Asosiy mavzular
6 noyabr 2016

«Saylov shukuhi»ning taqchilligi

O‘zbekiston telekanallari «shukuh» so‘zini yaxshi ko‘radi. «Istiqlol shukuhi», «farovonlik shukuhi», «mustaqillik shukuhi», «baxtiyorlik shukuhi»… Xullas, hamma shukuh bor. Faqat O‘zTVda oktyabr oyida «saylov shukuhi»ning zalvori negadir sezilmadi.

Demokratik davlatlarda favqulodda holatlarda, jumladan, davlat rabari kutilmaganda o‘lib qolsa, telekanallarga kun tegadi. Davlat rahbarligiga bo‘lajak nomzodlar muhokoma qilinadi, kim yaxshi, kim yomon, kim prezidentlikka loyiq, kim noloyiq, xullas, butun davlatning taqdiri go‘yoki TVda hal bo‘ladi. Lekin bizning telekanallarimiz o‘zgacha, chunki xalqimiz o‘zgacha, davlatimiz o‘zgacha…

Men sizga saylov nimaligini o‘rgataman

Aslida O‘zbekistonda bo‘lajak saylov munosabati bilan oktyabr oyi bu tadbirga bag‘ishlangan tahliliy ko‘rsatuvlar, tok-shoularga boy bo‘lishini kutishga umidimiz bor edi. Chunki demokratik, huquqiy davlat ekanini iddao qilayotgan mamlakat telekanallaridan buni kutishga haqqimiz ham bor edi.

Lekin har doimgidek kutganlarimiz sarob bo‘lib chiqdi. Saylovga oid ko‘rsatuvlar bo‘lmadi, deya olmaymiz. Bo‘ldi, bo‘lganda ham rosa bo‘ldi. Ammo telekanallardagi saylovoldi faolligining imitatsiyasini ko‘rdik, desak yanglishmaymiz. Partiyalar faoliyati, nima ish qilayotgani, nima ishlarni rejalashtirayotgani O‘zbekiston kabi boshqa «demokratik davlatlar»dagi siyosiy kuchlarnikidan ko‘p bo‘lsa borki, aslo kam emasligini telekanallarimiz baralla yetkazib berdi xalqimizga.

Nomzodlarga kelganda esa negadir to‘xtab qoldik. XDP yetakchisi Hotamjon Ketmonov hammasidan zo‘r, agar o‘tgan yilgi saylovda Islom Karimov nomzodi bo‘lmaganda, albatta, u yutib chiqardi, deganga o‘xshash gaplar, «Adolat»ning raisi Narimon Umarov yoki «Milliy tiklanish» rahbari Sarvar Otamurodov O‘zLiDePning «dohiy»si Shavkat Mirziyoevdan ko‘ra ko‘proq ishlarga qodir, deganga o‘xshash ta'kidlarni esa hatto saylovoldi kampaniyasining eng qizg‘in davrida ham ko‘rmaydiganga o‘xshadik.

Buning o‘rniga barcha telekanallarda Markaziy saylov komissiyasi ishtirokida o‘tkazilgan tadbirlar, saylov okruglari va uchastkalarida yaratilgan sharoitlarga bag‘ishlangan ko‘rsatuvlarning keti uzilmadi.

Xalqimizga O‘zbekistonning saylov tizimi demokratik va haqqoniy ekani, unda elimiz o‘z irodasini namoyish etishi uchun barcha huquqiy asoslar mavjudligi, fuqarolarning saylov madaniyati yuqori ekani TVda tinimsiz takrorlanadi. Lekin har safar saylov oldidan O‘zbekiston xalqiga faqat saylovda ovoz berish, nimalarga e'tibor berish, saylov qonunchiligimizning mukammaligi, haqqoniy va oshkora ovoz berish uchun huquqiy asoslar yaratilgani kabilar haqida og‘iz ko‘pirtirib gapiriladi.

Biroq biror ko‘rsatuvda Ketmonov prezidentlikka eng munosib nomzod, Mirziyoev qariyb o‘n besh yildan beri davlat tepasida o‘tiribdi, lekin uning so‘kong‘ichligidan, zo‘ravonligidan boshqa narsani eshitganimiz yo‘q, deganga o‘xshash gaplarni uchratmaysiz.

Ey nomard, o‘yin o‘ynasang ham ishontirib o‘yna, sal o‘xshasin-da, deydigani ham yo‘q. Kallasi nechta bunday gapiradiganning…

Oktyabr oyida saylovga oid berib borilgan ko‘rsatuvlarda aynan shunday holatlarning guvohi bo‘ldik.

Xususan, «Mening yurtim» telekanalidagi «Mening ovozim» tok-shuosining saylovga bag‘ishlangan soni shunday kechdi. Unda faqat saylov qonunchiligi to‘g‘risida ming marta aytilgan gaplarni qaytarishdan nariga o‘tilmadi.

