tuzish orqali paxta xom ashyosini qabul qilish, qayta ishlash va birja savdolari orqali sotish faoliyatini tugatishni so‘ragan. Ha, shunaqasi ham bo‘ladi!

2023 yil 27 sentyabrda sud ham mazkur arizani qisman qanoatlantirish to‘g‘risida hal qiluv qarorini chiqargan. Kiritilgan appelyatsiya shikoyati 2023 yil 2 noyabrda ko‘rib chiqilib, shu kunning o‘zidayoq qanoatlantirish rad etilgan hamda shikoyat qanoatlantirilmasdan qoldirilgan.

Birinchi instantsiya sudi ham, apellyatsiya instantsiyalari ham “Eko Zamin Oltin Tolasi” kooperativi tomonidan qanday qonunbuzarlik sodir etilganligi, qonunbuzarlik bo‘lgan taqdirda unga nisbatan qanday javobgarlik kelib chiqishi, uning harakatlari oqibatida kimlarning manfaatiga zarar yetayotganligi, yohud huquqlari poymol bo‘layotganligi isbotlanmaganligi to‘g‘risidagi kooperatsiyaning va'jini umuman muhokama qilmadi, ko‘rsatib o‘tmadi va asoslab bermadi.

Fermerlar sudlarning qaroridan norozi bo‘lib, Oliy sudga appelyatsiya shikoyati yo‘lladi. Ayni shu paytga kelib, Oliy sud tomonidan tayinlangan kassatsiya tartibidagi ishlar ham o‘rta bo‘g‘in sudlarida taftish tartibida ko‘rilishi haqida gap chiqib qoldi. 2024 yil yanvar oyida fermerlar ishi yana Toshkentdan Namanganga qaytarildi.

Fevral oyi boshida Namangan viloyat iqtisodiy sudida mazkur ish ko‘rib chiqildi. Agroinspektsiya rahbari Murod Sharipov Respublika prezidentining 06.03.2020 yildagi  4633-sonli qarorini ro‘kach qilib, go‘yoki fermerlar paxta ishlab chiqarish kooperativini noqonuniy tuzgan va hukumat qaroriga ko‘ra, klaster faoliyat olib borayotgan hududlarda kooperatsiya yoki qo‘shimcha klaster tuzish mumkin emas, degan izohni keltirdi. Shuningdek, kooperatsiya tuzish uchun paxta zavodi bo‘lishi kerakligi, ushbu kooperatsiyada paxta zavodi yo‘qligi, shuningdek, favqulodda vaziyatlar bo‘limi tomonidan paxta hosilini saqlash talablari buzilganligi haqida xat borligini bildirdi.

Fermerlar uning bu fikrlariga e'tiroz bildirib, Mingbuloq tumanida faoliyat olib borayotgan “Art Soft Tex” klasterini ham paxta zavodi yo‘qligini, ular ham paxta tozalash zavodini ijaraga olib ishlatayotganligini ta'kidlagan.

Yana bir muhim jihat shuki, «Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni mavjud. Bu qonunga ko‘ra, fermer xo‘jaliklari ham mustaqil subekt hisoblanib, ularning rahbarlari ham to‘laqonli tadbirkor sanaladi.

Umuman olganda, kooperatsiya tuzgandan buyon tinchi buzilgan, garchi qonun ular tomonda bo‘lsa-da, ammo huquqlari uchun kurashib, haqiqatni qaror toptirish umididagi fermerlar ham salkam yurist bo‘lib ketgan. Ular klaster vakiliga ham, agroinspektsiya vakiliga ham, Mingbuloq tumani hokimligi huquqshunosiga ham asosli hamda rad etib bo‘lmas savollar, ma'lumotlar va dalillarni berishdi.

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi vakili sudda “fermerlar hech qanday noqonuniy ish qilmaganligini, ular ham tadbirkor maqomiga ega ekanligini, vazirlik tarafidan ularning turli uyushmalar va birlashmalarga birlashib faoliyat yuritishiga to‘sqinlik yo‘qligini” ma'lum qildi.

Sud davomida fermerlar deyarli javobsiz qolgan ko‘plab savollar bilan murojaat qildi: Biz kooperatsiya tuzib, noqonuniy ish qilgan bo‘lsak, nega Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari markazi kooperatsiyani ro‘yxatdan o‘tkazdi? Quyi instantsiya sudlari agroinspektsiyaning arizasini qanoatlantirgani oqibatida nafaqat “Eko Zamin Oltin Tolasi” ishlab chikarish kooperativiga, balki boshqa xo‘jalik yurituvchi sub'ektlarning manfaatlariga moddiy zarar yetmoqda. Bu zararni agroinspektsiya to‘lab beradimi?  Qaysi qonunning, qaysi moddasida kooperatsiya tuzmaslik haqida yozilgan? Bizning kooperatsiya tuzishimiz kimning manfaatlariga zid kelmoqda? Biz qaysi qonunga zid ravishda faoliyat yuritdik?

Namangan viloyat iqtisodiy sudi sudlov hay'ati tomonlarning ko‘rsatmalarini tinglab bo‘lgach, Mingbuloq tumani kadastr agentligidan vakil kelmaganligi bois navbatdagi sud ishini 15 fevralda davom ettirishni ma'lum qildi.

Tag‘in o‘qing
23 avgust 2018
Turma boshlig‘i polkovnik Mavlonovning buyrug‘i bilan Muhammad Bekjonni nihoyat ancha yengilroq ishga, etikdo‘zlik sexiga o‘tkazishadi. U yerda jurnalist so‘zga ...
3 oktyabr 2015
Bugun Termiz shahrida soat 10-30 atrofida, vaxima Prezident Islom Karimov kelyapdi deb, toliblardan qo‘rqqan IIB xodimlari butun Termiz shahrini ...
5 iyul 2016
Kun.uz internet sayti «O‘zpaxtasanoateksport» xolding kompaniyasi matbuot xizmatiga asoslanib xabar berishicha, 2016 yil paxta hosilini tortish, to‘g‘ri va tezkor ...
4 mart 2019
22 fevral kuni telegra.ph internet sahifasida rus tilida «Teni kuklovodov» («Qo‘g‘irchoqbozlar soyasi») sarlavhasi ostidagi maqola paydo bo‘ldi. Bunda O‘zbekistondagi ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...