Kinotasmaga tortilgan qadimiy Samarqand
Samarqandga bag‘ishlab suratga olingan bu film rejissyor N.Gavryushkin tomonidan «Goskino»ning 3-fabrikasida 1930 yili ishlangan, 2011 yili esa bir guruh kinotashabbuskorlar tomonidan qayta montaj va restavratsiya qilingan.
Filmda zilziladan so‘ng Ulug‘bek minorasining ta'mirlanish jarayonini kuzatish mumkin. Bir tomonga og‘gan qadimiy minorani to‘g‘rilash texnologiyasi taniqli muhandis V.G.Shuxov tomonidan taklif qilingan.
Ajoyib kadrlar bugungi kunda odamlar eslay ham olmaydigan bozorlardagi narsalar tasviridir. Masalan, jazirama issiqda maydalangan muzning asal bilan aralashmasidan iborat shirinlik.
Bozordagi ko‘ngilochar xizmat turlari ham qiziqarli. Jumladan, Registon maydonidagi suratkash mahalliy aholi vakillarini Moskvadagi Kreml aks etgan surat fonida suratga olmoqda. Bugungi kunda bu go‘yo bir latifaday eshitiladi.
Shahar transporti muammosi ham ko‘zga tashlanadi. Filmda avtobus kutayotganlarning turnaqator navbatini ko‘rish mumkin. Biroq yanada qiziqarli tomoni, navbatning intizomli tashkil etilganidir, odamlar, bugungi samarqandliklar atvoridan farqli, kamqatnov avtobusga chiqish uchun faqat o‘z navbatini kutishadi.
Film, shuningdek, o‘sha davrdagi Samarqand me'moriy majmuasi ahvolini aks ettiradi.
Vayron qilingan, biroq har doimgiday ulug‘vor, davrning yangi va murakkab silsilalarini kutayotgan qadimiy yodgorliklar.
Akmal Rizaev,
o‘zbekistonlik muallif taxallusi.
Eltuz.com