Yaqinda hammasi zo‘r bo‘ladi!
Yaqinda hammasi zo‘r bo‘ladi! Sizga rahmat, Shavkat aka!
O‘zbek internet segmentida kelgusidagi ijobiy o‘zgarishlar va ularga yangi hukumat erishishi haqidagi quvonchli izohlar ko‘paydi.
Shijoatni qarang, Toshkent hukumati birpasda mashhur prezident trassasiga tutashgan bir qancha yo‘llarni ochishga qaror berdi!
Bunday o‘zgarishlar ko‘lamidan o‘zbekistonliklarning hali qotib ulgurmagan ongida mislsiz erkinlik manzaralari paydo bo‘lmoqda.
Ura! Bizga endilikda markaziy yo‘lga derazadan boqishga izn berishadi! Badjahl militsioner endi mamlakat boshlig‘i o‘tayotgan mahal toshkentliklarning eshigini qoqib, ulardan deraza pardalarini tushirishni talab qilmaydi.
Tumanning yangi hokimi esa, o dahshat, galstuksiz, hatto jinsi ishton kiyib yurishi mumkin ekan! Va hamma joyda somsaxonalar ochishga buyruq berarkan.
Ijtimoiy tarmoqda Toshkentga tag‘in tramvayning qaytishi va ilgarigidek ochiq havoda kabob pishirishga ruxsat etilishi haqida ham gapirishmoqda!
Bizning «Eltuz» maxfiy muxbiri esa quvonganidan bir kelajak mujdasini jo‘natdi.
Aytishlaricha, o‘zbek olimlariga chinorlarni o‘z joyiga qaytarish mexanizmini ishlab chiqish vazifasi yuklanibdi.
Xiyobonlar va u yerdagi chopilgan daraxtlar tiklanib, asl holiga qaytarilarkan.
Rahmat senga, o bizning dono, bo‘lg‘usi hukmdorimiz!
Akmal Rizaev
O‘zbekistonlik muallif taxallusi
Eltuz.com