Ko‘zqarash
28 may 2024

Millat qahramonlari unutilgan yurt

Men millatchi emasman! Lekin qaytadan ta'mirlatilgan va Toshkent shahrining sobiq hokimi J. Ortiqxo‘jaev tomonidan Pasxaga sovga qilingan Kamolondagi butxonaning ro‘parasidan befarq o‘ta olmayman.

Mana bir necha kundan beri uning devor, pollari yana qayta-qayta yaraqlatib yuvilib, o‘zgacha oro berilmoqda. Chunki shaharga Oqposhsho xazratlari tashrif buyurdi.

Majmuani tozalatayotgan mas'ullardan biriga atayin savol bilan murojaat qildim.

– O‘zi yaltirab yotibdiku. Buncha ovoragarchilik nega? Boshqa ishingiz yo‘qmi?

Top- toza joyni qirtishlab yotibsizlar…

Gapim oxiriga yetmay, og‘zimni yopdi u.

«Nimasini aytasiz? Jonga tegdi shu go‘rso‘xtalarni yalab-yulqash» … degan javobni kutgandim rosti.

Lekin yoshi ancha kattaroq, jikkaknina mas'ulning bit ko‘zlari yoshlanib o‘qrayib, bidirlab ketdi:

– Jinni pinnimasmisiz? Toshkonga kim kelayotganini bilasizmi o‘zi? Siyosatdan xabaringiz bormi ozroq?

Mabodo u bu tarafga kelib qolsachi? Uyalib qolamizku…

So‘ng yerdan allaqanday nimanidir olib qopga tashlab ijirgandi:

– Ana, it po‘qi. Kechasi gala itlar suyak talashib yegan ekan. Ularni ham terib olyapmiz.

Qancha kottakonlar kelib ketadi bu yerga..Bilmasangiz aralashmang! Yo‘lingizdan qolmang! Toje mne, umnaya!

Undan xafa bo‘lmadim.

It bo‘qini qo‘li bilan olganidan irganib, bosqinchilarni ketini yalayotganiga achindim xolos. Lekin…

2018—yili tarixchi Anvar Nazirov qo‘ngiroq qilib, Toshkent shahar hokimiyati xuzurida tashkil qilingan Madaniyat va turizmni qo‘llab -quvvatlash jamoatchilik kengashiga a'zo bo‘lganimiz va falon kuni majlisga yigilishimiz kerakligi aytdi. » Toshkent va poytaxt atrofida unutilgan, xarob tarixiy obidalarni qayta tiklab, ko‘proq turistlar tashrif buyuradigan joylarga aylantirishar ekan. Shunga fikr va takliflaringiz bo‘lsa qayd qilib oling, hokimiyatda uchrashamiz» dedi.

O‘sha kengashda bir qancha ziyoli, Vatanparvar do‘stlarimiz, tarixchi olimlarni ko‘rib juda xursand bo‘lgan edim. Ular quruq kelmay, o‘z takliflarini yozib kelishgan edi. Boshqalar qatori men xam so‘z olib yigirmaga yaqin ta'mirtalab tarixiy, madaniy meroslarimizni sanab, ularga e'tibor qaratish lozimligi xaqida ta'kidladim. Hech qanaqa xaykal, xatto birorta belgiga loyiq ko‘rilmagan milliy qahramonlarimiz ism- shariflarini sanab o‘tdim.

– Rus qo‘shinlarini Iqongacha quvib borib, Chernyaevga qarshi mardonavor kurashgan Olloqulixon, Sulton Sa'idxonlar sharafiga shaharga kiraverishda yodgorlik yoki lavh o‘rnatishni taklif qilaman. Qo‘qon darvozani himoya qilgan Qo‘shfarmonchi Qipchoq boshchiligidagi askarlar, Qashqar darvozani so‘ngi tomchi qonigacha dushmaga bermagan Mirza Ahmad qushbegi sarbozlari xaqida ham o‘sha tarixiy darvozalarning o‘rnida memorial obidalar qad rostlashi kerak. Eshon Sharifxo‘ja Ofoqxo‘ja o‘g‘li, eshon Hojixon Solihhoji yuzboshi o‘g‘li, Sa'id Ahrorxo‘ja Sotiboldixo‘ja o‘g‘li, pichoqchi usta Sodiq Nazar, o‘ratepalik Xidirnazar zargar va boshqa qaxramonlarni aslo unutish mumkun emas!

