Asosiy mavzular
24 may 2019

24 may – O‘zbekiston SSR xalq artisti Sherali Jo‘raevning ilk klipi tarmoqqa chiqdi

Rasmiy taqdimoti o‘tkazilmagan bu klipda Sherali Jo‘raev sovet yuqori nomenklaturasining sevimli ulovi bo‘lgan “Chayka” avtomobilini yolg‘iz boshqargani aks ettiriladi.

Klip sovet davrining “maqom aravasi” bo‘lgan “Chayka” avtomobilida kimsasiz mamlakat bo‘ylab sayr qilayotgan, sovet davrini qo‘msovchi hofizning “nostalgik hissiy” obrazini tarannum qiladi.

Eltuz.com muxbiriga ma'lum bo‘lishicha, “Chayka” retromobili Jo‘raevlar tomonidan sotib olingan.

Klipni esa Jo‘raevning o‘g‘illari aytgan qo‘shiqlarga klip ishlab tanilgan Shuhrat Mavlonov suratga oldi.

Klipning tarmoqda paydo bo‘lishi “Sheralini barcha unvonlaridan mosuvo qilishibdi”, degan gap-so‘zlar urchigan paytga to‘g‘ri keldi. Klip rasmiy taqdimotiga izn berilmagani va Jo‘raev qo‘shiqlarining O‘zbekistondagi rasmiy teleradiokanallarda efirga berilmasligi esa bu gap-so‘zlar to‘lqinini yanada kuchaytirdi.

Eltuz.com muxbirining o‘rganishicha, Sherali Jo‘raevning “Xalq artistligi mashrumi?” degan masala O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi mukofotlar bo‘limida muhokama bo‘lgan.

Gap shundaki, Sherali (Shermat) Jo‘raev Xalq artisti unvonini 1987 yili SSSR hukumatidan olgan.

Ya'ni Jo‘raev O‘zbekiston SSR xalq artisti. Shu ma'noda o‘zbek mulozimlari Sherali Jo‘raevni O‘zbekiston xalq artisti deb aytmaslik borasida ichki tavsiya bilan cheklanishgan.

Sovet o‘tmishidan voz kechgan mustaqil O‘zbekistonda Sherali Jo‘raev biror bir mukofot olgan emas.

Sherali Jo‘raev xalq sevgan xonanda. Biroq u 1999 yildan buyon o‘zbek hukumati peshvolari nazarida Muhammad Solihning do‘sti bo‘lgani uchun sahnadan chetlatilgan va uning qo‘shiqlari televideniening davlat kanallari orqali translyatsiya qilinmaydi.

Mustaqillikning dastlabki yillari xonanda bot-bot prezident Karimov yonida ko‘rindi, davlat tashriflari payti u Karimovga hamroh bo‘ldi. Biroq keyingi yillarda Sherali Jo‘raev yulduzi o‘chirila boshlandi.

Sherali Jo‘raevning hayoti va ijodi

O‘zbekiston SSR xalq artisti va 1990—1995 yillarda mamlakat parlamenti deputati bo‘lgan Sherali (pasportidagi ismi Shermat) Jo‘raev 1947 yilning 12 aprelida Andijon viloyatining Asaka tumanida chorvador oilasida tug‘ildi.

Ostrovskiy nomidagi Teatr va rassomlik institutiga o‘qishga kirgan Sh.Jo‘raev 1966 yilgi Toshkent zilzilasi oqibatlarini bartaraf qilayotgan komsomol yoshlarga bag‘ishlab qo‘shiq aytib, ilk bora televidenieda chiqish qildi.

1971 yilda o‘qishni tugatgan Sh.Jo‘raev “diniy-mistik qo‘shiqlar kuylagani” uchun bir muddat efir va sahnadan chetlatib qo‘yildi.

O‘zbek yozuvchisi va “Sovet O‘zbekistoni san'ati” jurnali bosh muharriri Nurali Qobulning sa'y-harakati bilan 1980 yilda Sherali Jo‘raev yana sahnaga qaytdi.

“Sovet O‘zbekistoni san'ati” jurnali sahifasida surati chop qilindi.

1981 yilda yana Nurali Qobul ko‘magida “Melodiya” firmasida Sherali Jo‘raevning “Oq qayin” deb nomlangan plastinkasi chiqarildi.

1985 yili Moskvada o‘tgan XII yoshlar va talabalar xalqaro festivalida qatnashib, sovet hukumatini ulug‘lovchi “Davron bizniki” qo‘shig‘ini ijro qilgani ortidan Sherali Jo‘raev 1987 yilda O‘zbekiston SSR xalq artisti unvoniga loyiq topildi.

“Gorbachyov hurriyati” deb atalgan oshkoralik davrida Sh.Jo‘raevning O‘zkomfirqa tizginida faoliyat ko‘rsatgani iddao qilinadi.

Eltuz.com muxbiri bilan suhbatlashgan «Birlik» faoli Solih Qodirovning aytishicha, «o‘zbek tiliga davlat maqomi berish talab qilingan mitinglarga talabalar bormasligini ta'minlash uchun Sh.Jo‘raev Xalqlar do‘stligi saroyida tekin kontsertlar bergan”.

S.Qodirovning so‘zlariga ko‘ra, uning bu xizmati O‘zkomfirqa tarafidan “inobatga olinib”, Sh.Jo‘raev 1990 yilda O‘zbekiston SSR Oliy Kengashiga deputat qilib saylangan.

