«Tuya go‘shti yegan» qonun qabul qilinadimi?
«Adolat» gazetasi (05.08.16) qariyb 25 yildan kutilayotgan militsiya to‘g‘risidagi qonun qabul qilinishi mumkinligi to‘g‘risida mujda berdi.
Gazetaning yozishicha, «Adolat» partiyasining Qonunchilik palatasidagi fraktsiyasi yig‘ilishida «Ichki ishlar organlari to‘g‘risida»gi qonun loyihasi muhokama qilindi.
Yig‘ilish bayonida nega shuncha yillardan beri bunday qonun qabul qilinmagani sabablari ko‘rsatilmagan bo‘lsa-da, uni tayyorlashga bu haqdagi topshiriq davlat rahbaridan kelganidan so‘ng kirishilganiga aniq ishora bor.
Ya'ni konstitutsiyaning 23 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda O‘zbekiston prezidenti «shu kungacha ichki ishlar va huquq-tartibot organlari faoliyatini tartibga soladigan qonunning yo‘qligi»ni eslatib, bu haqda takliflar berganidan keyin nihoyatda zarur bu hujjatni qabul qilish harakatlari boshlangan.
«Hozirgi kunda O‘zbekiston Respublikasi hududida ichki ishlar organlari va ularning xodimlari faoliyatini tartibga soluvchi 94 ta normativ hujjat mavjud… Aytish mumkinki, sezilarli hajmdagi normativ-huquqiy hujjatlar bazasining tarqoqligi, ichki ishlar organlarining huquqiy asoslari bir butun tarzda shakllantirilmagani yagona huquqni qo‘llash amaliyotini ta'minlash imkoniyatini bermayapti», deya yozg‘iradi «adolatchilar».
Partiya vakillarining so‘zlariga ko‘ra, milliy va xorijiy tajribalar inobatga olingan bu qonun loyihasi «O‘zbekiston Respublikasida birinchi bor ichki ishlar organlari va uning xodimlarining huquqiy maqomini qonun darajasida mustahkamlashga, ularning ijtimoiy zarurati va ahamiyatini e'tirof etishga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir».
Albatta, hechdan ko‘ra kech bo‘lsa-da, yaxshi ishning amalga oshirilgani ma'qul. Bu qonunni nafaqat mustaqil huquq himoyachilari, balki maqomi shu vaqtgacha huquqiy jihatdan yuqori darajada mustahkamlab qo‘yilmagan ichki ishlar organlarining o‘zlari ham intiqlik bilan kutmoqda.
Lekin qonun qabul qilingani bilan uning ijrosi hayotda o‘z aksini topmasa, boshqa ko‘plab qonunlar qatori bu huquqiy hujjat ham bir qog‘ozdek bo‘lib qolmasmikin!?
Eltuz.com