Afg‘onistonda cheklovlar erkaklarga ham yetib keldi
Avval ayollar, yoki, to‘g‘rirog‘i, har doim ayollar edi. Ularning tashqi ko‘rinishi, ta'limi, ijtimoiy hayotiga nisbatan cheklovlar, qo‘rqitish…
Hozir esa Afg‘onistonda Tolibon rejimi tomonidan joriy qilingan g‘alati qonunlar erkaklarga ham ta'sir qila boshladi.
Erkaklar o‘zlariga savol berishyapti: avval gapirishimiz kerakmidi?
Tolibon Afg‘onistonda hokimiyatni qo‘lga kiritganidan keyin uch yil mobaynida ayollar o‘zlarining shaxsiy huquq va erkinliklariga nisbatan cheklovlarga duch kelmoqda. Erkaklar esa shaharlarda nisbiy erkinlikdan bahramand bo‘lib yurishgandi. Hozirgacha….
Ammo, Vashington Postda chiqqan maqolada ta'kidlanganidek, sentyabr oyidan boshlab rejim erkaklarga ham ta'sir qiluvchi qonunlarni qo‘llay boshladi.
Yangi qonunlarga ko‘ra, erkaklar kamida musht uzunlikda soqol qo‘yishlari, nomuslumonlardan tashqi ko‘rinish yoki xulq-atvori bilan farq qilishlari shart – bu jinsi shimlar taqiqlanganini anglatadi. Shuningdek, islomiy qonunlarga zid bo‘lgan soch turmaklarini ham qilish mumkin emas. Endi erkaklarning o‘z xotini yoki yaqin qarindoshlaridan boshqa ayollarga qarashi ham man qilingan.
Natijada ko‘plab odamlar soqol qo‘yishmoqda, namoz gilamchalarini olib yurishmoqda va jinsi shimlarini uyda qoldirishmoqda.
Bu birinchi jiddiy cheklovlar Afg‘onistonda ko‘pchilikni hayratga soldi. Erkaklar ovozi ayollarnikidan ko‘ra kuchliroq bo‘lgan jamiyatda, ayrimlar endi xotin-qizlar erkinligini himoya qilish kerak edi, deb afsuslanishmoqda.
«Erkaklar ovozini ko‘targanida, vaziyat boshqacha bo‘lar edi», deydi Qobulda yashovchi bir shaxs. «Hozir barcha soqol qo‘yyapti, chunki biz xo‘rlanishni istamaymiz,» deydi u.
Tolibonning erkaklarga nisbatan yangi qoidalari, albatta, ayollarga qo‘yilgan cheklovlardan ancha yengil. Ammo «diniy axloq nozirlari» so‘nggi to‘rt haftalarda erkaklarni namozga borib bormaganini tekshirmoqda. Hukumat xodimlari soqol qo‘ymasliklari tufayli ishdan haydalishdan qo‘rqishmoqda, va ba'zi sartaroshlar soqol olishdan bosh tortmoqda. Taksi haydovchilari esa yo‘lda to‘xtatilib, mashinada yolg‘iz ayollarni tashigani yoki musiqa eshitgani uchun jarimaga tortilmoqda.
Yangi qonunlar politsiyaga uch kungacha gumonlanuvchilarni hibsda saqlash vakolatini beradi. Jiddiy holatlarda sudga oshirilishi mumkin. Ba'zi huquqbuzarliklar uchun jazo qamoq yoki jarima, og‘irroq hollarda esa toshbo‘ron qilish yoki darralash bilan jazolanishi mumkin.
Afg‘oniston sharqidagi yashovchi Amir bu cheklovlardan so‘ng Tolibonni qo‘llashdan voz kechganini aytadi.
«Biz hammamiz musulmonmiz, majburiyatlarimizni bilamiz. Lekin bizga nisbatan zo‘ravonlik qo‘llanishiga jim qarab turmaymiz,» deydi u.