1991 yilda Sh.Jo‘raevga Alisher Navoiy nomidagi davlat mukofoti berildi.

1992 yilda Sherali Jo‘raev O‘zbekiston prezidentiga yo‘ldosh bo‘lib Turkmaniston safariga bordi.

O‘sha yili Sh.Jo‘raev O‘zbekiston prezidenti bilan birga Saudiyaga borib, haj ibodatini ado qildi.

Qo‘shiq reglamentini buzgani uchun

Haj safaridan keyin Sh.Jo‘raev noma'lum sabablarga ko‘ra yana “istalmagan odam” maqomiga tushirildi. Sherali Jo‘raevga teleradio efirlariga chiqish va katta sahnalarda kontsert berishga norasmiy to‘siq qo‘yildi.

Sherali Jo‘raev 1994 yilda «O‘zbekiston – vatanim manim» konkursida qo‘shiq aytish reglamentini buzgani uchun katta sahnadan tamoman chetlatilgani aytiladi.

Hofizga yaqin bo‘lgan shaxslardan birining Eltuz.comga bildirishicha, o‘sha kontsertda Karimov va Jo‘rabekov ham ishtirok etgan.

Sherali ikkita qo‘shiq o‘rniga uchta qo‘shiq aytgan. «Sohibqironim» qo‘shig‘ini (u taxminan 15 minut davom etadi) u reglamentdan tashqari ijro qilgan. Bu esa Karimovning g‘ashiga tekkan.

Keyin sahna ortiga Jo‘abekovni yuborganida o‘sha paytda mashhurlik cho‘qqisida yurgan hofiz uni «poslat» qilgan. Jo‘rabekov esa bu «poslat»ni Karimovga qo‘shib-chatib yetkazgan.

Keyin Karimov «o‘-ho‘, shundaymi hali!» degan-u, uni sahnadan ham, TVdan ham, radiodan ham chetlagan.

Muhammad Solihning do‘sti bo‘lgani uchun

Hofizning katta sahnadan va siyosatdan chetlatilishi, Karimovning uni kechirmasligiga boshqa bir sabab esa uning Karimov dushmaniga do‘st bo‘lgani bilan izohlanadi

Sh.Jo‘raev 1999 yilda Urganchdagi xususiy TV ALC telekanaliga bergan suhbatida Muhammad Solih bilan do‘st bo‘lgani va uning ukasi Maqsud Bekjon uylanganida Xorazmga to‘yga borgani uchun «jazolanganini» aytgan edi.

1991 yildan beri o‘tgan davr mobaynida Sh.Jo‘raev katta sahnaga yana qaytish uchun bir necha bor urindi.

2014 yilda Sh.Jo‘raev “yuqorining rag‘batiga erishish maqsadida” Rog‘un va Qambarota GESlarining ekologik zarariga bag‘ishlangan qo‘shiq ijro qildi.

O‘zbekiston xalq shoiri, senator Iqbol Mirzo so‘zi va tashabbusi bilan yozilgan mazkur qo‘shiq Amudaryo va Sirdaryoning yuqori oqimlarida qurilayotgan yirik gidroinshootlarning zararidan bahs qiladi.

Matnda to‘g‘on qurib, o‘z qo‘shnisiga choh qazigan qo‘shnilar malomat qilinadi. Qo‘shiq matnida “To‘g‘on qurib, daryolarga to‘g‘anoq bo‘lgan zotlar” va “Qishda qorni qizg‘anguvchi past”lar tanqid qilinadi.

Qo‘shiq “yuqorining rag‘batiga sabab bo‘lmay, aksincha Tojikistondagi kontsertlarni xavf ostiga qo‘yganidan” tashvishga tushgan Sh.Jo‘raev Tojikistondagi mustaqil “Faraj” internet gazetasiga maktub yozib, “bu qo‘shiqni boshqacha talqin qilganlar esa xalqlar do‘stligiga rahna soluvchi kimsalar ekani”ni ta'kidlagan edi.

O‘zbek hukumati peshvolari nazarida Muhammad Solihning do‘sti bo‘lgani uchun sahnadan chetlatilgan Sherali Jo‘raev bu yil 70 yoshga to‘ldi. Karimov o‘limi va Shavkat Mirziyoevning iqtidorga kelishi sharofati bilan unga asta-sekin katta sahna eshiklari ham ochila boshladi.

Botir Rajabov
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
24 oktyabr 2018
22 oktyabr kuni Andijon viloyati televideniesida viloyat hokimi Sh.Abdurahmonovning paxta yig‘im-terimida qatnashganligi yuzasidan ko‘rsatuv tayyorlandi. Unda 19 oktyabr kuni ...
24 avgust 2018
O‘zbekistonda shu hafta eng ko‘p pichoqbozlik Qurbon hayiti kuniga to‘g‘ri keldi.  Shu kuni, 21 avgustda Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida ...
13 aprel 2024
O‘zbekistonning barcha avtoyo‘llari 42,869 kilometrni tashkil qiladi. Povorotlar ikki xil – o‘ngga va chapga. Shu yo‘lning har bir kilometrini ...
1 fevral 2019
Kichkinagina moviy qushcha gaz yo‘q, chiroq yo‘q O‘zbekistondan issiq o‘lkalarga uchib ketmoqchi bo‘ldi. U inidan chiqib osmonga parvoz qildi. ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...