Anons
20 may 2024

Tilak Jo‘ra uy-muzeyi kimga kerak?

26-may – Tilak Jo‘rani xotirlash kuniga atab…

Tillaniso

Maktabda o‘qib yurganimda tanlovga qatnashdim. «Zulfiya» ning tuman yo viloyat bosqichi edi ishqilib. 7-sinf bo‘lsam kerak. Mendan Tilak Jo‘ra she'rlarini so‘rashdi. Hayron qarab turdim ha'yatga : kim bo‘lsa bu odam?! Chiqqanimizdan keyin tajribali qizlar aytishdi – qorako‘llik shoir, Qorako‘ldan bo‘lganing uchun ataylab so‘rashdi, yanayam yodlab qo‘y, baribir kerak bo‘ladi!

Xo‘p, dedimu, Tilak Jo‘ra she'rlarini topolmadim. Maktab kutubxonachisi 2 oy degandayam bir yo‘qlab kelmaydi maktabga, zo‘rdan uni ushlab, kutubxonani sarmalasam, baribir Tilak Jo‘ra topilmadi. Onam ish bilan tuman markaziga tushganda onamga yalina-yalina markaziy kutubxonaga borishga ko‘ndirdim. Bu joy gadoy topmas joyda, necha marta ko‘chganidan aniq qayrrdaligini hech kim bilmaydi. Xullas, eski joylariga boribmiz, oxir onamning hafsalasi pir bo‘ldi. Qidirmadik. U paytlari o‘zimni tuman markaziga yolg‘iz jo‘natishmasdi – kichkinasan, qiz bolasan, yo‘li uzoq deb. Shunga kattalarning bo‘sh vaqtini topish kerak bo‘lardi. Ammo kutubxona uchun bo‘sh vaqt desa odamlar burun jiyiradigan bir davr.

Xullas, men Tilak Jo‘raning nima yozganini bilolmay qoldim. Lekin istagim, ishtiyoqim o‘ti so‘nmagandi. O‘zi hayotda eng katta boyligim ham uncha-bunchaga so‘nmaydigan ishtiyoqim deb bilaman.

2 yil o‘tib «Bekajon» da Tilak Jo‘ra she'ri chiqdi. «O‘zbekiston» degan. O‘sha mashhur «yonib o‘paman, olam ostonasi – O‘zbekistonni» degan satrlar jo she'r. Gazetaning shu bo‘lagini qirqib oldim. Yodlab o‘tirmadim. Chunki tanlovlar allaqachon qiziq emasdi. Faqat nima uchun bu she'r yaxshi she'r, u qanday qilib his qilinadi, tashbeh-u majozini qanday qilib o‘rganib olsam bo‘ladi? Shular bilan band bo‘ldim. Yaponlar sakura guliga termulib o‘tirib hayotni his qilishni istaganidek, men ham namozshom inak, ho‘jaklarning yem xashagini berib bo‘lgach, katta keng otizlarimga chiqib shu she'rni o‘qirdim. Ayni shu namozshom o‘zim uchun qoladigan vaqt -hamma ishlar tinchigan, birov bezovta qilmaydi, birov chaqirmaydi, uchi – qirog‘i yo‘q dalalarda o‘zing bilan o‘zingsan. Uning ustiga kechqurunning yoqimli salqini tushadi, tanaga rohat. Bir yog‘da enib borayotgan quyosh yallig‘idan qizarib yotgan ufq, bir yog‘da poyonsiz otizlar ko‘ngilga ko‘chgan kenglik – umuman hammasi yaxshi. Hayot shu qadar yaxshiki, xuddi bu hali dunyoning boshidek, hayotning boshidek, hali hech qanday g‘ashligu bezovtalik ko‘ngilga oralamagan – o‘zing o‘zingga sig‘maydigan tarzda, minnatdor tarzda hammasi yaxshi. Nazarimda o‘sha she'r ham shu haqda edi. Vatan haqida emas, ko‘ngildagi kenglik haqida, ziqlik oralamagan kenglik haqida. Kim biladi Vatanning kenglik bilan uyg‘un joyi bordir?! She'r hayot haqida edi. Sog‘inib, yig‘lab, yashab , sevib to‘ymaydiganimiz hayot haqida! Qaysi darajada bo‘lsak ham, nimaga ega bo‘lib nimadan qurib qolgan bo‘lsak ham – Hayotni sevish darajamiz barchamiz bir! Bo‘lib, baholab, qiyoslab bo‘lmaydigan yagona sevgimiz bu – hayotga muhabbat. Va hayot bilan bizni tutashtiradigan har narsa yaxshi -u she'rmi, vatanmi, kenglik, otiz yo shularni bir butun qilib yuragida tuygan, to‘yib nafas olgan odammi – hammasini go‘zal uyg‘unlik deb atash mumkin!

