Asosiy mavzular
9 iyul 2024

Urush talofati, afg‘onning havfli ichimligi va jazolangan mulozim – 600’58

Rossiyaning urushdagi talofati, Afg‘onistondan keltirilayotgan havfli ichimlik, Xalq puli degan tushuncha yo‘qligini aytgan o‘zbek mulozimiga ko‘rilgan chora va bu 600 sekund.

Ukrainaga hujumi natijasida Rossiya va G‘arb mamlakatlarining munosabatlari keskinlashgani ma'lum. Shunga qaramasdan AQSh va Rossiya orasida strategik jihatdan muhim bo‘lgan maxsulotlar savdosi davom etmoqda. 2024 yilning may oyida AQSh Rossiyadan 209 million aqsh dollariga boyitilgan uran sotib oldi. Eksport hajmi 91 ming tonnani tashkil etdi. Bu 2023 yil mart oyidan beri kuzatilgan eng yuqori ko‘rsatkich bo‘ldi. AQSh umumiy hajmda 987 million aqsh dollarga Xitoy, Frantsiya va Rossiyadan boyitilgan uran sotib olgan. Eslatib o‘tamiz MDH davlatlari miqyosida O‘zbekiston boyitilgan uran qazib olish bo‘yicha etakchilardan hisoblanadi.

+++

1979 yilda Eronda yuz bergan Islom revolyutsiyasidan keyin mamlakatda ilk bor turkiy prezident saylandi. Masud Pezeshkiyonning kelib chiqishi ozarbayjonlik, turkiy shialarga borib taqaladi. Pezeshkiyan 2013 yilda ham prezidentlik sayloviga o‘z nomzodini qo‘ygan – keyinchalik saylovda qatnashish istagidan voz kechgan. 2021 yil prezidentlik saylovida komissiya uning nomzodini rad qilgan edi. Eronning yangi prezidenti mo‘'tadil reformator ekanligi bilan Raisiydan farq qiladi. Pezeshkenyan 53% ovozlar bilan saylovda g‘olib bo‘ldi.

+++

Qrimning Vinogradnoe qishlog‘ida gaz quvuri portlatildi. Rossiya favqulodda vaziyatlar vazirligining xabar berishicha portlashdan keyin olov 4200 m2 o‘rmon hududiga yoyildi. Olovni o‘chirish uchun 90 nafar o‘t o‘chiruvchi va 26 texnika jalb qilingan. Rossiya matbuoti portlashdan qishloq aholisi jabrlanmaganini bildirmoqda.

+++

Ukrainaning Nikolaev shahrida yashovchi erkak rus armiyasi bilan kollobarantlik qilgani uchun 15 yilga qamalishi mumkin. Erkak o‘z mashuqasidan rad javobini olgach, uning manzilini rus armiyasiga etkazib, uyini raketa zarbasida portlatishini aytgan. Ayol bu tahdidni jiddiy qabul qilmagan, biroq kollaborant chindan ham Rossiya agenti sifatida uning manzilini rus armiyasiga jo‘natgan. Hozirda ukrainalik sotqin sud hukmini kutmoqda.

+++

Rossiya urush qurollari uchun qancha pul sarflaydi? Kuzatuvlar natijasiga ko‘ra, AK 630 quroli uchun har bir snaryad narxi 3500 rubl.

Tankka qarshi granata narxi 8500 rubl, podkaliber snaryadi 30000 rubl, 152 millimetrlik gaubitsa snaryadi 64 ming rubl, Tornado G tizimi uchun bir dona raketa 1 million rubl, Krasnopol snaryadining bir donasi 2,5 millon rubl, Shahed 136 dronlari narxi 4,5 million rubl, «Smerch» tizimi uchun bir dona raketa 5 million rubl, Tochka U kompleksi uchun bir dona raketa 27 million rubl, X22 rusumidagi qanotli raketalarning donasi 90 million rubldan, Iskander kompleksi uchun bitta raketa 270 million rubl, Kalibr raketasi 586 million rubl ekanligi ma'lum bo‘ldi. Urush cho‘zilarkan, Rossiya g‘aznasi bu xarajatlarni yana qancha muddat ko‘tara olishi mavhumligicha qolmoqda.

