Rossiyaga AQSh raketalari zarbasi va baxmallik kelin – 600’77
Ukrainaga Rossiya hududlarini yakson qilishga rasman izn berildi. Rossiyada oziq-ovqat narxlari oshdi. Shvetsiyadagi avtoshirkatga shohdor bug‘u hujum qildi. Jizzaxlik kelin o‘z qaynonasini o‘lasi qilib urdi va bu 600 sekund…
Rossiyada oziq-ovqat narxlari bir yil ichida 50-100% ga oshdi. Kelgusi yilda ularning yanada ko‘tarilishi kutilmoqda. Garchi Rossiya Markaziy banki rasmiy inflyatsiyani 8,4 foiz deya ko‘rsatayotgan bo‘lsada, rublning qadrsizlanishi davom etmoqda.
+++
Ukraina ilk bor Rossiya hududlariga AQShning uzoq masofali ATASMS raketasi bilan zarba berdi. Ukrainadan 130 km uzoqda joylashgan nishon, okkupatsiyani ta'minlayotgan 1046 harbiy baza yakson qilindi. Bu haqda RBK agentligi xabar bermoqda. AQSh ma'muriyati Ukrainaga uzoq masofali raketalaridan Rossiya hududini nishonga olishga rasman ruxsat berdi. Bunga javoban Rossiya harbiylari Ukraina hududiga eng yirik havo hujumlarini uyushtirdi. Hujumda 120 raketa va 90 ta dron ishlatilgan.
+++
Rossiyaning Udmurt o‘lkasiga Ukraina dron bilan ilk zarbani berdi. Mamlakat rahbari Aleksandr Brechalovga ko‘ra, Ijevskdagi zavod sexiga zarba berilgan. Bu zavod sexi Rossiya mudofaasi uchun dronlar ishlab chiqarishga mo‘ljallangan edi.
+++
Ukraina mudofaasi oxirgi texnik yangiliklardan samarali foydalanmoqda. Dronlarga o‘rnatilgan mushtdek kompyuterlar nishonni maksimal darajada aniq belgilaydi va GPSni bloklovchi uskunalarga qarshi harakatlanadi. Kichik kompyuterlar yordamida dronlar to‘liq avtonom ravishda uchadi. Bu yangi texnika yirik sonlarda ishlab chiqarilib frontga yetkazilmoqda.
+++
Ukrainaning yadroviy qurollarga egalik qilish maqomini tiklash masalasi kun tartibiga chiqmoqda. Roppa-rosa 30 yil ilgari, Ukraina jumladan O‘zbekiston ham Rossiya va AQSh bosimi ostida, o‘zining yadro arsenaliga egalik qilish maqomidan voz kechgan edi. Bu vaqtga qadar Ukraina 3000 dona taktik yadro quroli, 176 ballistik raketa, 30 yoki 43 dona strategik bombardimon uchoqlariga ega edi. Oradan 30 yil o‘tib Rossiya Ukrainaga hiyonatkorona bostirib kirdi. Bugun o‘sha davrda Budapeshtda tuzilgan qaror keng omma muhokamasiga sabab bo‘lmoqda.
+++
Ayni paytda Rossiya armiyasi Kursk viloyatini egallashga astoydil urinmoqda. So‘nggi hujumda okkupantlarning 17 ta harbiy texnikasi minalar vositasida yo‘q qilindi.
+++
Islomiy sultonlik futbolchilari Rossiya jamoasi bilan o‘tgan matchdan so‘ng striptiz klubda vaqtichog‘lik qilishdi. Bruney va Rossiya terma jamoalari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuv 11:0 hisob bilan Rossiya foydasiga hal bo‘ldi. Shundan so‘ng Rossiya Bruney jamoasining yo‘lkira va boshqa harajatlarini qoplash uchun 100 ming AQSh dollari to‘ladi.
+++
Rangli metal bozoridagi narxlar keskin pasaydi. Jahon miqyosida oltin, kumush va platina narxlari 5 foizga pasaygan. Bunday past ko‘rsatkich oxirgi 3 yil davomida birinchi marta qayd etilmoqda. Bu tendentsiya Donald Trampning AQSh prezidentlik saylovidagi g‘alabasidan keyin avj oldi. Saylovdan so‘ng jahon bozorida dollarning pozitsiyasi ham ko‘tarildi.
+++
Iroq parlamenti qizlar uchun nikoh yoshini 9 yosh deb belgilashni rejalamoqda. Parlament vakillarining ta'kidlashicha, yangi qonun shariat talablariga mos. Unga ko‘ra 9 yashar qiz bilan jinsiy aloqa qilish mumkin bo‘ladi. Iroqlik aksariyat xotin-qizlar, ota-onalar bundan norozi. Ular 9 yashar qizini erga berishni istamaydilar. Ularning fikricha, jinsiy aloqa uchun rozilikka 9 yosh chegarasini belgilash mamlakatda pedofilizmga izn berilganini anglatadi.
+++
Rostex shirkati rahbari Chemezov, Rossiya Boing va Eyrbas shirkatlari bilan raqobat qilishga qodir deya bayonot berdi. Garchi joriy yil davomida Boing 400 ta samolet ishlab chiqardi, Eyrbas esa yil davomida 770 samolyot chiqardi. Rossiya 2024 yilning noyabr oyiga qadar birorta uchoq ishlab chiqarmagan. Rossiyada samolyotsozlik sohasining cho‘kishiga G‘arb sanktsiyalari sabab bo‘lmoqda.
