Asosiy mavzular
7 may 2024

7 may – Radio kuni

7 may Radio kuni sifatida nishonlanishini hali sovet davrlaridanoq bilar edim. Ammo 7 may otalar kuni ekanini Germaniyaga hijrat qilgach bildim.

Rahmatli otam Rajabboy Bobojon butun umrini radioga bag‘ishlagan edi. Bugungi radio kunida otamni eslayman.

Otam (Alloh rahmat qilsin) Rajabboy Bobojon 40 yil mobaynida O‘zbekiston radiosining Xorazmdagi maxsus muxbiri bo‘lib ishladi.

Otamning ish maydoni Xorazm viloyatining butun hududlari edi. Zil-zambil «reportyor» magnitofoni bilan otam Pitnakdan Do‘simbiygacha, Monoqdan Ovshargacha bo‘lgan masofani pikap «Moskvich»da kezib reportajlar hozirlar edi.

Brejnev dasturxoniga Xorazm qovunlarini yetkazib beradigan Matvafo ota yoki Nikita Xrushchevning shaxsiy do‘sti Iskandar Do‘sov otam hozirlaydigan reportajlar qahramoni edi.

Radioboshlovchi Qodir Maxsumov «Xorazmdagi muxbirimiz Rajabboy Bobojonov biz bilan jonli aloqada, assalomu alaykum, Rajabboy og‘a», deyishi bilan otam baland ovozda «valaykum assalom, Qodirjon», deb reportajni boshlar edi.

Jonli aloqa Urganch kuranti tagidagi aloqa bo‘limidan maxsus UKV kanal orqali amalga oshirilar edi.

Otam uydagi ulkan magnitofondagi osh yeydigan lagan kattaligidagi tasmalarni atseton bilan yopishtirib montaj qilar edi.

Respondentlarning tasmalardagi ovozi esa tekstga tushirilishi lozim edi.

Menga zo‘rg‘a bo‘yim yetadigan ulkan magnitofon tugmalarini bosib o‘chirish kabi zerikarli vazifa tushar edi.

Otam tasmadagi ovozlarni eshitib, jumlama-jumla mashinkada chiqillatar edi.

Montaj bo‘lgan yakuniy mahsulot esa zudlik bilan Urganch aeroportiga yetkazilardi.

Uchuvchilar tasmani Toshkent aeroportidagi maxsus qutiga tashlashar edi. Radio xodimlari esa bu tasmani olib efirga qo‘yishar edi.

rasm1143
Shuhrat va G‘ayrat Bobojonovlar

Toshkentdan 1000 km uzoqlikdagi Xorazmdan yozilgan lavha ikki soat ichida efirga uzatilar edi.

Men bu kasb bilan shug‘ullanishni hech qachon orzu qilmagan edim.

Shoir, rassom, kinochi bo‘lishni orzu qilardim. Rassom bo‘lib e'tirof qilindim ham.

Ammo bundan 21 yil oldin, 1994 yilning 12 aprelida telejurnalist bo‘lib efirga chiqdim.

O‘zbekiston tarixidagi ilk mustaqil telekanal TV ALC dasturini o‘sha kuni Xorazm, Buxoro, Qoraqalpog‘iston va Turkmanistondagi millionlab odamlar ko‘rdi.

Biz TV zona 4-tizimi orqali Moskva dasturi beriladigan kanaldan chiqib, Moskva dasturlarini kutayotgan o‘rtoqlarga «Janoblar va xonimlar», deb murojaat qildik.

Moskvaning «Vremya» dasturi o‘rniga «Digirjak» (G‘ildirak) degan maxsus dasturni namoyish qildik.

Ana shundan keyin risqu nasibam ota kasbi bilan bog‘landi.

Mana, 16 yildan oshibdiki, radiojurnalistika bilan shug‘ullanaman. Ota kasbida endi.

Shuhrat Bobojon,
«Ozodlik» radiosi jurnalisti

Tag‘in o‘qing
10 dekabr 2024
Dunyo urush asoratlaridan qaddini endi tiklayotgan 1948 yilning 10 dekabr kuni Parijda jahonning ko‘plab davlatlaridan yig‘ilgan diplomatlar Inson huquqlari ...
25 sentyabr 2017
25 sentyabr kuni «Eltuz» muxbirining Andijondan xabar berishiga ko‘ra, o‘qituvchilarning terimdan qaytarilishi ortidan paxta uchun pul yig‘ib olinmoqda. Andijon ...
8 oktyabr 2023
Yevropaning bir qancha davlatlari tomonidan Rossiya avtomobillari kirishiga qo‘yilgan taqiq yuzasidan Rossiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot vakili Mariya Zaxarova ...
18 mart 2023
Rassom O‘rumbay Oxunovning yuz yillik tavalludiga bag‘ishlanadi Qirg‘izistondagi birinchi professional rassom O‘rumboy Oxunov 1923 yil 21 martda Navro‘z bayrami ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...