Kasb etikasini talab qilgan vazirga javob
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri matbuot kotibi – axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi Jamoliddin Qalandarov Eltuzni yoki unda chiqqan maqolalarni tilga olmasdan, ammo ishoralar bilan Eltuzga, ta'bir joiz, zahrini sochibdi.
“Xo‘sh, endi ochiq aytadigan bo‘lsam, telegramda kanal ochib, hech qanday talablarga javob bermasa-da o‘zini “OAV” sifatida ko‘radigan ayrim “sariq” kanallarning har hafta “yo‘qlab” turishi odamning asabiga tega boshladi,” deya Eltuzning Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri haqida chiqqan tanqidiy postlariga javob berganday bo‘ladi Jamoliddin Qalandarov.
“Sizlarni o‘qitgan ustozlar aytishmaganmi, faktlarni tekshiring, tarqatayotgan axborotingiz ishonchli bo‘lsin, yolg‘on ma'lumot bo‘lib kimningdir obro‘siga putur yetkazib qo‘ymang, tuhmat xabarlar bo‘lmasin, uni tarqatmang, demaganmi?” deya o‘zicha jurnalistik etikadan saboq berganday bo‘ladi jurnalistikada 18 yillik stajga ekanligini pisanda qilgan matbuot kotibi.
Erinmaganlar uning “slovesnыy ponos»ini mana bu havola orqali o‘qib olishlari mumkin.
Albatta, Eltuzga javob yozish Jamoliddin Qalandarovning o‘zidan emas, bunday topshiriq shaxsan vazir janoblarining o‘zidan chiqayotganini taxmin qilish mumkin. Ammo, matbuot kotibi tosh otdimi, javobini ham chidab eshitsin.
Gap bundoq Jamoliddin Qalandarov!
Eltuz vazir Behzod Musaevning shaxsiy hayotini muhokama qilmadi – o‘lgan buvisi, yoki bola-chaqasini qarg‘amadi. Zero biz qarg‘ashni Dok 1 Maks sababli nobud bo‘lgan 65 bolaning ota-onasiga havola qildik. Hozir gap Behzod Musaevning korruptsion harakatlari haqida.
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi ta'mirtalab bo‘lmagan bir binoning remonti uchun 5 million dollarni tuya qilganini qanday inkor qiladi? Harajatlar smetasini taqdim qiloladimi?
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi ishchilarining daromadini mygov.uz saytidan tekshirib olish mumkin.
Mo‘may oylik va rag‘batlantirish faqat bir guruh xodimlarga yozilgan. Buning nimasi tuhmat?
Behzod Musaev Sog‘liqni saqlash vaziri bo‘lgan davrda Dok1 Maks dan zaharlangan qorako‘zlar haqida ham Eltuz uydirma to‘qiganmi?
Agar shu fojia Yaponiyada yuz berganda sog‘liqni saqlash vaziri tiz cho‘kib, Xalqdan uzr so‘rardi. Nomusiga chidolmasdan hovlisining chetida o‘zini xarakiri qilardi. Bizda esa Behzod Musaev bet nimayu, ket nima deb, boshqa vazirlikda qo‘nim topdi.
Kambag‘allikni qisqartirish kerak, qashshoqlarimiz juda ko‘p deb tan olib turgan yurt uchun 5 million dollar pulni foydalanishga tayyor bir binoning remontiga sovurish – bu yumshoq aytganda uvol, qattiq qilib aytganda jinoyat emasmi?
Korruptsiyaga botgani kundek ravshan vazirlik bugun o‘g‘rilikni fosh qilgan Eltuzni ayblayapti.
Absurdning eng yuqori cho‘qqisi – Vatanni sotib, yeb-bitirayotgan, kamiga Dok1 Maks ishida suvdan qup-quruq chiqqan Behzod Musaev va uning komandasi Eltuzga jurnalistlik etikasidan saboq beryapti.
Yuzing parallelepiped bo‘lsa ko‘zgudan o‘pkalama. Eltuz Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligidagi nohaqliklarga ko‘zgu tutishda davom etadi. Kanalimizga obuna bo‘ling, videolarimizga layk qoldiring.