Rus imperiyasiga qarshi shahar Mudofasiga barcha shahar aholisi- xatto qariyalar, yo‘qsil g‘ariblar ham chiqqan. Voyaga yetmagan Toshkent bolalari g‘oziylarga suv hamda oziq-ovqat yetkazib turganligini eslatadigan muxtasham yodgorlik shaharning to‘rt tomonidan ko‘rinib turadigan joyda qad rostlashi shart!

Bosqinchilarga qarshi Iqon jangiga ketayotib qaxraton sovuqda oyoq -qo‘llari,yuz-ko‘zlari muzlab o‘lgan 16-18 yosh yigitlarni unutish kechirib bo‘lmas jinoyat!!!

Lekin shuncha gap uvol bo‘ldi, chunki bizni chaqirib majlis o‘tkazgan amaldorlar kalla likallatib o‘tirishdan boshqasiga yarashmadi. Birorta taklifimiz inobatga olinmadi.

Qaytanga SSSR paytida ham xarob yotgan o‘sha la'nati butxona ta'mirlandi.

***

Chor Rossiyasi qo‘shinlari Toshkentga Kamolon tepaligi va Kamolon ko‘chasi bo‘ylab hujum qilgan. Kamolon ko‘chasining har ikki tomoni 19-asrning 60—yillar oxirida ham vayrona holda saqlangan. Bu matonatli kamolonliklarning bosqinchilarga qanchalik qattiq qarshilik ko‘rsatganidan dalolat beradi.

Toshkentni Toshkentliklardan tashqari Qo‘qonliklar, Xo‘jand, O‘ratepaliklar va boshqa yurtdoshlarimiz ham mardona himoya qilishgan…

Agar ozgina gururimiz bo‘sa tariximizga befarq bo‘lmaylik! Kamolonning Oftob ko‘chasida tarixiy xaqiqatni aks ettirguvchi yana bir majmua qad rostlasin! Unda Toshkentni tish-tirnogi bilan, so‘ngi tomchi qonigacha himoya qilgan Vatandoshlarimizning siymosi aks etsin. Kattakon lavhga bosqinchilik tarixi xaqida ro‘yi -rost yozilsin!

G‘oziylarga suv, yemak tashigan norasta bolalar bo‘y basti bilan gavdalansin. Iqon yo‘lida muzlab o‘lgan o‘spirinlar bo‘y cho‘zsin!

Balki shunda butxonani yalab yulqayotganlarning ko‘zlari ochilsa!

Milliy g‘ururi uyg‘onsa.

Muazzam Ibrohimova

Tag‘in o‘qing
2 iyun 2016
Jurnalistning «Nega yo‘q bo‘lib ketdingiz? O‘rningiz judayam bilinyapti» degan savoliga javob berar ekan, Obid Asomov shunday dedi: «Ba'zi bir ...
10 oktyabr 2019
Bugun respublikada matbuot xizmatlariga e'tibor qaratilmoqda, urra, urra bilan prezident qarori asosida barcha shahar, tuman tashkilotlarida, hokimliklarida yangidan axborot ...
14 aprel 2017
Samarqanddagi mobil muxbirlar, Oqilovning uyi surati, videosi va uning yaqinlari haqidagi maqolani e'lon qildi. Oqilov yashagan mahalladagilar, nashr muxbiriga ...
3 avgust 2016
Viloyat hokimi Shuhrat G‘anievning bug‘doydan bo‘shagan yerlarga mosh ekish haqidagi topshirig‘i, o‘z yerlariga boshqa ekinlar ekib, katta mehnat va ...
Bloglar
28 may 2024
Men millatchi emasman! Lekin qaytadan ta'mirlatilgan va Toshkent shahrining sobiq hokimi J. Ortiqxo‘jaev tomonidan Pasxaga ...
11 may 2024
1944 yilning 11 mayida Stalin barcha qrim tatarlarini Qrimdan surgun qilish haqidagi mash'um qarorni imzoladi. ...
6 may 2024
Hayrli kun! Urganch shahrida yashayman. Bugun quyidagi voqea yuz berdi: men avtobusda telefonda gaplashib turgandim. ...