Asosiy mavzular
5 dekabr 2016

Saylov sahnasiga bir nazar

«Otasi» o‘lib, yetim qolgan O‘zbekiston telekanallari noyabr oyida asosiy e'tiborini saylov mavzusiga, undan ham muhimrog‘i saylovda 88,6 foiz ovoz bilan g‘olib chiqqan Shavkat Mirziyoev shaxsiga qaratdi.

Bungacha barcha telekanallar O‘zbekistondagi saylov tizimining qanchalik «demokratiyaga mos kelishi», barcha nomzodlarga «teng va birdek sharoit» yaratib berilgani, saylovoldi kampaniyasi «ochiq va oshkora» o‘tayotgani haqida tinimsiz bong urdi. Ustiga ustak, saylovni kuzatgani kelgan, yegan og‘iz uyalashini o‘zbekdan ham yaxshi o‘zlashtirib olgan ayrim xorijiy kuzatuvchilarning O‘zbekistondagi saylov haqidagi shirinkoma chiqishlari uyushtirildi.

Bir narsani avvaldan aytib qo‘ya qolay. O‘zTVda saylov mavzusi yoritilishidan sal ko‘nglim to‘lmadi. Chunki negadir mashhur teleboshlovchimiz Quddus A'zamovni chetga surib qo‘yishgandek tuyuldi. Uning bir-ikki «Munosabat» tok-shousini ko‘rdim, saylov to‘g‘risida hech gap yo‘q.

Nega shu boshlovchiga saylov to‘g‘risida gapirishga izn berilmadi ekan, deb hech savolimga javob topa olmay boshim qotyapti. Menimcha, shu narsa saylovoldi kampaniyasini yoritish jarayonining bir cheti kemtik bo‘lib qolishiga sabab bo‘ldi-yov.

Mayli Quddus aka, siqilmang demoqchiman, chunki hali bo‘lajak prezident to‘g‘risida aytilmagan gaplar ko‘p. Muhtaram (rahmatli) prezidentimiz to‘g‘risida tesha tegmagan madhlarni ko‘p aytardingiz. Bu tajribangiz hali qo‘l kelishiga shubham yo‘q.

Lekin «Mening yurtim» telekanalidagi «Mening ovozim» tok-shousini ko‘rib, gap yo‘q deb yubordim. Yoshlarning faolligini aytmaysizmi, xuddi yodlab olgandek gapiradi bular. Nutqi zo‘r-da. Xuddi saylov qonunchiligini o‘zlari yaratgandek, ipidan ignasigacha biladi bu yoshlar. Yana uning judayam demokratiyaga mosligini, xalq o‘zining xohish-irodasi ifodalashi uchun hamma jihatlarga egaligini bilganini qarang.

Keyin odobi ham joyida. Saylov to‘g‘risida biri-biriga gap beray demaydi, lekin nomzodlar haqida fikrini bildirmaydi. Birinchidan, o‘zi yo‘q odamni studiyada muhokama qilish yaramaydi, ikkinchidan, nomzodlarning hammasi el nazariga tushgan odam bo‘lgani uchun ularni xijolat qilib qo‘yadigan biror narsa aytilib ketishi ham mumkin buncha odam yig‘ilgan joyda. Shuning uchun yoshlarimiz odob saqlab o‘tirdi nomzodlar haqida gapirmay, buni tushunsa bo‘ladi.

Endi yangiliklardan gapirsak. Bu yilgi saylovning o‘ziga xos jihati prezidentlikka nomzodlar haqida ularni ta'rifu tavsiflovchi maxsus ko‘rsatuvlar tayyorlangani bo‘ldi. Bu ko‘rsatuvlar orqali biz nomzodlar Hotamjon Ketmonov, Narimov Umarov, Sarvar Otamurodov el-yurt uchun shu paytgacha «juda katta xizmatlar qilib qo‘ygani»ni bilib oldik.

Biz soddalar bu nomzodlar haqida shu paytgacha hech narsa bilmay yurganimizni ana shu ko‘rsatuvlarni ko‘rgandan keyin anglab yetdik. Eh-he, ular parlamentda faqat qo‘l ko‘tarib, prezident devonidan, Vazirlar Mahkamasidan kelgan topshiriqlarni, qonun loyihalarini qo‘llab-quvvatlash bilan cheklanib qolmagan ekan.

Ularning qonunchilik tashabbuslari, parlamentda o‘tirib qilgan ishlarini doston qilsa, bir tuyaning belini sindiradigan yuk bosadigan kitob bo‘lar ekan.

Yuqorida nega Shavkat Mirziyoevni boshqa nomzodlar qatorida sanamaganimizga esa boshqa sabab bor. Chunki uning o‘zi bir dunyo ekan. Undan boshqa nomzodlar qanchalik nufuzi kishilar bo‘lmasin, muvaqqat prezidentning qilgan xizmatlari oldida ularniki hech narsa bo‘lmay qolarkan.

Agar bu ko‘rsatuvni tomosha qilganlar bo‘lsa, quyosh porlab turganda oy ko‘rinmaydi, degan hikmatning mag‘zini chaqib olgandir. Chunki yaqinda «so‘ngan quyoshimiz nuri» ko‘zimizni qamashtirib, Sh.Mirziyoevning shu-u-uncha buyuk ishlarini ko‘rmay kelayotgan ekanmiz.

