15 may – o‘zbek tilshunos olimi Alibek Rustamov tug‘ilgan kun
Tilshunos olim, akademik Alibek Rustamiy bilan tanishish menga 1997 yilda nasib etgan edi. O‘shanda Xo‘janddagi bojam, filolog domla Nasrullo Siddiqov qizini chiqargan va to‘yga taklif etgandi.
«Boja, siz ikkinchi qavatga chiqing, sizning vazningizdagi odamlar o‘sha yerda», dedi Nasrullo aka.
Yuqoriga chiqsam, Xo‘jand davlat universitetida meni o‘qitgan domlalar va yana bir-ikki notanish odamlar katta stol atrofida o‘tirishardi. Yoshi yetmishlardan oshgan, toshkentcha do‘ppi kiygan bir otaxon bilan suhbat qizigan, nimanidir ustida bahs davom etardi.
Salom berib, sekingina bir chetga o‘tirdim-da, yonimdagi tilshunos olim Mamadov domlamizdan so‘radim: “Bu kishi kim bo‘ladi?”
«Bu kishi mana shu yerda o‘tirgan barcha domlalaringizning ustozi, akademik Alibek Rustamov bo‘ladilar», dedi Mamadov domla.
Yetmishinchi yillar oxirida Xo‘jand dorilfununida o‘qib yurgan kezlarimizda Rustamiy domlaning tilga oid kitoblarini ko‘p o‘qiganimiz, domlalarimizning bu shaxs haqida gapirgan iliq so‘zlari yodimga keldi.
Lekin juda ham sipo kiyingan, har bir kishi bilan o‘z o‘g‘liday muomala qiladigan bu akademik olim bilan o‘shanda ko‘p gaplasha olmadim. Mehmon ko‘p, domla shogirdlaridan ortib bizga tegmadi.
Ertasi kuni Rustamiy domlani barcha shogirdlari, ya'ni tilshunoslik fani kandidatlariyu professor domlalarimiz ustlariga to‘n yopib, yo‘l-yo‘lakay xo‘jandcha ziyofatlar qilib, Bekobodgacha kuzatib qo‘yishdi.
Shu bilan domlani oradan olti yil o‘tgandan so‘ng Toshkentda ko‘rdim. «Ozodlik» radiosida “Til va dil” eshittirishi tashkil qilib, Rustamiy domladan eshittirishda qatnashib borishni taklif qildik.
Diktofonimni ko‘tarib, domlaning Toshkentdagi hovlisiga bordim. Bu akademikning hovlisi emas, ko‘proq oddiy o‘qituvchining hovlisiga o‘xshardi. 50 yoki 60-yillarda qurilgan pastqam xonalar, oddiy ohak bilan oqlangan devorlar domlaning faqirona umrguzaronlik qilishidan darak berardi.
Bir piyola choydan so‘ng domla “bizdan nima xizmat”, dedilar. Men niyatimni aytdim. Domlaning ko‘zlari yorishdi, to‘g‘risi, xursand bo‘lib ketdilar:
«Tilimizda o‘z o‘rnida ishlatilmayotgan so‘zlar ko‘payib ketdi. Keling, ruknimizni bunday nomlaylik: “Izohtalab so‘zlar izohi” bo‘lsin», dedilar. Men ma'qulladim.
Shundan so‘ng har hafta efirga ketadigan “Til va dil” eshittirishida domla biz jurnalistlar ham har kuni qo‘llaydigan so‘zlarning asl ma'nosi boshqa ekanligini sharhlay boshladilar.
“Mana, sizlar falon davlatning prezidenti falon davlatga tashrif buyurdi, deysizlar. Bu noto‘g‘ri. Chetda ham qancha o‘zbeklar bor, ular eshitsa uyat bo‘ladi. Falonchi O‘zbekistonga tashrif buyurdi desa, O‘zbekistonni haqorat qilganday bo‘ladi. Tashrif degan so‘z sharafga erishtirmoq degani. Masalan, ulug‘ bir odam faqir bir odamni ko‘rgani kelsa, shuni qadrladi degan ma'noda tashrif buyurdi, desa bo‘ladi. Bunday holatda rasmiy ziyorat bilan yoki rasmiy safar bilan keldi deyish kerak”;
“Hozir bizda hokim deyishadi. Bu ham noto‘g‘ri. Hokim degani hukm yurituvchi degan ma'noni anglatadi. Bizning tariximizda adolatli, el manfaatini ko‘zlab ish qiladigan odamlarga “shahriyor” degan so‘z ishlatilgan. Bu hozirgi G‘arbdagi merga to‘g‘ri keladi”.
Rustamiy domla qariyb ikki yil davomida efirga ketgan eshittirishlarda yuzlab so‘zlarning izohini sharhlab berdilar.
Domla bugun davlat tepasida o‘tirganlar o‘zbek tilining rivojiga umuman ahamiyat bermaganidan koyinib gapirardilar.
«Ozodlik»ning Toshkentdagi byurosi yopilganidan so‘ng domla bilan aloqa uzildi. Domlaning uy telefoni ham qatir-qutur qilib juda yomon ishlagani sababli tiniq intervyu qilishning imkoni bo‘lmay qoldi.
Men esa ona tili uchun bunchalik kuyinadigan odamni boshqa ko‘rmadim.
Sadriddin Ashur
Eltuz.com