O‘sha she'r nimasi bilan yaxshiligini ko‘p tahlil qilishgan, masalan – Sovet davrida turib, SSSRnimas aynan O‘zbekistonni sevish haqida birinchi bo‘lib gapirilgan deyilgan. Bo‘lsa bordir. Men bu she'rda unda topganim kenglik va hayotga sevgi uchun sevgan bo‘lardim – shularning barchasi menda o‘sha bolaligimdagi otizlarda, namozshomlarda, kenglik va xayollarimda bor edi – va shularning barchasi Vatan edi, O‘zbekiston edi.

So‘ng-so‘ng universitetga kirdik. Feruz Muhammad degan qorako‘llik talaba (erdoshim) Tilak Jo‘ra, Tilak Jo‘ra deb boshni qotiradigan bo‘ldi. U paytda Feruz fakultetda va yotoqxonada otiqmol shoir edi. Biz qizlarning yonidan o‘tayotganda «Oy bo‘lsang ham ko‘chamdan o‘tma» deb she'r o‘qib o‘tardi. O‘ylanib yurardik keyin : kim yozgan buni Feruzmi, Tilak Jo‘rami?

Feruzdan she'r eshitishni istaganlarga birinchi Tilak Jo‘ra haqida gapirardi, keyin o‘zining she'rini o‘qirdi. Feruz haqli ravishda o‘zi sevgan inson ijodini boshqalarga sevdira oladi. Jumladan, menga ham. Feruz bahona Tilan Jo‘rani qayta kashf qilishni boshladim. Ustiga ustak shoirning saylanmasi o‘sha yillari chop etilgani qaqrab yotgan yerni sug‘orishday bir ish edi. Vanihoyat endi bizda Tilak Jo‘ra kitobi bor! U doim yonimizda, sumkamizda ko‘tarib yursak, ovqatlanganda o‘qisak, birga uxlasak bo‘ladi. Shunaqa, talaba zoti uchun kitobning yonida bo‘lishi muhim narsa. Birga uxlolmasang, u kitobni sevdim deb aytib yurma! (Shungayam shoirlar kitobini tez-tez chiqarib turish kerak, talabalar hanqog‘ini to‘yintirish uchun). U paytlarda elektron kitoblar kam, kamiga bizda smarttelefonlar bo‘lmagan. Shunga bizning quvonchimizni tushinish oson.

Meni ayniqsa

Men,

bir tola maysa bo‘lib o‘smoq istayman, sevgilim,

Sho‘rxok yerday to‘zg‘ib yotgan miyangda,

bir dona shabnamni erkalamoq uchun.

O‘sha paytda miyam sho‘rxok yerga ena boshlagan davrlar yo yurak kenglikdan ziqlik tomon engan – shoir esa maysa bo‘lib uni, hatto shabnam ham topin uni erkalamoq istaydi.

Jinni bo‘layozganman. Nima bu? Qanday bu? Bu go‘zal emas, yaxshi yo zo‘r emas, shunchaki seni o‘zidan qo‘yib yubormaydi – nima bu, nima bu deb sho‘r go‘sht kabi sho‘rxok miyang mazasini so‘rib yuraveradi. She'rning davomi esa bunday edi:

Hech bo‘lmasa,

Bir lahza,

Farididdin Attor aytganday,

Gavdam bilan yopmoq istayman,

do‘zax darvozasini!

Mening bu xayollarimdan

kimdir kular,

kimdir yig‘lar.

Meni bu dunyoda ,

kuldirganlar ko‘p,

yig‘latganlar ko‘p,

Ammo

o‘ldirgan bitta:

o‘z umidim,

o‘z umrim!

Hech bo‘lmasa,

bir lahza,

sening kulishing uchun,

sening yig‘lashing uchun,

Sevinch

hasrat bo‘lib, o‘lmoqni istayman!

O‘ldirgan bitta – o‘z umidim, o‘z umrim! Buni ortiqcha sharhlab shart emasku. Shunday she'rni yozish uchun butun umringni bersang arziydi deb bot-bot o‘ylaganman : umrimni bersam arziydi. Tilak Jo‘rayam shundan boshqa narsani istamaganiga ishonaman. Umrini berdi.

Kitob oxirida mana bu she'r bor edi :

Ko‘p tikilma osmon bag‘riga…

Hali qancha quyoshli kunlar,

Hali qancha ko‘zyoshli tunlar

Sen va meni olar bag‘riga!..