Unda qatnashganlar ham negadir ko‘proq saylov qonunchiligi bilan qiziqqaniga nima deysiz? Saylov qonunchiligiga qiziqar ekansan, bu haqda ma'lumot oladigan manbalar kammi?

Ishtirokchilarning savollari ham qiziq. Bittasi chiqib, «Partiyaga a'zo bo‘lsam menga nima beradi, partiyalar o‘ziga a'zo tadbirkorlarga qanday ko‘mak ko‘rsatadi», deydi.

Birortasi nega partiyalar saylov oldidangina faol bo‘lib qoladi, nega partiyalar yetakchilari (bittasidan boshqa!) faqat nomzodlikka munosib nomzod-u prezidentlikka munosib nomzod emas, deganga o‘xshash qayrilma savol bermadi.
Biram odobli, biram andishaliki bular, odamning ko‘nglini aynitadigan daraja…

Ko‘rsatuvda saylovda qatnashayotgan nomzodlar to‘g‘risida ham birov ochiq-oydin fikr bildirgani yo‘q.

Xullas, bu kabi ko‘rsatuvlarni tomosha qilganlar O‘zbekiston saylov qonunchiligining «eng rivojlangan demokratik davlatlarnikidan qolishmaydigan» jihatlarini ko‘rdi-yu, kimni saylasak xalqqa foyda bo‘ladi, degan xulosaga kela olmay armonda qoldi.

Maqtanchoqlar konkursiga marhamat

E'tibor qaratsa arziydigan boshqa ko‘rsatuvlarning aksariyati esa muvaqqat prezident Shavkat Mirziyoevning so‘nggi vaqtlarda tinimsiz imzolayotgan qaror va farmonlarning «olamshumul» ahamiyatiga bag‘ishlandi.

Bu borada, ayniqsa, Qunduz amaki deya istehzo bilan tilga olinadigan Quddus A'zamovning «Munosabat» ko‘rsatuvi har doimgidek oldingi safda bo‘ldi.

Masalan, uning bir tok-shousi yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risidagi qonunga bag‘ishlandi.

«Bu haqdagi qonun yoshlarning o‘zlari taklifiga ko‘ra ishlab chiqildi, deb ta'kidlandi ko‘rsatuvda. Hatto chekka joylardagi yoshlarning ham manfaatlari hisobga olindi, deyildi.

Deputatlar, kamolotchilar, turli mas'ul vazirliklar vakillari biri qo‘yib biri bu qonunning ahamiyati haqida so‘zladi.

Ommaviy madaniyat, terrorizm, ekstremizm haqida gapirildi. Ulardan yoshlarni asrash haqida gap bo‘ldi. Aslida shular bahonasida mavjud rejimni asrashga qaratilgan istak va tilaklar bildirildi.

Joylarda yoshlarni qiynaydigan masalalar o‘rganilyapti, dedi «Kamolot» vakilasi.

O‘zbekistonda yoshlarga oid siyosat ustuvorligi e'lon qilinganiga qancha yillar bo‘ldi, nega yoshlarimiz million-million bo‘lib tirikchilik uchun xorijga ketyapti, nega ta'lim sifati pasaygandan pasayyapti, yoshlarga haqiqiy e'tibor qachon kuchayadi, demadi studiyada o‘tirgan haybarakallachilardan birortasi.

«Munosabat» ko‘rsatuvining biz ko‘rishga muvaffaq bo‘lgan ikki soni Shavkat Mirziyoev imzolagan tadbirkorlikka oid farmon xususida bo‘ldi. Birinchisida Qunduz amaki yosh tadbirkorlar va fermerlar forumi ishtirokchilarini to‘plab mashvarat qildi.

To‘g‘risi, bu ko‘rsatuv «Kim ko‘p maqtanadi» konkursiga o‘xshadi. Biri sport jihozlari ishlab chiqarish bilan maqtansa, boshqasi go‘zallik saloni ochgani, kelinlar liboslari ijarasini yo‘lga qo‘ygani, o‘quv markazlari tashkil etgani, hozir qanchadir yoshni ish bilan ta'minlagani, qancha shogirdi alohida tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yganini aytib maqtandi.

Boshqasi yog‘och o‘ymakori ekani, ishlari Parij, London kabi yirik shaharlar muzeylarida saqlanayotganini aytsa, yosh rassom qizcha asarlariga xorijliklar ham qiziqish bildirayotgani, O‘zbekiston viloyatlarida ko‘rgazmalar tashkil etib, muvaffaqiyatlarga erishayotganini aytib maqtandi.

Ro‘zi Choriev, O‘rol Tansiqboev, Chingiz Ahmarov kabi darg‘alar bu qizchaning asarlarini ko‘rsa, o‘zlari yaratgan kartinalardan uyalib qolmasmikin, degan andisha ham o‘tdi ko‘ngildan…

Tadbirkorlikka oid farmonga bag‘ishlangan boshqa ko‘rsatuvda bir tomondan tadbirkorlar, boshqa tomondan ular faoliyatini nazorat qiluvchi organlar vakillari ishtirok etdiki, unda ba'zi qiziq faktlar o‘rtaga chiqdi.

