Rossiya matbuoti yolg‘oni va aroqdan o‘layotgan o‘zbeklar – 600′
Bosqinchi rossiya propagandasi Ukrainaning F16 qiruvchi uchog‘i urib tushirilgani haqida yolg‘on ma'lumot tarqatdi, Myanma isyonchilari hukumatga qarshi jangovor fillardan foydalanmoqchi, Prezident Tramp inagruatsiyasi. G‘azoda otashkesim. Farg‘onada qimorxona katalasi IIB xodimlariga bolta va pichoq bilan hujum qildi. Toshkentda bir erkak yalang‘och sazoyi qilindi. Turkiyada soxta aroqdan o‘lgan o‘zbeklar soni ortdi.
+++
Bosqinchi Rossiya propagandasi shanba kuni Ukrainaga qarshi raketa hujumida Daniyalik F-16 qiruvchi uchog‘ining instruktori o‘lgani haqida ma'lumot tarqatdi. Biroq ushbu xabar feyk bo‘lib chiqdi. Daniya mudofaa vaziri raddiya bildirib, bu yolg‘on ma'lumotlar Daniyani obro‘sizlantirishga qaratilganini ta'kidladi. Hozirga qadar Ukrainada birorta daniyalik askar o‘lmagan.
+++
Myanmada isyonchilar harbiy bo‘linmalarga qarshi kurashda fillardan foydalanishni rejalashtirmoqda. 2021 yilgi davlat to‘ntarilishidan keyin hukumatni harbiy xunta egalladi. Ushbu tuzumdan norozilar harbiylarga qarshi kurashmoqda. Bugungi kunga qadar isyonchilar mamlakat shimolini egallab, to‘liq nazorat qilmoqda.
+++
20 yanvar kuni AQSh prezidenti Donald Trampning inauguratsiyasi bo‘lib o‘tdi. An'anaga muvofiq Prezident qasamyodida sobiq prezident Bayden ham qatnashdi. Vol Street Journal nashrining xabar berishicha, Donald Tramp Xitoyga safar qilishni rejalashtirgan. Donald Tramp o‘z nutqida Ukrainadagi urushni tugatib, uchinchi jahon urushini bartaraf qilishga va'da berdi. Shuningdek, u Jon Kennedi va Martin Lyuter King o‘limi haqidagi arxiv xujjatlarini jamoatchilikka taqdim etishini ta'kidladi.
+++
Eron fors ko‘rfazidagi noma'lum nuqtada yerosti harbiy-dengiz raketa bazasini ochdi. Bu hodisa Dobald Tramp inauguratsiyasidan oldin yuz berdi.
+++
G‘azoda otashkesim rejimi boshlandi. Xamas Isroillik uch asirni ozod qildi. Isroil esa 90 nafar falastinlik mahkumlarni ozod qilishni rejalashtirgan.
+++
Qirg‘izistonda O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan ayol terroristik materiallarni internetda tarqatganlikda ayblanmoqda. O‘sh viloyatida qo‘lga olingan 27 yashar ayol Islom davlati tashkilotiga tegishli ekstremistik materiallarni Tik Tokda tarqatgan.
Kievning bosh maydonida namoyishlar bo‘lib o‘tdi. Namoyish ishtirokchilari urushda qurbon bo‘lgan, bedarak yo‘qolgan yoki Rossiyada asir bo‘lgan askarlarning oila azolari. Namoyishchilar frontdan qaytmagan qarindoshlari haqida ma'lumot berilishini talab qilmoqda.
+++
Suriyaning yangi hukumati Rossiya, Eron va Isroil tovarlari importini taqiqladi. Ushbu mamlakatlarda ishlab chiqarilgan maxsulotlar musodara qilinadi.
+++
2024 yil davomida Rossiya harbiy kuchlari shaxsiy tarkibdan 434 ming kishini yo‘qotgani ma'lum bo‘ldi. Ular orasida 150 ming askar qurbon bo‘lgan, qolganlari bedarak yo‘qolgan, asirga tushgan yoki og‘ir jarohatlangan. Bu son urushning ikki o‘tgan yilidan ko‘ra ko‘proq.
+++
2025 yil 1 fevraldan Qozog‘iston Rossiya chegarasidagi ikkita chegara post punktini yopadi. Alimbet va Sirim punktlari rejali ta'mirlash uchun vaqtincha yopiladi.
+++
Abdusalom Azizov O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi prezidenti lavozimini tark etdi. 22 fevral kuni O‘zbekiston Futbol Assotsiatsiyasining navbatdan tashqari saylov kongressi bo‘lib o‘tadi. Bunga qadar assotsiatsiya prezidenti vazifalari vitse-prezident zimmasiga yuklatiladi. Hozirda bu lavozimda Ravshan Ermatov faoliyat yuritmoqda.