+++

Ukraina Bosh prokurori Andrey Kostinning xabar berishicha Rossiya urush boshlangandan buyon kamida 61 nafar harbiy asirni qatl qilgan. Asirlar insoniylikka zid sharoitlarda saqlanmoqda, ular ochlik va tibbiy yordam yo‘qligidan aziyat chekmoqda. Shuningdek, askarlar ukrain tilida so‘zlashgani uchun ham ayovsiz kaltaklanadi. Umumiy sonda 2200 nafar ukrain askari asir tushgan. Ulardan 500 nafari elektr toki bilan qiynoqqa solingani haqida ma'lumot berishgan. Asirlar almashinuvi oxirgi marta 31 mayda amalga oshirilgan. Ukrainaga qaytarilgan 75 askar orasida Chernobel AESi qo‘riqchisi Roman Gorilok ham bor. Roman urushda qatnashmaganiga qaramasdan 2 yil davomida Rossiya tutqinida qolgan. Xalqaro qizil hoch tashkiloti vakillari undan biror marta xabar olmagan. Rossiya tashqi ishlar vazirligi ozib ketgan Romanning fotosuratlari haqida hech qanday munosabat yoki izoh bildirmadi.

+++

Ukraina urushidan qaytgan askar Yekaterenburgda nafaqadagi qariya qo‘shinisining boshini bolg‘a bilan urib, tepkiladi. Urush qahramoni bu razillikni qilayotganda baribir unga hech qanday chora ko‘rilmasligini aytib baqirgan. Voqeaga qariyaning 11 yashar nabirasi guvoh bo‘ldi. Politsiya sobiq askarni voqea joyidan olib ketgan, biroq chindan ham, qonuniy chora ko‘rishga hech qanday asos yo‘qligini bahona qilib qo‘yib yuborgan. Rossiya tobora hech bir qonun ishlamaydigan mamlakatga aylanmoqda.

+++

Sankt Peterburgda o‘tkazilgan xalqaro iqtisodiy forumga Tolibon hukumati vakillari tashrif buyurdi. Shahar gubernatori Beglov toliblar bilan suxbatda bu tashrifdan mamnunligini bildirdi. Tolib hukumati vakillari forumda Rossiya va boshqa mamlakatlar bilan iqtisodiy aloqalarni kuchaytirish rejalari haqida gapirgan. Tolibon hukumati dunyoning ko‘plab rivojlangan mamlakatlari tomonidan terroristik hukumat deya e'tirof etilgan.

+++

The Economist nashri AQSh mudofaa vazirligi taqdim etgan ma'lumotlar asosida Rossiyaning urush qurbonlari sonini ma'lum qildi. 2024 yil iyun holatiga ko‘ra 462 mingdan 728 minggacha askarlar o‘lgan yoki og‘ir tan jarohati olgani ta'kidlanmoqda. Urush shu sur'atda davom etsa Rossiya harbiylari orasida qurbonlar soni 1,5 milliondan 5 millionga etishi taxmin qilinmoqda.

+++

3 iyul kuni Shavkat Mirziyoev Ostonaga borib Xitoy raisi Si Jin Pin bilan uchrashdi. Mintaqa mamlakatlari rahbarlari bilan uchrashuv Shanxay hamkorlik tashkiloti plyus doirasida bo‘lib o‘tdi. Rasmiylar ushbu uchrashuvlarda hamkorlik aloqalari, savdo-sotiq va investitsiyalar haqida suhbat olib borilgani haqida xabar bermoqda.