Garchi ko‘rsatuvda bu yonma-yon o‘tirishning o‘zi ham mazkur farmon sharofati ekani qayd etilgan, tadbirkorlikda yangi davr boshlanayotgani iddao qilingan bo‘lsa-da, keltirilgan faktlar tadbirkorlarning ahvoli abgor ekanidan darak berdi.

Ko‘rsatuvda tadbirkorlik sub'ektlarida o‘tkazilgan 80 mingta tekshiruvning 15 mingtasida nazorat qiluvchi organlar vakillari qonunbuzarlikka yo‘l qo‘ygani ta'kidlandi.

Savdo-sanoat palatasi raisi Alisher Shayxov esa nazorat qiluvchi organning qarori yuzasidan shikoyat qilgan birorta tadbirkor shu paytgacha sudda yutib chiqmaganini bildirdi.

Markaziy bank departamenti direktori o‘rinbosari valyuta konvertatsiyasiga oid savolga javob berishdan qochishda epchilligini ko‘rsatdi. Erkin konvertatsiyani yo‘lga qo‘yish to‘g‘risida birorta gap aytgani yo‘q. Tadbirkorlarga tegishli pul mablag‘lari to‘g‘risidagi savolga u tadbirkorlar majburiy to‘lovlarni to‘lagandan so‘ng o‘z mablag‘larini erkin tasarruf qilishini aytdi. Aslida bunday emasligini studiyada o‘tirganlarning barchasi bilib turgandi, lekin hech qanday e'tiroz yangramadi.

Shavkat Mirziyoev tadbirkorlar to‘g‘risida, ularga adolatsizlik qilinayotgani haqida so‘nggi vaqtlarda ko‘p gapiryapti. Bu esa amaldorlarni shu paytgacha aytilmay kelinayotgan bir qancha faktlarni oshkor etishga majburlayotgan ko‘rinadi.
Xususan, Bosh prokuratura boshqarmasi boshlig‘i Islom Jasimov korruptsiyadan eng ko‘p jabr ko‘radigan soha tadbirkorlik ekani to‘g‘risidagi «sirni sotib qo‘ydi».

Tadbirkorlardan birining bu farmon qanday ijro etilishi borasidagi xavotiriga javoban u: «Bu farmon bejiz qabul qilinmagan, tadbirkorlar aytgan muammolar o‘rganiladi. Tadbirkorlarni himoya qiluvchi o‘ziga xos mexanizm yuzaga keldi. Bu sudlar, prokuratura, biznes ombudsmanlardan iborat», deya yupatgandek bo‘ldi.

Noyabr oyi saylovoldi kampaniyasining eng qizg‘in pallasidir. Bu oyda saylovning qanchalik oshkora ruhda, teng huquqlilik asosida o‘tishi, prezidentlikka asosiy da'vogar Shavkat Mirziyoev ketma-ket imzolayotgan farmon va qarorlar ijrosining dastlabki natijalari haqida anchagina tasavvurga ega bo‘lish imkoniyati paydo bo‘ladi.

Biz esa O‘zbekiston telekanallaridagi ko‘rsatuvlarni kuzatishda davom etamiz…

Bahodir Sharif
O‘zbekistonlik gazetxon tahallusi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
13 dekabr 2015
11 dekabr kuni Termiz aeroportidagi Germaniya foydalanib kelgan harbiy transport bazaning tantanali yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Rassom: Tuz Eltuz.com
29 dekabr 2016
28 dekabr kuni kechqurun, O‘zbekistonda ochilmayotgan Farg‘ona.ru, Ozodlik, Amerika ovozi, Bi Bi Si, O‘zbekiston xalq harakati kabi saytlardan to‘siq ...
27 aprel 2017
Prezident Mirziyoevning tabiiy gazni sotishni xususiy operatorlarga o‘tkazishga oid hujjatni imzolashi ortidan, o‘zbek matbuotida bu qarorni olqishlovchi materiallar paydo ...
25 fevral 2020
Shu kuni uyquga yotish e'lon qilinganidan so‘ng taxminan tungi soat 2 gacha uxlolmadim. Antonenkoning aslida kim ekanligi haqda bosh ...
Bloglar
17 mart 2024
Rassom Tuz bir mavzu muhokamasini boshlasa ag‘dar to‘ntarini chiqarib barcha qirralarini o‘rganadi. Tanganing ag‘iniyam¸ bag‘iniyam¸ ...
14 fevral 2024
«Yoshlar» telekanalida sodir bo‘layotgan korruptsiya oldida «Sport» telekanali direktori Zohid Karimov qo‘y og‘zidan cho‘p ololmaydigan ...
13 fevral 2024
Tarmoqning o‘zbek segmenti o‘zbek davlat ramzlariga nafratni parvarishlamoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda mahalla raisi va faollarning davlat ...