Qarzga botgan Rossiya va sanktsiyalarga yuz tutayotgan o‘zbeklar – 600’85
Amerikada yong‘in, Rossiyaning qarzi 415 milliard dollardan oshdi, O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingan Ulug‘bek Shodmonovga tegishli shirkat Rossiyaga qarshi sanktsiyalarni chetlab o‘tishda ayblanmoqda. Va bu 600 sekund.
7-yanvar kuni Los Anjelesda boshlangan o‘rmon yong‘inlari bir necha kun davom etib taxminan 12 ming binoga talofat yetkazdi. Umumiy hisobda jami 180 ming kishi evakuatsiya qilindi. Qurbonlar soni 24 nafarga yetdi. Yong‘in shaharning Iton va Palliseyds tumanlariga jiddiy zarar bergan.
+++
Germaniyaning amaldagi kantsleri Olaf Sholtsning kantslerlikka nomzodi tasdiqlandi. Nomzodni Sotsial demokratik partiya ilgari surdi. Olaf Sholts Berlinda partiya qurultoyida nutq so‘zlab oyliklarni ko‘tarish, ijtimoiy himoyani yaxshilash va ksenofobiyaga qarshi kurashishini ma'lum qildi. “Putin armiyasi Ukrainaga bostirib kirdi. Lekin Germaniyaning ayrim partiyalari Kremlning safsatalarini yoyib yuribdi” dedi Sholts. Shu so‘zlarni aytgan kantslerning o‘zi Ukrainaga 3 milliard yevro yordam paketini bloklab qo‘ygani jamoatchilikni hayron qoldirmoqda.
+++
Ayni paytda Germaniyaning ultra o‘ng hisoblangan “Germaniya uchun alternativa” partiyasi nomzod sifatida Alisa Vaydelni ilgari surdi. Ushbu partiya ilk marodaba Bundestag kantslerligiga o‘z nomzodini ko‘rsatmoqda. Alisa Beydel o‘z nutqida “Ukrainadagi eskalatsiyani to‘xtatish kerak. Putin va Trampning uchrashuvi urush to‘xtashiga yaxshi ishora bo‘lishi mumkin” dedi. Shuningdek, nomzod Alisa Vaydel “Shimoliy oqim”dan Rossiya gazini import qilish zarurati haqida gapirdi.
+++
Boris Jonson Putinni uyat so‘z bilan so‘kib haqoratladi. Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vaziri estoniyalik jurnalistga intervyu berar ekan “Kremlning harakatlari arxaik va yovvoyi. Hozir imperiyalar yo‘q. Estoniya, Latviya, Litva va Ulraina mustaqil davlatlar. Ular Rossiya imperiyasining vassal emas. Putin, hammasi tugadi. Miyyasi suyuq bo‘qqa aylangan ahmoq, imperiya degan narsa allaqachon yo‘q endi” dedi.
+++
Amerikalik kongresmen O‘zbekistonning tsement qiroli bo‘lgan Ulug‘bek Shodmonov ustidan tergov-surishtiruv o‘tkazishni talab qildi. Ulug‘bek Shodmonov Rossiyaga qarshi sanktsiyalarni chetlab o‘tish va O‘zbekiston Prezidenti sobiq matbuot kotibi Komil Allamjonovga suiqasd qilishda ayblanmoqda. 8-yanvar kuni Birlashgan Arab Amirliklari Ulug‘bek Shodmonovni O‘zbekistonga ekstraditsiya qildi. Ozodlik radiosi taqdim etgan ma'lumotlarga ko‘ra Ulug‘bek Shodmonov Otabek Umarovga yaqin bo‘lgan. Uning ismi “Ofis” masalasi taftishi davomida yuzaga chiqqan edi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning yoz oylarida Otabek Umarovga tegishli Darhondagi ofis tadbirkorlar va yuqori mansabdorlarga bosim o‘tkazishda ayblangan edi. Arman tadbirkor Ovik Mkrtchyanning ta'kidlashicha Ulug‘bek Shodmonov unga “Dmitriy Li va Komil Allamjonovga qarshi kompromat to‘plashni” buyurgan. Rejaga ko‘ra Ovik Mkrtchyanga tegishli GOR investment kompaniyasi va kompaniya direktorlar kengashidagi Mayk Pompeo vositasida Dmitriy Li va Komil Allamjonovga nisbatan AQSh sanktsiyalari joriy qilinishi kerak bo‘lgan. Tadbirkor Ovik Mkrtchyan Dmitriy Li va Komil Allamjonovga tuzoq qo‘yishga rozi bo‘lmagan. Shundan so‘ng tsement qiroli Ulug‘bek Shodmonov arman tadbirkorini o‘g‘irlab ketib 85 kun davomida qiynoqqa solishni buyurgan. Hozirda AQSh kongresmeni Uesli Xant Shodmonov va uning YuJiJi kompaniyasi ustidan tergov-surishtiruv olib borishni talab qilmoqda. Ukrainaning “Mirotvorets” markazi ham Ulug‘bek Shodmonovga nisbatan sanktsiya qo‘llash talabi bilan chiqdi. Ulug‘bek Shodmonovning YuJiJi shirkati Rossiyaga qo‘yilgan sanktsiyalarni chetlab o‘tishda ayblangan.
+++
Ukraina harbiylari Kursk viloyatida ilk marotaba Shimoliy Koreya askarlarini asirga olishdi. Ikki askar ham tirik, ular Kievga yetkazildi. Hozir askarlarni Ukraina maxsus xizmati so‘roq qilmoqda. Ukraina xavfsizlik xizmati spikeri Artyom Dexterenkoning ta'kidlashicha, asir askarlar rus, ingliz, ukrain tillarini bilmaydi. Bir askar yonidan rus ism familiyaga berilgan harbiy bilet chiqqan. Ikkinchi askarda esa hech qanday hujjat bo‘lmagan. So‘rovda ularning ikkovi ham harbiy o‘quv mashqlarga ketayotganini, urushdan bexabar bo‘lishganini bildirishgan.