+++

Afg‘onistondan keltiriladigan Royal ichimligi inson salomatligi uchun o‘ta xavfli ekaniligi haqida qirg‘iz matbuotida xabar tarqaldi. O‘zbekistonliklar orasida mashhur bo‘lgan Golden life brendining gazlangan anor ichimligini Qirg‘iziston do‘konlarida sotish taqiqlanmoqda. Ma'lum bo‘lishicha, ichimlik tarkibida Azorubin E 122 bo‘yog‘i mavjud bo‘lib, u bolalarning faolligi va diqqatini jamlashiga salbiy ta'sir ko‘rsatishi mumkin. Shu munosabat bilan Qirg‘iziston Sog‘liqni saqlash vazirligining tegishli buyrug‘i asosida aholi salomatligini muhofaza qilish maqsadida ushbu mahsulotlar do‘kon peshtaxtalaridan olib qo‘yilmoqda. O‘z navbatida, chakana savdo tarmoqlari rahbarlariga ushbu mahsulotlarni sotishni taqiqlash bo‘yicha tegishli buyruqlar beriladi.O‘zbekistonda esa bu ichimlik hali xamon do‘kon rastalarda sotilmoqda. Tarkibi, xususiyatlari bo‘yicha rasmiylar tomonidan ma'lumot berilgani yo‘q.

+++

Qashqadaryo viloyati adliya boshqarmasi rahbari Salohiddin Nurievga hayfsan intizom chorasi qo‘llanildi. Adliya vazirligi e'lon qilgan bayonotga ko‘ra, bunga uning matbuot anjumanida aytgan so‘zlari sabab bo‘lgan. Amaldor OAV vakillari bilan uchrashuvda «xalq puli» degan tushuncha yo‘qligi, byudjet mablag‘i «davlat puli» ekanini aytib chiqqan edi. Shuningdek, Nuriev davlat xodimlarini muhokama qilish borasida ham bahsli fikr bildirgan. “O‘rganish yakunlari boshqarma boshlig‘i yuqoridagi fikrlarini jamoatchilikka etkazishda qonunchilikka tayanmaganini, asosli va tahliliy yondashmagani, ayrim o‘rinlarda shaxsiy qarashlaridan kelib chiqib tushuntirish berganligini ko‘rsatdi. Shu bilan birgalikda viloyat adliya boshqarmasi mazkur matbuot anjumanidagi videoparcha tarqab ketgandan keyin bayonot bermasdan, natijada jamoatchilik munosabatini o‘zgartirish, uni yumshatish choralarini ko‘rishda sustkashlikka yo‘l qo‘ygan» deyiladi vazirlik xabarida.

Bu 600 sekund edi. Ayni soniyalarga kelib Eltuzning Yutub kanali obunachilari soni 640 ming nafardan oshdi. Yonginangizda yuz bergan ammo siz bilmagan voqealardan xabar topmoqchi bo‘lsangiz Eltuzga obuna bo‘ling. Cuper rahmat, super spasibo, super thanks, super tack knopkalarni bosishni unutmang. Sog‘ bo‘ling!

Tag‘in o‘qing
19 noyabr 2018
Shotlandiyaning The Herald gazetasi O‘zbekistonning yirik kompaniyalari ustidan o‘z nazoratini o‘rnatayotgan sirli firma haqidagi navbatdagi surishtiruvini e'lon qildi. «Eltuz» ...
10 oktyabr 2023
Rossiya qamog‘idan jo‘natilgan videoda 25 yashar toshkentlik yigit Shahzod Yusupov Rossiya federal politsiyasi xodimlari unga tuhmat qilib, mashinasiga narkotik ...
18 fevral 2019
Jizzaxning G‘allaorol tumanida yashovchi 30 yashar Akmal Ablokimov Samarqand viloyati Ishtixon tumanida ichki ishlar xodimlari tomonidan tahqirlangani va kaltaklangani ...
20 may 2020
Tadbirkor Jasur Abdurahmonov 14 may kuni mahalliy nashrga bergan intervyusida, «Gulnora Karimovaning turmush qurish taklifini rad etganim sabab bosim ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...