+++
Germaniyada Rossiya muxolifati urushga qarshi namoyish o‘tkazdi. Oq, zangori ranglardagi bayroq va Ukrainani qo‘llab quvvatlovchi plakatlar ko‘tarildi. Qatnashchilar germaniya hukumatidan Ukrainaga qiruvchi samolyotlar berishni talab qilishdi.
+++
Urush fahriylari Rossiya ichida ham qotilliklarini davom ettirishmoqda. Ukraina urushida qatnashib Rossiyaga qaytgan qahramon askar uysiz, ko‘p qavatli uy zinasi ostida yashab kelayotgan edi. Ulfati bilan aroq ichib o‘tirib u janjal qo‘zg‘agan. Oqibatda zina tagidagi uning joyiga da'vo qilgan ulfatini vagnerchi askar qo‘ltiqtayoq bilan urib o‘ldirgan. Urush qahramoni 8 yilga qamaldi.
+++
Rossiyaning tan olinmagan Abxaziyada prezidentga qarshi namoyishlar o‘tmoqda. Mamlakat prezidenti Aslan Bjaniya Suxumidagi namoyishni davlat tuzumini ag‘darishga urinish deb atadi. Prezident muddatdan oldin saylov o‘tkazib, unga o‘z nomzodini qo‘yishni rejalagan edi. Mamlakat muxolifati esa prezident sifatida Moliya vaziri Vladimir Delbani saylashni istamoqda.
+++
Rossiya deputati, rus ayollaridan bachadoni dosh berguniga qadar tug‘ishni talab qildi.
«Rojat, poka rojalka rabotaet» dedi deputat Aleksandr Iltyakov. Urush sababli reproduktiv yoshdagi aholi soni keskin kamaygan. Armiyaga zambarak go‘shti rejasi ayrim hollarda Markaziy va Shimoliy Koreya orqali hal qilinmoqda. Ayni sharoitda mamlakatda chayldfri taqiqlangan.
+++
Netflix tarmog‘i kinolarni rus tiliga tarjima qilish va subtitr qo‘yishdan voz kechdi. Shu bilan birga Netflix ukrain tilidagi tarjimani joriy qildi. Chunki rus tili bosqinchi Rossiyaning agressiya quroliga aylantirilgan. Bundan avval postsovet hududidagi taniqli qo‘shiqchi Layma Vaykule ham rus tilida gapirishdan voz kechganini bildirgan edi.
+++
Pokiston shariat kengashi VPN bilan to‘siqlarni aylanib o‘tib kontentga bog‘lanishni shariatga zid harom amaldur deya fatvo chiqardi. Fatvo va bu yuzadan bayonot Pokiston hukumatining VPN tizimlarini davlat media-regulyatorida majburiy qayddan o‘tkazish qarori ortidan ochiqlandi. Pokiston oydinlari ularning qaysi kontentga kirishini davlat onlayn-ko‘rib tekshirib o‘tirishini tsenzura va so‘z erkinligiga qarshi deb hisoblaydi.
+++
O‘zbekiston parlamentining ilk yig‘inida so‘zlagan Prezident Mirziyoev majburiy tibbiy sug‘urta joriy qilinishini aytdi. Prezident har yili yurt million kishiga ko‘payib yotgani va ularga uy qurish uchun yer berilaversa, ekinni qaerga ekamiz degan problema chiqishini ham aytib o‘tdi.
+++
Jizzaxlik kelin qaynonasini o‘lasi qilib urdi. 10 noyabr kuni kechasi soat 19:00 da Jizzax viloyati Baxmal tumani Nurobot mahallasi Bunyodkor ko‘chasi 146-uyda yashovchi O‘taeva Lolani o‘z kelini Suvonova O‘g‘iloy ayovsiz kaltakladi. Qaynona O‘smat shaharchasidagi bannisaning jonlantirish bo‘limida yotibdi. Kelin Suvonova O‘g‘iloy uydagi 20 million so‘mni olib chiqib ketgani aytilmoqda.
+++
Shvetsiyadagi avtoshirkat garajiga bug‘u hujum qildi. Shoxdor hayvon garajdagi bir nechta BMW mashinalariga ziyon yetkazgan. Zararning umumiy qiymati 20 ming dollar deb baholandi. Sho‘xlikni amalga oshirgach, bug‘u tinchgina o‘z shaxsiy ishlarini davom qildirish uchun o‘rmonga qarab ketgan. Hech kim shohdor bug‘uning mushugini pisht demadi. Shvetsiyada har qanday hayvon davlat tomonidan qattiq himoya qilinadi, u qizil kitobga kiritilmagan bo‘lsa ham.
…va bu 600 sekund edi. Ayni paytga kelib Eltuzning yutub kanalidagi obunachilari soni 692 mingdan oshdi. Yonginangizda yuz bergan ammo siz bilmagan voqealardan xabar topmoqchi bo‘lsangiz Eltuzga obuna bo‘ling. Agar kanalimizni qo‘llab quvvatlamoqchi bo‘lsangiz, sponsorlik tugmalarini bosing. Sog‘ bo‘ling!