Vazirlik xodimlari, Open byudjet, chiroqsiz og‘iz ochish va saharlik – EP131
Eltuz portaliga kelgan navbatdagi 5 ta maktubni o‘qib eshittiramiz, ular O‘zbekistonning Toshkent va Samarqand viloyatlaridan kelgan.
Xatlar oqimi ayni soatlarda ham davom etmoqda, tizimni unumli ta'minlash uchun kanalimizga obuna bo‘lish, layk bosish va rahmat tugmachasini bosib Eltuzni qo‘llab quvvatlash joizligini eslatamiz va xatlarni o‘qishda davom etamiz,
Dastlabki murojaat sport vazirligi xodimlaridan kelgan. Ularni “Open byudjet” uchun ovoz yig‘ishga majbur qilishmoqda.
“Sport vazirligi tizimidan yozmoqdamiz. Bizga “Open byudjet”ga tashabbus kiritinglar deb topshiriq berildi. Go‘yoki vazirimizning oldida “bizning tizim eng tashabbuskor” deb ochko olish uchun. Endi shu tashabbusga ovoz yig‘ishga majbur qilishmoqda. Eng kam ovoz olganlar tushuntirish xati, (ayrim xollarda arizasini olish, qo‘rqitish maqsadida) yozib berishga majburlanmoqda. Bilamizki, vazirimiz yaxshi odam, sport uchun haqiqiy jonkuyar, lekin uning atrofidagi ayrimlar mansabini yo‘qotib qo‘yishdan qo‘rqadi shekilli. Xarajat qilib ovoz yig‘ish mumkin, lekin bu xarajatni kim o‘z yonidan qiladi? Bu qonunchilikka ham zid emasmi? Mutasaddilar holatni inobatga olsa yaxshi bo‘lardi” deya yozmoqda sport vazirligi xodimlari.
Keyingi shikoyat Toshkentning Qibray tumanidan. Yo‘llar achinarli ahvolda, hokimning ishi yo‘q.
Eltuzga videomurojaat yo‘llagan ayolning yozishicha bu joy Qibray tumani «BOTANIKA» mahallasida joylashgan bo‘lib, Toshkent shahridan 15 km masofada. Yo‘llar o‘ydim chuqur Jar tepasidan o‘tadigan avtomobil ko‘prigi esa avariya xolatiga kelib qolgan.
Keyingi murojaat ham Toshkentdan. Qurilish shirkati 6 ta hududda ko‘p qavatli uylarni vaqtida topshirmagani aytilmoqda.
“ALFA DEVELOP INVEST”kompaniyasi va uning vorisi sanalgan “STRONG EDIFO‘C” qurilish shirkati faoliyati yuzasidan yozmoqdamiz. “ STRONG EDIFICE” qurilish shirkati 6 ta hududda 9 va 12 qavvatli uylarni qurishni boshlab, yuzlab odamlardan katta miqdorda mablag‘ olgan, lekin uylar 2-3 yildan beri topshirilmayapti. Masalan, Chilonzor tumani 23-massiv 16-markaziy shifoxona yonida, “River” kompleksi orqasida, Yunusobod tumani 8- va 16-massivlarda, Yangihayot tumanida qurilayotgan ko‘p qavatli uylar oxiriga yetkazilmagan.
Joriy yil 29 yanvar kuni “ ALFA DEVELOP INVEST ” kompaniyasi ta'sischisi A.H. Yunusobod tumani 8-massivda qurilayotgan ko‘p qavatli uylarga to‘lov qilgan xonadon egalari bilan uchrashganida, qurilish to‘xtab qolishida hukumatni ayblagan. Uning da'vosi qanchalik to‘g‘ri?
Yunusobod tumani 8-massivdagi ob'ektning qurilish ishlari bir qismi fevralda to‘liq nihoyasiga yetishi va kommunikatsiya ishlari amalga oshirilishi bo‘yicha bayonnoma rasmiylashtirilgan. Lekin mart oxirlab borayotgan bo‘lsa ham kommunikatsiya ishlari o‘z holiga tashlab qo‘yilgan.
Nega aholi o‘zi mehnat qilib topgan pulini ishonchsiz shaxslarga qo‘shqo‘llab topshirishi kerak? Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi hech bo‘lmaganda har yili belgilangan muddatlarda topshirmagan qurilish kompaniyalari ro‘yxatini e'lon qilsa bo‘ladi-ku! Shunda aholi yetti marta o‘lchab, keyin qaysi kompaniyadan uy olishga qaror qabul qilar edi. Vakolatli idoralar holatni nazoratga olishini so‘raymiz” deya yozadi o‘z haqini talab qilayotgan Eltuz obunachisi.
Keyingi murojaat Samarqanddan. Samarqand viloyati Urgut tumani Jozmon qishlog‘i ahli chiroq, gaz, yo‘l, maktab va bog‘cha muammolari yuzasidan ko‘mak kutmoqda.
Keyingi murojaat ham Samarqanddan. Toyloqda na saharlikda, na iftorlikda chiroq bor…
«Assalomu alaykum, men Samarqand viloyati Tayloq tumanidan murojaat yo'llayapman.
Biz Tayloq tuman markazida istiqomat qilamiz, shu markazda ham elektr energiya yo‘q, bu nima gap? Mutasaddilar qaerga qarayapti?
Elektr energiya ta'minoti korxonasining telefoni o‘chirilgan, hokimiyatda nomiga shtab tashkil qilingan, lekin u yerga telefon qilsangiz hech kim ko‘tarmaydi.
Yoshi keksalar bor, na saharlikda chiroq bor, na iftorlikda chiroq bor.
Salgina yomg‘ir yog‘sa, yoki salgina shamol bo‘lsa tamom, 4,5 kunlab chiroq bo‘lmaydi. Bu oddatiy holga aylanib bo‘ldi, tuman hokimimizdan shuni nazoratga olishini iltimos qilib qolamiz!!!!» deya yozmoqda Eltuz portaliga toyloqliklar.
Va bu sizning e'tiboringizga bugun havola etganimiz beshta murojaatning so‘nggisi edi.
Yana bir bor eslatamiz, eltuz portali telegram kanalida alohida sahifa shaklida ochilgan. U erga xatlarni qabul qilish uchun maxsus bot o‘rnatilgan. Eltuz kelayotgan shikoyatlar, videomurojaatlar, takliflar va ularga yozilgan javoblarni ham e'tiboringizga taqdim etishga intiladi. Kanallarimizga obuna bo‘ling. Agar ko‘rsatuvimizni qo‘llab quvvatlamoqchi bo‘lsangiz raxmat tugmachasini bosing. Sog‘ bo‘ling.