Asosiy mavzular
21 mart 2024

Canktsiyalarni chetlab o‘tishning KGBcha yoki Komilovcha usuli

Prussiya qiroli Fridrix Vilgelm I ning “urush urush bilan, ammo tushlikni vaqtida qilish kerak”, degan iborasi mashhur.

Olmon qiroli agar askar vaqtida ovqatini emasa, undan yaxshi askar chiqmasligini qasd etgan.

Ikkinchi tomondan, ovqatni vaqtida egan askar albatta yaxshi urushadi, deganimas.

Masalan, o‘zbek mulozimlarining ko‘pchiligi – yomon askar. Shunga qaramay, ularning hammasi tushlikni vaqtida qiladi. Boshqa ovqatlarni ham ko‘p va xo‘b eydi. 

Ammo roppa-rosa ikki yil oldin ana shu yomon askarlardan birining yaxshi nomi chiqdi.

O‘zbekistonning uzoq yillik tashqi ishlar vaziri, sobiq KGB generali Abdulaziz Komilov Senatda “Ukrainaning bo‘lginchi DXR va LXR respublikalarini tan olmadik, Ukrainaning hududiy yaxlitligini tan oldik”, deb bayonot berdi.

Bayonot ko‘m-ko‘k osmonda momoqaldiroq gumburlab yashin chaqnaganday effekt berdi.

Nihoyat, Toshkentdan sado chiqdi, deb yozdi dunyo xabar agentliklari. Tarmoqlar Komilovni tarbiyalagan va “o‘ris oligarxlarini O‘zbekistonga yaqinlashtirmagan” Karimov bovosini eslab ko‘z yosh to‘kvoldi.

Oradan ikki kun o‘tib Komilov kasalxonaga tushdi va keyinroq vazirlikdan iste'fo berdi.

Shu tariqa O‘zbekistonning top diplomati Senatda bergan tarixiy bayonoti uchun “jazolangan” bo‘ldi.

Hammasi mantiqiy.

Ammo, lekin, biroq…

Oradan roppa-rosa ikki yil o‘tib Senatdagi bayonotning parda orqasi, aniqrog‘i, Putin bilan bir safda sobiq KGBda xizmat qilgan Abdulaziz Komilovning shaxsiy motivlari aslida qanday bo‘lgani fosh bo‘lmoqda.

Buni fosh qilgan esa Komilovning o‘zi! Yanada aniqrog‘i, u va o‘g‘lining Kreml oligarxlari bilan O‘zbekistonga ko‘chgan oldi-berdilari.

Komilovning yakkayu yagona otig‘i Doniyor Komilov oxirgi paytlarda O‘zbekistonda yangi biznes imperiya qurayotgan oligarx sifatida bo‘y ko‘rsata boshladi.

Bungacha u Rossiyada o‘rtamiyona tadbirkorO‘zbekistonda esa bobosi Sharof Rashidov haqida kitob yozgan avtor sifatida juda ham tor doirada bilingan. Abdulaziz Komilovning sobiq xodimi, diplomat va yozuvchi Alisher Taksanovning aytishicha, Doniyor kitobning kirish qismini yozgan, qolganini Sun'iy intellekt yozib tashagan. Mayli, yozish va yozdirish Doniyorning qonida bor – hozir gap yozuvchilik iste'dodi emas, pul topish iqtidori haqida. Aynan iqtidor.

Xullas, Doniyorning oldin Karimov, keyin Mirziyoev davrida iqtidorda bo‘lgan otasi Abdulaziz Komilov 2022 yil 17 martida Senatda qilgan bayonotida bir o‘q bilan ikkita quyonni urdi!

Birinchidan, o‘sha payt Kreml bosqini qarshisida undan masofalanishni talab qilayotgan G‘arbga “mana biz o‘ris bilanmasmiz”, deb ko‘rsatib qo‘ydi.

Ikkinchidan va eng muhimiRossiyaning G‘arb sanktsiyalariga tushgan oligarxlarixususansanktsiyalar sabab o‘zining qator bizneslarini Doniyor Komilov nomiga rasmiylashtirayotgan o‘zimizning buxorolik qorako‘z  Iskandar Mahmudovni G‘arbning Ukraina urushidan keyin yanada kuchaygan sanktsiyalaridan himoya qildi.

“Uran kon-metallurgiya kombinati”“Sibir Alyuminiy” va yana ko‘plab bizneslar egasi bo‘lgan milliarder Iskandar Mahmudov Qrim anneksiyasidan buyon Putinga yaqin oligarxlar qatorida sanktsiyada.

“Kalashnikov” kontsernining ham yagona egasi bo‘lgan Mahmudov 2018 yilda Putindan “Vatan oldidagi xizmatlari uchun” ordenini olingan.  

