ART-DURBIN
18 mart 2023

«Tunuka do‘koni «

Rassom O‘rumbay Oxunovning yuz yillik tavalludiga bag‘ishlanadi

Qirg‘izistondagi birinchi professional rassom O‘rumboy Oxunov 1923 yil 21 martda Navro‘z bayrami kunida Farg‘onadagi katta oilada tug‘ildi. Otasidan erta ayrilgan O‘rumboy bolalar uyida ulg‘aydi. Maktab yillarida u Pionerlar uyidagi rassom A. N. Uzlov boshchiligidagi badiiy rassomlik to‘garagida qatnashdi. Baron Shtinglits nomidagi Sankt-Peterburg Oliy san'at va sanoat maktabi bitiruvchisi P. M. Nikiforov bilan uchrashuvi bo‘lg‘usi rassom ijodiga kuchli ta'sir qildi.

«O‘choqqa o‘t yoqayotgani ayol» Rassom O‘rimboy Oxunov asari


O‘rumboy Oxunov 1942 yilda armiyaga xizmatga chaqirildi. O‘shanda uning rassomligidan habar topgan komandir uni kelajak uchun tirik qolsin deya qonli jabhadan uzoqroqqa mamlakat janubiga jo‘natadi. O‘rumboy Afg‘oniston chegarasidagi chegara qo‘shinlarida xizmat qildi.

O‘rimboy Ohunov sinfdoshlari bilan

1945 yilda Toshkentda harbiy qayta tayyorlash kurslarida o‘qiyotgan kezida O‘rumboy Oxunov rassom Nikolay Volkovning studiyasida tahsil oldi. 1949 yilda u armiya safidan zahiraga chiqarilib O‘sh shahrida yuborildi. Asnoda uning zimmasiga Qirg‘iziston janubida shaharning madaniy hayoti ufqida paydo bo‘lgan ilk rassom bo‘lish vazifasi tushdi. O‘shda O‘rumboy Oxunov akvarel rassomi sifatida yakuniy shakllandi.

«Tog‘ manzarasi» Rassom O‘rimboy Oxunov asari

Elliginchi yillarda u mahalliy drama teatri va arxeologik ekspeditsiyalarda ishladi, shaharning bayramona bezaklarini yaratdi. 1962 yilda Qirg‘iziston rassomlari uyushmasi badiiy Fondning badiiy va ishlab chiqarish ustaxonalari tashkilotchisi bo‘lib, bu ijodiy jamoaning tug‘ilishiga katta hissa qo‘shdi. Qirg‘iziston janubidagi SSSR rassomlar uyushmasining birinchi a'zosi, Butunittifoq va Respublika ko‘rgazmalarining ishtirokchisi, 1976 yilda Qirg‘iziston rassomlar uyushmasining O‘sh viloyat bo‘limi tashkilotchisi bo‘ldi.

O‘. Oxunov haqida «Pravda Vostoka» gazetasida bosilgan maqola

O‘rimboy aka 1977 yilda o‘z tug‘ilgan vatani, Farg‘onaga qaytdi.
Rassomning o‘g‘li taniqli rassom Vyacheslav Oxunov ilk rassomlik sabog‘ini otasidan olganini minnatdorlik bilan eslaydi:
«Otam mehribon padar va ajoyib rassom edi. Badiiy ta'limni Farg‘ona shahridagi Pionerlar uyidagi san'at to‘garagida olgan. Uning ustozi Turkistonga surgun qilingan «xalq dushmani», ulug‘vor akvarelchi, Pyotr Maksimovich Nikiforov edi. 1945 yilda otam Volkovning Toshkentdagi studiyasiga tashrif buyurdi. Otam har qanday janr va texnikada ishlayverardi. U Lenin portretini moy bo‘yoq bilan chizib bo‘lgach, chorcho‘p ustiga qoqilgan tunukaga do‘kon viveskasini yasashga kirishib ketaverardi. Oxorlanmagan bo‘zga u qorakuyaga kerosin qo‘shib tayorlangan bo‘yoq bilan Pol Robson portretini chiqardi. Xuddi shu uslubda u qirg‘iz baxshisi To‘xtagul oqin rasmini ham yaratgan edi. Men uning bozordan olib kelgan uzunligi bir metrlik qovunlaridan hayratlanardim. Qovunni bexato tanlardi. Har qanday sharoitda, dala tuzda bemalol palov pishira olardi. Bir marta u Moskvadagi uy hovlisida osh qilganini eslayman. O‘shanda u SSSR Xalq rassomi, akademik Semyon Afanasevich Chuykovning uyida mehmon edi. Otam suvbo‘yoq, ya'ni akvarelda rasm chizish texnikasida noyob usta edi. Uning asarlari turli muzeylarda saqlanadi. Mashxur Tretyakov galereyasida ham bor.

«Shahar manzarasi» Rassom O‘rimboy Oxunov asari

Otam mo‘yqalam bilan odamlarni qanday tasvirlasa, bir akter kabi inson harakterini yongsilay olardi. Hayotimda birinchi marta 50-yillarning oxirida otam tomonidan ijro etilgan bir akter spektaklini ko‘rdim.

