Shofirkon prokurorlarining chalkash javob xatlari
Buxoro viloyati Shofirkon tumani Prokuraturasi fuqarolarning murojaatllarini qonun talablari doirasida umuman ko‘rib chiqmayotgani yuzasidan Eltuzga nusxasi Respublika bosh prokuraturasiga jo‘natilgan ikkita videomurojaat kelib tushdi.
Ularning birini xotini nomiga noqonuniy kredit rasmiylashtirilgan Mo‘minjon Usmonov ismli shaxs yo‘llagan. Ikkinchi murojaat esa viloyat maktabgacha ta'lim muassasiga jo‘natilgan shikoyat yuzasidan yo‘llangan. Ayni ariza ham aftidan o‘qib ham ko‘rilmasdan, mutlaqo boshqa soha vakillariga jo‘natilgan. Har ikkala shikoyat mazmunidan, arizalar to‘g‘ri ko‘rib chiqilmasdan fuqarolarning dardi xo‘jako‘rsinga, mendan egasiga yetkuncha qabilidagi mujmal javoblar berilayotgani. Oqibatda fuqarolarning sarsongarchiliklari yanada oshayotani anglashiladi.
Dastlabki videomurojaatni Eltuzga Shofirkon tumani turg‘uni Mo‘minjon Usmonov yo‘llamoqda. 2022 yilning avgust oylarida Xalq banki xodimi unga qo‘ng‘iroq qilib, xotini Shalola To‘xtaeva nomiga 21 million so‘m kredit olingani va uning foizini to‘lashi lozimligini bildirgan. Ayni paytda u bunday kredit olmaganligini aytadi.
Uning nusxasi Bosh prokuraturaga yo‘llangan videomurojaatidan ma'lum bo‘lishicha, yuqoridagi xolat yuzasidan u avvaliga Shofirkon tuman prokraturasiga murojaat qilgan, biroq ular tegishli chora ko‘rmasdan, mujmal mazmundagi javob xati yo‘llashgan. Davlat xavfsizlik xizmatiga ayni ariza nusxasini jo‘natganidan keyingina uning xotini nomiga noqonuniy kredit rasmiylashtirgan shaxslarga jinoiy ish ochilgan va ish sudga oshirilgan.
Murojaat egasi qonuniy chora ko‘rgan DXX xodimlariga o‘z minnatdorligini bildirarkan, tuman prokuraturasi xodimlari harakatini nazorat qilishga chaqiradi. Prokuratura xodimlari tomonidan xo‘jako‘rsin qabilidagi javoblar atay qilinayotganini iddao qiladi.
Video
Eltuzga Buxorolik Nurmurodov Ma'rufjondan kelib tushgan keyingi videomurojaatda esa virtual qabulxonaga Viloyat maktabgacha ta'lim boshqarmasi raxbariyati ustidan yozilgan ariza haqida gap boradi. Bu arizani ko‘rib chiqish uchun avvaliga mutlaqo boshqa vazirlik idorasi “Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish” tuman bo‘limiga yo‘llashgan:
Bu holatdan mutlaqo norozi bo‘lgan Nurmurodov virtual qabulxona orqali Bosh prokuraturaga noto‘g‘ri javob xatini ilova qilib ariza bilan qayta murojaat qiladi. Bu gal arizani ko‘rib chiqish masalasi Shofirkon tuman prokuratura bo‘limiga yuklatiladi.
Bu ariza kamida viloyat prokuraturasi maqomida o‘rganilishi lozim edi deya hisoblaydi Nurmurodov. Chunki uning ta'kidlashicha, Viloyat maktabgacha ta'lim boshqarmasi raxbariyati ustidan yozilgan ariza prokuraturaning qaysidir tuman bo‘limiga yuklanmasligi kerak.
Buning ustiga Shofirkon tuman prokuraturasining javob xati ham juda antiqa bo‘lgan. Chunki unda shikoyatda nomi keltirilgan amaldor o‘rniga mutlaqo boshqa shaxs haqida gap borgan. “Tuman prokuraturasi xodimining maktubimni o‘qiganiga shubha qilaman”, deydi Nurmurodov.
“Har bir murojaat ortida inson va uning taqdiri turadi. Buni chuqur anglamagan va fuqarolarning murojaatlariga bepisand yondoshgan xodimning prokuratura tizimida ishlashga ma'naviy haqqi bormi? O‘ylashimcha, oliy yuridik ma'lumotga ega bo‘lgan va mamlakatda qonunlarning aniq va bir hilda amal qilinishini ta'minlashi kerak bo‘lgan prokuratura xodimining bunday qo‘pol xatoga yo‘l qo‘yishi kechirilmas xolat deb hisoblayman” deydi prokuraturadan chalkash javob olgan shofirkonlik arizago‘y.
Eltuz uydagi gapni ko‘chaga olib chiqadi. Videolarimizga layk bosing, kanalimizga obuna bo‘ling.