Bu she'rni biz navbatchi she'r o‘rnida aytib yurardik : doim tilimizda turadi. Bu xuddi hammasi yaxshi bo‘ladi deb o‘zimizni ovutishga o‘xshagan taskin edi. Taskinga muhtoj kayfiyat yetilib keldimi , bo‘ldimi, tilgayam shu she'r keladi:

Ko‘p tikilma, osmon bag‘riga…

Qolganlar mana bu she'rni ko‘proq yoqtirardi nazarimda (ha men sho‘rxok miyamda maysa unib chiqishidan orzu qilib, o‘zim bilan o‘zim bo‘lgan kezlarim qolganlaring :

Bir yalanglik bo‘lsa, To‘yib-to‘yib baqirsang, So‘nib qolgan ruhingni Qalqib-qalqib chaqirsang degan satrlarini yotoqxonani boshiga ko‘tarib aytishardi.

Negadir bu she'r menga tarsakini eslatar, sho‘rxok miyamdagi maysa bilan band bo‘lish yoqimliligidan bu she'rga dil berolmagandim.

Yaqinda Tilak Jo‘ra tug‘ilganiga 77 yil to‘ladi. Yaxshiki, biz talabaligimizda saylanmasi chiqqan, hammamiz istagancha yotib, to‘yib o‘qiganmiz she'rlaridan. Lekin hozir Tilak Jo‘raning she'rlari kitob bo‘lib qayta bosildimi, axir oradan 12 yildan ortiq vaqt o‘tyapti – to‘g‘ri, istagan odamga hozir elektron kitob bor. Lekin elektron kitob bilan birga uxlolmaysan, umuman kitob bu kitob.

Aynan Saylanma o»sha yili chop etilmagandi biz faqat saytlarda chiqqan to‘rt-besh she'r bilan qolib, umumiy qifoyasini bilmay o‘tardik shoirning. She'riy kitoblarni qayta-qayta bosib turish kerak – hech bo‘lmasa 10 yilda bir marta osha o‘zining azal, doimiy muxlislari uchun.

Yana, men o‘sha 7-sinfimda Tilak Jo‘rani tanimaganimdek bugungi qorako‘llik o‘quvchilar ham shoirni tanimaydi. Na maktablarga tumanning katta shoiri sifatida kitoblari tarqatiladi, na yubileylari qilinadi, na kichik bo‘lsayam bir monumentni bor tuman markazida, na Tilak Jo‘ra nomli biror ko‘cha bor. ( O‘zi umuman shoir yozuvchi tug»ilgan joyga ko‘cha nomini berish shuncha qiyinmi? Rauf Parfi ko‘chasini nomlash tashabbuskorlari ham o‘lgudek qiynalgandi)

Na shoirning uy-muzeyi bor. Tilak Jo‘ra uy-muzeyiga ekskursiya qilgan o‘quvchi xotirasida aniq she'rga oid nimadir qoladi, balki vaqti kelib u ham ilinjga muhtoj bo‘lganda – Meni bu dunyoda kuldirganlar ko‘p, yig‘latganlat ko»p, Ammo o‘ldirgan o»z umidim, o»z umrim» deb takrorlab yuradi.

Lekin buning uchun o‘sha kelajak odamiga kichkina kenglikni, kichkina erkinlikni yaratib berish kerak. Endi bu o‘sha men 2 yillan kutgan «Bekajon» gazetasidagi bittagina she'r bo‘lishi kerak emas. Uy-muzey bo‘lsin, qorako‘llik o‘quvchilarga adabiyot fanidan majburiy ekskursiyalar bo»lsin bu yerga, va balki bu uy-muzeyda performanslar qilinsin, rassomlarn installyatsiyalar qilsin shoir ijodiga atab, boshqa bir viloyatlik ijodjor Qorako»lni his etish uchun ham shu muzeyda bir oy qolib ijod etsin, rezidentsiya bo»lsin ( axir rezidentsiyalar faqat Toshkentda bo‘lishi shartmasku, kichik qishloqqa ham bu madaniyat bilan kirib borsak nima bo‘libdi?!) , nomiga atalgan ko‘cha bo‘lsin, maktab bo‘lsin, biror bog‘da haykali bo‘lsa – biz o‘sha o‘zimiz istayotgan kelajak insoni qalbida kenglikka, erkinlikka turtki uyg‘otgan bo‘lardik. Ha, bular hammasi bizning Tilak Jo‘ra orqali kelajak odamiga (yo ma'naviy dunyoga) beradigan turtkimiz xolos. Aynan Turtki va bu aynan Tilak Jo‘ra orqali! Tilak Jo‘raning o‘ziga esa bu ishlar hayotida ham, o‘lgandan keyin ham kerak emas. U hayotdan oladiganini olib bo‘lgan – men uchun o»sha umrni berishga arziydigan tepadagi she'r!

Peterburgga temiryo‘l bo‘yicha o‘qishga ketgan tanishim aktyor bo‘lib qaytib keldi. Tavba, u endi Parajanov haqida titrab gapiradi. Yo jadidlar haqida gapirayotganda o‘zini to‘xtatolmay qoladi. 360 gradusga mutlaqo kutilmagan o‘zgarish!

