Hukumat amaldorlarining san'at asarlariga bo‘lgan ikki xil munosabati
2014 yilning dekabrida Jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tumani sudi O‘zbekiston davlat san'at muzeyi bosh muhofizi Mirfayz Usmonovni 9 yilu 3 oyga ozodlikdan mahrum qilgan edi.
Jinoyat ishiga muzey fondidan yo‘qolgani va qalbakisiga almashtirilgani aniqlangan 25 ga yaqin rangtasvir asari asos bo‘lgan.
Biroq ayni muzeyga taalluqli ayrim tasviriy san'at asarlari 2013 yili uy qamog‘iga tashlangani iddao qilinadigan prezidentning to‘ng‘ichi Gulnora Karimovaning Jenevadagi uyidan topilgan edi.
2015 yilning 25 avgustida esa suratlar kamomadida ayblanib Nukusdagi Qoraqalpoq davlat can'at muzeyi direktori Marinika Bobonazarova ham ishdan bo‘shatildi.
Marinika Bobonazarova o‘zining ishdan bo‘shatilishini hukumat doxil shaxslarning muzey durdonalarini talon-taroj qilishlari uchun ochilgan yo‘l, deya baholagan edi.
Jumladan, 2015 yili 32 ta nodir kartina MXX zobiti bo‘lgan O‘zbekiston fuqarosi Yuriy Savinkovning uyidan topilgan.
O‘z davrida san'at durdonalari maskanlarining Gulnora Karimova va uning MXXdagi shotirlari uchun ochilgan kalitlari bugun boshqa shaxslar qo‘lida jaranglarkan, oldingi davrda kamomad qilgan muhofizni jazolashdan boshqacha munosabatni ham ko‘ramiz.
Masalan, hukumat nazdida istalmagan shaxs deya ko‘rilgan rassomning asarlarini yoqish istagini.
2016 yilning 2 dekabr kuni Urganch suratlar galereyasini tekshirgan MXX xodimlari galereya bosh muhofizi Shirin Toshevaga taniqli rassomlar Vyacheslav Oxunov va Shuhrat Bobojonov mo‘yqalamiga mansub 25 tacha asarni yoqishni buyurishdi.
Hamkasbi Mirfayz Usmonovdan farqqli Shirin Tosheva bunday jinoyatdan ko‘ra ishdan bo‘shash haqida ariza yozishni ma'qul ko‘rdi.
Oradan bir necha yil o‘tib, 2021 yilning noyabrida rassom Shuhrat Bobojonning ayni asarlari «Gilamlarda aks etgan urush» (War on carpet) kontseptsiyasi ostida Toshkentdagi «Hamar» ko‘rgazmalar zalida namoyish etildi.
Eltuz.com