O‘rimboy Ohunov boshiga balo keltirgan «performans»

Otam shlyapasini cho‘zgan holda shahar markazida turib, sadaqa so‘ragan tilanchini tasvirladi. Kimdir otamning akterlik ijodini qadrlab olqishladi. Kimdir esa, o‘sha davrdagi KGB idorasiga «chaqib berdi». Buning ortidan otam katta muammolarga duch keldi. Bu muammodan menam benasib qolmadim.

«Shahar manzarasi» Rassom O‘rimboy Oxunov asari

Meni pionerlikka 22 aprelda, Leninning tug‘ilgan kunida barcha sinf o‘quvchilkari bilan bilan birga emas, faqat kuzda, otamning «ishi» «unutilgani»dan keyin qabul qilishdi. Buni aniq eslayman. Shahardagi Sovet Ittifoqi Kommunistik partiyasi viloyat qo‘mitasi qarshisidagi maydonda Lenin haykali yonida paltom yoqasiga qizil galstuk bog‘lashdi. O‘sha paytda men tug‘ilgan kuni sovg‘aning kattasini olgan bolaga o‘xshardim – quvonchning chegarasi yo‘q edi! Men O‘shning Stalin ko‘chasida mag‘rur va baxtli yurardim, bir qo‘lim bilan galstugimni silab, ikkinchi qo‘lim bilan maktab portfelini silkitardim.

O‘rimboy Oxunov, avtoportret

Pomir restorani yaqinida otamni do‘stlari qurshovida ko‘rdim. «Seni nihoyat pionerlar safiga qabul qilishdimi?» deya otam so‘radi. Men bosh irg‘adim. «O‘rumbay, bu ishni yuvish kerak!»- deya otamning do‘stlari qiyqirdi. Meni Pomir restoranidagi stol atrofidagi stulga o‘tqazishdi. Bo‘yi yetsin deb stul ustiga portfel qo‘yishdi. Dadamning yahudiy do‘stlaridan iborat orkestr restoranda qo‘shiq aytardi.

Rassom O‘rimboy Oxunov «Bibixonim»

Otam meni restoranda mehmon qildi. O‘sha paytda bir tarelka borsh uch so‘m, bir six kabob esa 2 so‘m 18 tiyin (1961 yilgi pul islohotidan keyin, zo tiyin va 22 tiyin bo‘lgan). Mening restorandagi bayramim otamning performansi sharofati bilan bo‘layotgandi. Agar otam tilanchi rolini o‘ynab KGB bosimiga duch kelmaganida men el qatori pionerga qabul qilinardim. U xolatda Pomir restoranidagi ochil dasturxonni tushimda ham ko‘rmasdim» deya eslaydi Vyacheslav Oxunov.

Rassom Vyacheslav Ohunov ko‘rgazma oldidan o‘z hamkasblari va do‘stlari davrasida

2023 yilning 21 martida Qirg‘izitondagi ilk professional rassom O‘rumboy aka Oxunov tug‘ilganiga 100 yil to‘ldi. Bugun radikal dindorlar ta'siridagi O‘sh shahrida rassomni tub aholi eslamaydi ham. Lekin yaqinda uchratganim bir qirg‘iz rassomi O‘rimboy akani yaxshi gaplar bilan esladi. Uning aytishicha Bishkekdagi yoshi katta rassomlar tez-tez O‘rimboy akani esga olishib turishadi.

Tag‘in o‘qing
4 fevral 2020
Prezident Mirziyoev 31 yanvar kuni Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasida o‘tgan uchrashuvda «bir kichkina bojxona posti rahbari»ning uyidan ...
21 iyul 2017
O‘zbekiston hukumati davlat organlari raxbarlariga berilishi mumkin bo‘lgan qurol-yarog‘lar ro‘yhatining tahrirdagi loyihasini ochiqladi. “Qurol to‘g‘risida”gi qonun loyihasi Normativ-huquqiy hujjatlar ...
30 aprel 2018
Prezident Mirziyoev 26 aprel kungi yig‘ilishida Toshkent markazidagi «Istiqlol» san'at saroyi va metro bekatiga “Xalqlar do‘stligi” nomini qaytarish qarorini ...
10 fevral 2017
Prezident Mirziyoev kunora o‘tkazayotgan turli yig‘ilish va uchrashuvlarida davlat amaldorlarini ayamay tanqid qilmoqda. Mirziyoev 9 yanvar kuni militsiya xodimlari ...
Bloglar
11 may 2024
1944 yilning 11 mayida Stalin barcha qrim tatarlarini Qrimdan surgun qilish haqidagi mash'um qarorni imzoladi. ...
6 may 2024
Hayrli kun! Urganch shahrida yashayman. Bugun quyidagi voqea yuz berdi: men avtobusda telefonda gaplashib turgandim. ...
30 aprel 2024
1990 yilning 30 aprelida mustaqil O‘zbekiston tarixidagi ilk demokratik partiya – «Erk»ning ta'sis qurultoyi bo‘lib ...