+++
Qirg‘iziston milliy xavfsizlik kengashi raisi Qamchibek Tashiev oliy ta'lim muassalari xodimlari bilan uchrashuvda O‘zbekistondagi Salimboyvachcha mamlakat janubini to‘liq nazorat qilganini bildirdi. «Janubda barcha uyushgan jinoiy guruh yetakchilari, yirik tadbirkorlar, hatto siyosatchilar va parlament deputatlari ham uning oldiga borardi. U aytgan hamma narsani bajarishardi», dedi Shuningdek Qamchibek Tashiev. Shuningdek u hozirda Qirg‘iziston Markaziy Osiyoda, hatto sobiq sovet davlatlari orasida ham uyushgan jinoiy guruh mavjud bo‘lmagan yagona davlat ekanini iddao qildi va mahalliy kriminal avtoritet Qamchi Ko‘lboev «davlat manfaati uchun” yo‘q qilinganini ta'kidladi.
Toshkentda yangi tug‘ilgan chaqaloq ko‘chada sumkada qoldirildi. Chaqaloqni Yangihayot tumani Zarbdor mahallasida bir yo‘lovchi topib olgan. «Men u yerda sut bor deb o‘yladim, lekin keyin sumka qimirlashni boshladi va men bolaning yig‘isini eshitdim. Shu zahoti 102 raqamiga qo‘ng‘iroq qildim,» – dedi guvoh. Voqea joyiga zudlik bilan huquq-tartibot idoralari xodimlari yetib borgan. «Kelganimizda bola yig‘layotgandi. U ko‘rpaga o‘ralgan va oq sumkada yotardi. Biz uning yangi tug‘ilgan chaqaloq ekanini ko‘rdik. Kindigi ham joyida turipti, » – dedi IIB xodimi. Chaqaloqni zudlik bilan tibbiyot muassasasiga olib borishdi. Profilaktika inspektorlarining tezkor harakatlari va ularning professionalligi tufayli bola hayotini saqlab qolishga muvaffaq bo‘lindi.
+++
Uchtepa tumanida hokim yordamchisi 30 ming AQSh dollari miqdorida pora bilan qo‘lga olindi. Hokim yordamchisi shu mablag‘ evaziga tadbirkorga auktsionda yutishda ko‘maklashishni va'da qilgan. Auktsion savdosi do‘kon uchun mo‘ljallangan 210 kv.m. yer maydonini sotuvi uchun tashkillashtirilgan. Hokim yordamchisi ustidan jinoiy ish qo‘zg‘atildi.
+++
Boysundagi “Mustaqillikning 25 yilligi” koni atrofidan suratga olinib yuborilgan videodan ko‘rinishicha, kondan chiqayotgan gaz hududda bir nechta olovli maydonlarni hosil qilgan. Mahalliy aholiga ko‘ra, gaz chiqishi oqibatida yopilgan yirik quduq atrofida o‘nlab tirqishlar paydo bo‘lib, ular yondirib qo‘yilgan.
+++
Navoiyda GAI inspektori 16 yoshli bola boshqaruvidagi mashina urib ketishi oqibatida o‘ldi. 2008 yilda tug‘ilgan bola otasiga tegishli bo‘lgan Kia Sonet mashinasini tungi vaqtda Navoiy shahri hududida davlat raqamisiz, yo‘l harakati qoidalariga amal qilmasdan boshqarib yurgan. Hududda xizmat olib borayotgan inspektor uni to‘xtatmoqchi bo‘lganida bola xodimni urib yuborib, voqea joyidan qochib ketgan. Inspektor Jasurjon Muhammadov 1993 yilda tug‘ilgan, 2 farzandning otasi edi. U ichki ishlar organlari tizimida 2017 yildan buyon ishlab kelgan.
Turkiyada 17 nafar O‘zbekiston fuqarosi kontrafakt spirtli ichimliklarni iste'mol qilish oqibatida halok bo‘lgani haqida Istambuldagi O‘zbekiston bosh konsulxonasi ma'lum qildi. Shu bilan o‘lgan o‘zbekistonliklar soni 17 yanvar holatiga ko‘ra 17 nafarga yetdi. Ularning orasida bir ayol ham bor. Bosh konsulxona ma'lumotlariga ko‘ra, Istambul shifoxonalarida boshqa o‘zbekistonliklar ham davolanmoqda. Ularning uch nafari og‘ir ahvolda. Diplomatik missiya yana bir bor fuqarolarni spirtli ichimliklar iste'mol qilmaslikka va shaxsiy xavfsizlikka alohida e'tibor berishga chaqiradi. Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, Turkiyada surrogat alkogolni iste'mol qilish oqibatida jami 88 kishi zaharlangan, ularning 37 nafari halok bo‘lgan.