Raqamsiz byudjetlar muhokamasi
«Milliy tiklanish» gazetasi (26.10) shu nomdagi partiyaning parlamentdagi fraktsiyasi yig‘ilishida 2017 yilga mo‘ljallangan byudjetnoma – davlat byudjeti, davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlari loyihalari, soliq va byudjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari ko‘rib chiqilganini bildirdi.
E'tiborlisi shundaki, bu haqdagi kattagina hajmli maqoladan byudjetga oid birorta summani topa olmaysiz. Unda faqat quruq foizlar keltirilgan.
«Keyingi yil uchun … YaIMning 7,8 foizga, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 6,9, qishloq xo‘jaligi 6,2, kapital qo‘yilmalar hajmi 9,6 foizga o‘sishi asos qilib olingan», deyiladi maqolada.
Shuningdek, davlat byudjeti loyihasida ijtimoiy xarajatlarni moliyalashtirishga qariyb 60 foiz mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilayotgani uning ijtimoiy yo‘naltirilganidan dalolat ekani ta'kidlanadi.
Eng muhimi, bu foizlarning hech biridan byudjet loyihasida aynan qaysi sohaga qancha miqdordagi mablag‘ ajratilishi nazarda tutilganini bilish imkonsiz.
Aslida davlat byudjetining summalari ko‘p yillardan beri xalqdan sir tutib kelinadi. Milliy xavfsizlik, mudofaa, ichki ishlar sohalariga ajratiladigan mablag‘ miqdori esa yetti parda ortida maxfiy saqlanayotganini aytmasa ham bo‘ladi.
Ko‘rinib turibdiki, bechora deputatlar o‘zlari bilmagan narsalarni muhokama qilish bilan ovora. Nima qilsin, axir ular ham o‘zlarini ishlayotgandek ko‘rsatishi kerak-da!
Bahodir Sharif
O‘zbekistonlik gazetxon tahallusi
Eltuz.com