+++
Rossiya Afg‘oniston orqali Janubiy Osiyoga gaz eksportini yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda. Bu haqida 11 yanvar kuni Afg‘oniston milliy televideniesi mamlakatning Savdo va sanoat vazirligiga tayanib xabar berdi. Shu o‘rinda bu gaz tranziti O‘zbekiston orqali o‘tadimi, bu gaz O‘zbekistondan olinayotgan va Rossiyaga eksport qilinayotgan gaz bo‘ladimi degan savollar paydo bo‘ladi. Hozircha bunga javob yo‘q. Chunki hukumat O‘zbekistonning gaz eksportidan olayotgan daromadini ochiqlamaydi.
+++
13 yanvar kuni Rossiyaning Tula viloyati markazida harbiy gospital yonib ketdi. Gospital yaqinida Tula Imperatorlik qurol zavodi va Tula kremli joylashgan. Olov butun gospitalga tarqalib, binoning tom qismi qulagan. Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra qurbonlar yo‘q, 57 kishi evakuatsiya qilingan.
+++
Jast stop oil harakatining eko faollari Charlz Darvin qabrini tahqirlashdi. Faollar marmar qabrtoshiga 1,5 DEAD deb yozishdi. Bu yozuv sanoatlashuvgacha bo‘lgan davrdan boshlab to hozirgi davrgacha yer yuzidagi harorat 2024 yilda ilk marotaba 1,5 gradusga ko‘tarilganini anglatadi. “Biz 1,5 gradus chegarasidan o‘tdik. Biz oltinchi bor ommaviy qirilib ketish xavfi qarshisida turibmiz. Darvin buni bilsa go‘rida tik turgan bo‘lar edi” dedi ekofaollardan biri. Mahalliy politsiya qabrga zarar bergan ayollarni qo‘lga oldi. Restavratorlar qabrtoshni tiklashga kirishishdi.
+++
Morgan Stanleyning sobiq bankiri Kreyg Kennedi Rossiyani moliyaviy inqiroz kutayotganini ma'lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra 2022 yil yarmidan boshlab Rossiyaning korparativ qarzi 71 foizga o‘sgan va $415 mlrd dollardan oshgan. Financial times mutaxassisi Martin Sandbu Rossiyaning harbiy iqtisodiyoti omonat qarta uyni eslatadi dedi. Aksariyat kreditlar harbiy sanoatga yo‘naltirilgan. Bu esa yaqin kelajakda kredit inqirozi yuzaga kelib, vaziyat nazoratdan chiqib ketishini anglatadi.
+++
Varshavada “Putin” nomli film namoyishi bo‘lib o‘tdi. Mahalliy matbuot filmni tanqid qilmoqda. Rejissyor esa film Rossiya maxsus xizmatini qiziqtirib qo‘ydi dedi. Polshalik Patrik Vegining “Putin” nomli filmi katta ekranlarga chiqdi. Tez orada film o‘nlab davlatlar telekranlarida namoyish etiladi. Virtual Putin ko‘rinishini yaratishda eng so‘nggi suniy intellect texnologiyalaridan foydalanilgan. Kinotanqidchilar filmga shubha bilan qaramoqda. Rossiya maxsus xizmatlari esa kino ijodkorlarini Linkedin tarmog‘idan qidirib topib ularning har biriga bog‘lanishmoqda. Maxsus xizmat vakillari turli ismlar ostida ijodkorlarga 100 ming dollar taklif qilib kartina skrinerini berishni so‘ragan.
+++
8 yanvar kechasi Rossiyaning Engels shahrida neft bazasi yonib ketdi. Yong‘inni o‘chirish 4 sutka vaqt oldi. Yong‘in Ukrainaning dron hujumi ortidan chiqqan. Mahalliy aholi havo sifati buzilgani haqida shikoyat qilishgan. Biroq gubernator ma'muriyati shikoyat izohlarni o‘chirib yubordi. Saratov va Engelsda favqulodda holat e'lon qilingan. Saratov aeroporti yopilib, maktab o‘quvchilari masofaviy ta'limga o‘tkazildi.
+++
REALBOTIX kompaniyasi odam bo‘yi barobarida ayol shaklidagi robotlarni ishlab chiqardi. Kiber ayol erkin gaplasha oladi, his-tuyg‘ularini ifodalay oladi. Tegajog‘liq qilinsa jahl bilan javob qaytaradi. Taktil jihatdan tirik odamga o‘xshaydi. Robot ayolning narxi 175 ming aqsh dollari deb belgilangan.
+++
Rossiyaning yashirin flotiga tegishli deb gumon qilinayotgan Eventin neft tankeri Boltiq dengizida buksirga olindi. Tanker Rossiyaning Ust Luga punktidan Misr tomon harakatlangan. Sayozlikka kelib qolgan tanker boshqaruvni yo‘qotib Germaniya sohillariga borib to‘xtagan. Eventin bortiga 99 ming tonna neft ortilgani ma'lum bo‘ldi.
Va bu 600 sekund. Ayni paytga kelib Eltuzning yutub kanalidagi obunachilari soni 720 mingdan oshdi. Yonginangizda yuz bergan ammo siz bilmagan voqealardan xabar topmoqchi bo‘lsangiz Eltuzga obuna bo‘ling. Agar kanalimizni qo‘llab quvvatlamoqchi bo‘lsangiz, sponsorlik tugmalarini bosing. Sog‘ bo‘ling!