Asosiy mavzular
16 yanvar 2017

Gulnora Karimova Shveytsariya prokurorlari so‘rog‘iga javob berdi

O‘zbekistonning marhum prezidenti Islom Karimovning Toshkentda uy qamog‘ida saqlanayotgan katta qizi yaqinda Shveytsariya prokuraturasi tomonidan pul yuvish ayblovi bo‘yicha so‘roq qilindi. Bu ma'lumotni uning ko‘rsatmalarini eshitishda ishtirok etgan advokat tasdiqladi.

So‘roqqa oid bu yozuvlar pop yulduz va tadbirkor sifatida tanilgan Gulnora Karimova qariyb uch yil muqaddam jamoatchilik ko‘zidan g‘oyib bo‘lganidan buyon u qanday vaziyatda ekani to‘g‘risidagi ilk real ma'lumotdir.

Shveytsariya prokuraturasi korruptsiya yuzasidan jinoiy surishtiruvlar bo‘yicha gumonlanuvchi deb atagan va AKSh prokuraturasi yirik poraning benefitsiari (benefitsiar – pul, manfaat, foydani olishi mo‘ljallangan shaxs) va haqiqiy egasi deb hisoblaydigan Karimova xonimning taqdiri sirliligicha qolayotgan, chunki u 2014 yilda o‘z mamlakatida hibsga olingandi.

O‘sha paytda O‘zbekiston prokuraturasi 200 million AQSh dollarini o‘marishda gumon qilinganlar ro‘yxatida uning ismini ham eslab o‘tgandi. Ammo bu ayblovning to‘la tafsiloti ochiqlanmagan va ochiq-oshkora sud muhokamasi o‘tkazilmagandi.

Sobiq sovet respublikasini yigirma besh yil davomida boshqargan otasining sentyabrdagi dafn marosimida ishtirok etmaganidan so‘ng uning qaerdaligi va qanday ahvoldaligi haqida yana ko‘plab savollar paydo bo‘ldi.

Lekin 9 va 10 dekabr kunlari shveytsariyalik ikki prokurorga u bilan O‘zbekiston poytaxtida uchrashishga ruxsat etildi. Umumiy davomiyligi 23 soatni tashkil etgan so‘roq bo‘lib o‘tganini sud tomonidan uning advokati etib tayinlangan Jeneva advokatlari kollegiyasi raisi Gregoire Mangeat ham tasdiqladi. Bu advokat Shveytsariyadagi surishtiruvlarda uni tamsil qiladi.

Advokatning aytishicha, ko‘rsatma berishidan oldin u Karimova bilan ikki marta yakkama-yakka uchrashish imkoniyatiga ega bo‘lgan.
«Uning salomatligi nisbatan ancha yaxshi edi, ammo xavfsizligi umuman kafolatlanmagan, – dedi janob Gregoire Mangeat. – U Toshkent markazidagi sobiq uyining bir burchagida yashamoqda. Unga tashqi olam bilan, hatto bolalari va o‘z advokatlari bilan muloqot qilish taqiqlangan».

Berndagi Shveytsariya prokuraturasi matbuot kotibi Bosh prokuror devonxonasi mulozimlari O‘zbekistonda bo‘lganini tasdiqladi. U tergovning borishi haqida boshqa ma'lumot berishni istamadi. Dam olish kunlari bo‘lgani uchun O‘zbekiston hokimiyati vakillaridan ham bunday ma'lumot olishning imkoni bo‘lmadi.

Advokat esa sud hujjatlarini o‘rganib chiqqanidan so‘ng o‘z mijoziga qarshi ilgari surilgan ayblovga oid savollarga javob bera olishini bildirdi.

Ablovlarga kelsak, Shveytsariya prokuraturasi Shveytsariyada musodara qilingan 800 million shveytsariya franki (793 million AQSh dollari) miqdoridagi mablag‘ xalqaro telekommunikatsiya kompaniyalari ishtirokidagi ehtimoliy korruptsiyadan Karimova xonimga tekkan ulush ekanini shubha bildirmoqda.

Keyinchalik tergov Niderlandiya, Shvetsiya va Frantsiyada ham davom etdi. «Ammo Karimovaning bugungi saqlanish holati uning o‘zini himoya qilishini juda qiyinlashtiradi, hatto bunga imkon bermaydi», dedi advokat Gregoire Mangeat.

Shveytsariyalik prokurorlarning Karimova xonim bilan uchrashishiga ruxsat etilishi O‘zbekiston hukumati tomonidan o‘zgarishlar sari qo‘yilgan qadamdir. Chunki prezident Karimov davrida bu kabi hamkorlikka to‘sqinlik qilib kelingan.

Tahlilchilar fikricha, bu holat O‘zbekistonning yangi prezidenti Shavkat Mirziyoevning mamlakat obro‘siga dog‘ tushirgan va uzoq cho‘zilib kelayotgan bu korruptsion mojaroga chek qo‘yish istagini ko‘rsatayotgan bo‘lishi mumkin.

The Wall Street Journal dagi maqola Eltuz.com tomonidan tarjima qilindi.

Maqolaning ingliz tilidagi originalini quyidagi ilovada o‘qish mumkin: <a href=»http://www.wsj.com/articles/uzbekistans-gulnara-karimova-questioned-by-swiss-prosecutors-over-money-laundering-allegations-1484478684″>http://www.wsj.com/articles/uzbekistans-gulnara-karimova-questioned-by-swiss-prosecutors-over-money-laundering-allegations-1484478684</a>

Tag‘in o‘qing
8 fevral 2019
Aytaylik, g‘orda yashaydigan ibtidoiy odam yoniq turgan televizorni ko‘rib qoldi. Uning ilk reaktsiyasi qanday bo‘ladi? Albatta, dastasi yog‘och tosh ...
25 fevral 2021
Bolaligimda mendan 5-6 yosh katta qo‘shni kaptarvoz bola bo‘lardi. Ko‘pincha kaptarlari bizning hovlimizga uchib kelib qolardi. Hovlimizda u joy, ...
7 sentyabr 2021
Uzoq yillar davomida O‘zbekistonda talabalar uchun yangi o‘quv yilining boshlanishi paxta terimiga chiqishni anglatardi. Terimdan bosh tortish deyarli mumkin ...
20 noyabr 2020
Istayman: uyimning derazalari Doim ochiq tursin, lang ochiq tursin. Xonamda o‘ynasin quyosh zarlari, Yetmish yurt – iqlimdan shamollar yursin. ...
Bloglar
19 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...