Mana, misollarga qarang. Shu paytgacha uch bosqichli sport o‘yinlari kimning tashabbusi bilan tashkil etilganini bilmasmidik. Bilar edik. O‘zA aytardi, O‘zbekistondagi hamma ishlarning tashabbuskori va rahnamosi Islom Karimov deb. O‘sha uch bosqichli sport o‘yinlarining ham tashabbuskori mahrum prezidentimiz bo‘lganiga ishonganmiz.

Gapning indallosi, bizni aldashgan ekan. Muvaqqat prezident to‘g‘risidagi ko‘rsatuvni ko‘rib, bunga ishonch hosil qildim. Chunki bittasi chiqib, aslida Sh.Mirziyoev Jizzaxda hokim bo‘lgan paytda viloyatda shunday tizimni yo‘lga qo‘yganini aytdi. Keyin bu tashabbus prezidentimizga yoqib, uni mamlakat miqyosidagi katta musobaqaga aylantirgan ekan.

O‘zAga, televideniega o‘xshaganlar xalqni aldab, tashabbusni boshqa odamga berib yuborgan. Biz soddalar yana bunga ishonib ketaverganmiz. Biroq haqiqat egiladi, bukiladi, ammo sinmaydi, degan hikmat bor. Xullas, yana o‘sha TVning yordami bilan tashabbus o‘z egasiga qaytdi.

Esingizda bo‘lsa, telekanallarimiz har doim aytgan kelgan, mustaqillik arafasidagi ur-yiqitlar paytida I.Karimov to‘daning ichiga dadil kirib, uncha-muncha janjallarni bosdi-bosdi qilib yuborgan. Namanganni eslang, Parkentni eslang.

Bunaqa mardlik, shijoat borasida Shavkat Mirziyoev o‘z ustozidan kam emasligi ma'lum bo‘ldi. Samarqandda hokim bo‘lgan vaqtida bunga guvoh bo‘lganlar aytib berdi bu haqda.

Emishki, Urgutdagi ikki qishloq suv ustidan janjal qilardi. Ish kattalashib ketgach, Sh.Mirziyoev xalqning dardini tinglagani boradi. Qishloqlar ahli esa faqat prezident kelsa gaplashamiz, prezident kelsin, deb hokimning gapini ikki qiladi.

«Ana shunda Shavkat Miromonovich men shu viloyatning hokimiman, muammolaringni hal qilib beraman, deb xalqning ichiga dadil kirib bordi. Jonini xatarga qo‘yib, xalqning ichiga kirib borib, muammoni hal qildi. U mardlikni, shijoatni Islom Karimovdan o‘rgangan», dedi hikoyachi.

O‘sha ko‘rsatuvdagi hikoyachilarning so‘zlariga qaraganda, Sh.Mirziyoev birinchi prezident bilan yelkama-elka turib, biznesni, ma'naviy hayotni, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni, qurilish va boshqa barcha sohalarni rivojlantirishga o‘z hissasini qo‘shgan.

«O‘zbekistonda amalga oshirilgan barcha ulkan qurilishlarda Shavkat Mirziyoevning bevosita ishtiroki bor. Prezidentimiz vafot etganida xalqni yanada jipslashtirish, og‘ir musibatlarni yengib o‘tish ham uning zimmasiga tushdi», deyildi ko‘rsatuvda.

Xullas, shunaqa gaplar. Yurtboshi vafotidan so‘ng xalq Sh.Mirziyoevni qaytadan kashf etmoqda. Tuppa-tuzuk odam ekan. Hatto yangi yurtboshilikka ham bemalol arziydi desa bo‘ladi.

Sal qo‘polroq tuyulsa-da, aytmasak bo‘lmas: Qozonga yursang qorasi yuqadi, deydilar. Yaxshi ma'noda aytyapman. Ma'no shuki, Sh.Mirziyoev o‘zining ustozi, o‘zlari aytganlaridek, otasi Islom Karimov yonida yurib, davlatni boshqarishdek ishda asqatadigan juda ko‘p amallarni, xislatlarni o‘zlashtirgan. Ya'ni ustozdan shogirdga yuqqan.

Yuqsin-yuqsin deymiz-u, ichimizda hammasi yaxshilikka bo‘lsin ishqilib, deb ham qo‘yamiz. Chunki rahmatli avvalgi prezidentimiz ham barcha sohalardagi islohotlarni shunga ke-e-eng ko‘lamli qilib yuborgan ediki, hamma islohot bilan bo‘lib, xalqimizning ahvoli barchaning yodidan ko‘tarilib ketgandi.

Shunga aytmoqchiman, ishqilib xalq esda tursin-da!

Bahodir Sharif
O‘zbekistonlik bloger
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
15 oktyabr 2023
Qashqadaryolik 61 yoshdagi erkak jami 32 bosh echkiemarni tutib olib, ulardan 12 tasini so‘yib yegan. Qolgan 20 tasini keyinchalik ...
17 iyun 2024
Germaniyadan O‘zbekistonga deport qilinayotgan afg‘onlar, Isroilga otilayotgan raketalar, ODKBni tark etayotgan Armaniston. Shuningdek Xisorak suv toshqini tafsilotlari Eltuzning 600 ...
17 dekabr 2021
Rassom Tuz pivo quchoqlagan ayol karikaturasini chizib tarmoqqa qo‘ydi. “Rasmga izoh yozing. Eng yaxshi izohlar «Eltuz»da nashr etiladi”. Javoblar ...
8 aprel 2020
17 yildan buyon Britaniyada istiqomat qilayotgan qishloq xo‘jaligi fanlari doktori¸ professor¸ agrokimyogar, tuproqshunos olim Ahmadjon Xorazmiy (Ahmad Hasanov) 5 ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...