Ochiq manbalardagi ma'lumotlarga ko‘ra, Mahmudovning oxirgi yillarda Abdulaziz Komilovning o‘g‘li Doniyorga o‘tkazib bergan yoki uning nomiga sotib olgan kompaniyalaridan ayrimlari mana bular:

·         Petroleum Technology Group MChJ (UNG Petro “zapravka”lari va «Chinoz neftni qayta ishlash zavodi”ni sotib olgan)

·         “Progressgortex” MChJ (O‘zbekko‘mir” AJ aktsiyalarining 45 foizini sotib olgan)

·         “Metropol Group” MChJ (Toshkentninng Sayilgohidagi sobiq MXX binosini sotib olgan)

·         “Delta Global Dynamics”, 

·         “Progressgortech-Asia”, 

·         “First Premium Alliance”

2022 yil moliyaviy hisobotlariga ko‘ra, kichik Komilov Iskandar Mahmudovga tegishli yirik mis-oltin korxonasi bo‘lgan “Uran kon-metallurgiya kombinati”ning ham benefitsiar egasiga aylandi.

Eng qizig‘i Mahmudov bu kompaniyalarni o‘zining Londonda yashaydigan yakkayu yagona o‘g‘li Jahongir Mahmudovga emas, balki o‘ziga hech qanday qarindoshlik rishtasi bo‘lmagan Abdulaziz Komilovning o‘g‘liga o‘tkazib beryapti. 

Nega?

Birinchidan, bu oldi-berdilar sxemasini Mahmudov emas, balki Kreml chizyapti.

Ikkinchidan, qarindoshlik bo‘lmasa, boshqa ko‘rinmaydigan rishtalar bor.

Bu rishtalar Abdulaziz Komilovni to‘g‘ridan-to‘g‘ri Kremlga, Putin va uning FSBsi hamda oligarxlariga bog‘laydi. Qolaversa, Komilovning Rossiya fuqarosi va Moskvada doimiy ro‘yxatda turishi haqida o‘z vaqtida ko‘p va xo‘p yozilgan.

Sobiq o‘zbek diplomati Alisher Taksanovning yozishicha, prezident Karimov bu rishtalardan yaxshi xabardor bo‘lgan, ammo Kreml o‘ziga qarshi har-xil o‘yinlarni qilmasligi uchun bu rishtalardan foydalangan.

Senatdagi bayonotga qaytsak. Komilovning bayonoti yangi gap emas. 

O‘zbekiston xuddi shu bayonotni 2014 da, Qrim anneksiyasi paytida ham bergan, undan keyingi yillarda BMTdagi ovoz berishlarda ham xuddi shu pozitsiyani ta'kidlab kelgan.

Bu yerda yangi narsa bayonot emas, balki rus va o‘zbek oligarxiyalarning chatishuvi.

Abdulaziz Komilov faqat sobiq tashqi ishlar vazirigina emas, balki O‘zbekistonni qariyb chorak asr boshqargan va hanuz katta ta'sirga ega Rashidovlar klanining rahbari hisoblanadi.

Shu ma'noda ota-bola Komilovlar Kremlning navbatdagi uzoqni ko‘zlagan strategiyasining muhim qismi bo‘lishi mumkin.

Va bu strategiyani tadbiq qilishda Komilov o‘ynagan “jertva” roli ortiqchalik qilmadi. Ha, aynan “jertva” – Ukrainani qo‘llagan o‘zbek jamoatchiligi, Ukraina va albattaki, Komilov shaxsiy munosabatlarni o‘rnatgan G‘arb nazarida Komilov o‘shanda qurbon qilingandi. 

Vaholanki, qurbonlik bo‘lib ko‘ringan narsa, endi ayon bo‘lishicha, oddiygina sxema – sanktsiyalarni aylanib o‘tish sxemasi bo‘lgani oydinlashmoqda. 

Butun boyligi va kelajagi Kreml va uning oligarxlariga bog‘liq Komilov Kremlga qarshi borarmidi? 

Savol – ritorik.

Eltuz kanaliga obuna bo‘ling. Kanalimizni qo‘llash uchun ekranning pastida, o‘ng tomonda joylashgan raxmat tugmachasini ozroq homiylik puli o‘tkazing. Bu bilan o‘zbek jamiyati rivoji uchun hissa qo‘shgan bo‘lasiz. Sog‘ bo‘ling.

Tag‘in o‘qing
25 mart 2020
O‘zbekistonda koronavirus infektsiyasini yuqtirib olganlar aniqlangani ortidan karantin joriy qilinishi munosabati bilan ijtimoiy tarmoqlarda virusga qarshi chellenj boshlanib ketdi. ...
2 may 2018
1 may kuni Turkiya prezidenti Rejab Toyib Erdo‘g‘onning O‘zbekistonga rasmiy safari nihoyasiga yetdi. O‘zbekistonning Turkiy tilli davlatlar kengashiga qo‘shilgani ...
19 iyun 2017
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev yaqinda Toshkentda din arboblari, jamoat va davlat idoralari vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda mamlakat uchun juda ...
16 iyul 2024
O‘zbekistonda haqqini talab qilgan fermer vafot etdi, Finlyandiya rossiyalik migantlarning mamlakatga kirishini rasman taqiqladi, Tramp suiqasd natijasida qulog‘idan jaroxatlandi, ...
Bloglar
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...
10 oktyabr 2024
Yuksalish maktabining gender ayirmachilikka asoslangan boshqaruvi haqidagi maqolaga o‘quvchilar ikki xil munosabat bildirdi. Bir suruv ...