Senga nima bu qadar ta'sir qildi, – so‘rayman undan.

Piter deydi, u.

Nima deganing u Piter?

– Shaharning o»zi demoqchiman. Shahar ruhi. Bir kun tunda yurgandim Peterburg butun havosi, arxitekturasi, biznikidek kulrang bo‘lmagan hayoti – e qo‘y men buni tasvirlolmayman, buning hammasi san'at edi, bilasanmi, san'at. Shaharning o‘zi san'at edi. Va birdan ruhimni uyg‘otib yubordi. Keyin ertasi kuni o‘zim qiziqmaydigan o‘qishimni tashlab ketdimda, 2 yil davomida har kuni teatrda spektakl ko‘rdim.

Piterni ko‘rmaganman. Ammo odam ruhiga atrof bir lahzadayoq ta'sir etishiga, uni uyg‘otib yuborishi ishonaman. Hatto u beton devorlar bo‘lsa ham. Farqi u butunlay mehr bilan, erk yo sevgi bilan, o»zini unitish bilan yo shunchaki yayrash uchun qilingan, qurilgan bo‘lsa.

Qorako‘ldayam shunaqa ruhni ochib yuboradigan Turtkilar qurishga imkon bor. Tilak Jo»ra vositasida. Va bunday vositalar ko‘p. Shulardan biri, atoqlisi – Shoirimiz.

Men istaydiganim bitta narsa – bugungi Qorako‘l kechagi Qorako‘l bo‘lmasin. Men Tilak Jo‘rani tanimaganim, kitobini qidirib topolmaganim, oradan 7-8 yil o‘tib faqat Saylanmasi chiqqandagina o‘qiy olganim – bular o‘sha she'rdagi sho‘rxok yer kabi miyaning jonli tasvirlari. Bugungi Qorako‘l sho‘rxok miyalar yeri bo‘lmasin deyman. Bir shabnamni erkalamoq uchun u yerda bir maysa unsin. O‘sha maysa unishi uchun esa faqat shoir muxlislari, tashabbuskorlari emas, davlatdan ,hukumatdan yordam kerak bo‘larkan. Bir ko‘chaga nom berish uchun, uy-muzey qilishga ruxsat olish uchun… Ehhe bularning hammasi dahmaza ishlar. Bularni yozishimdan maqsad shuki, zora bizning Buxoro, Qorako‘l tomonlarda ham ruhni uyg‘otadigan, uyg‘otishga Turtki beradigan ishlar qilishni istovchilar topilsa – rahbarlar orasida!

Tilak Jo‘ra 1947 yilda Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanidagi Sayyot qishlog‘ida tug‘ilgan. ToshDUning filologiya fakultetini tamomlagan (1972). «Rayhon» (1977), «Olam ostonasi» (1980), «Yulduzlar tabassumi» (1981), «Chorrahadagi uy» (1983), «Sanduvoch» (1988), «Ruhiyat» (1990) kabi she'riy to‘plamlari nashr etilgan. «Hozirgi turk she'riyati», «Nozim Hikmat va O‘zbekiston» singari ilmiy asarlari ham bor. 1994 yil Toshkent shahrida vafot etgan.

Tag‘in o‘qing
27 oktyabr 2016
26 oktyabr kuni 78 yoshida vafot etgan taniqli kinorejiser Melis Abzalovning janozasi Stokholmning Kungsengen bo‘lgasida joylashgan musulmon qabristonida o‘qildi. ...
12 may 2015
«Aka buni unutib bo‘lmaydi, xali xech kim unutgani yo‘q. Yosh bola xam biladi. O‘qqa tutilgan mashinalar xam xamon 25 ...
20 may 2016
Mashhur faollardan biri va O‘zbekiston huquq himoyachilari alyansi yetakchisi Ye.Urlaeva ko‘p bora og‘ir voqealarni boshdan kechirgandan keyin 9 mart ...
1 sentyabr 2023
Islom Karimov avgustdagi putch va O‘zbekiston mustaqilligi deklaratsiyasini qabul qilganidan keyin ham SSSR tarafdori bo‘lib qolgan. Ayni ikki voqeadan ...
Bloglar
28 may 2024
Men millatchi emasman! Lekin qaytadan ta'mirlatilgan va Toshkent shahrining sobiq hokimi J. Ortiqxo‘jaev tomonidan Pasxaga ...
11 may 2024
1944 yilning 11 mayida Stalin barcha qrim tatarlarini Qrimdan surgun qilish haqidagi mash'um qarorni imzoladi. ...
6 may 2024
Hayrli kun! Urganch shahrida yashayman. Bugun quyidagi voqea yuz berdi: men avtobusda telefonda gaplashib turgandim. ...