Yashirilgan kasalning isitmasi
O‘zbekistonda Toshkent shahridan tashqari barcha hududlarda tabiiy gaz va elektr energiyasi ta'minoti abgor ahvolda ekani shu vaqtgacha hammaga ma'lum edi, faqat mahalliy matbuot og‘ziga suv olgandek bu haqda gapirmasdi.
Ammo so‘nggi vaqtlarda bu muammo mahalliy OAV eng ko‘p e'tibor qaratadigan mavzulardan biriga aylanayotgani guvohi bo‘lyapmiz. To‘g‘ri, ular masalaning tub ildizini hukumatning shu kungacha tutib kelgan siyosatiga bog‘layotgani yo‘q. Shunga qaramay, bu haqda ochiqroq yozishga intilish bo‘layotganining o‘zi ham OAVdagi ijobiy o‘zgarishdir.
Ayniqsa, mazkur muammolarni yoritishda Kun.uz sayti o‘zini ko‘rsatyapti. Yaqinda sayt Shahrisabzdagi elektr tanqisligi haqida tanqidiy maqola e'lon qilgandan so‘ng ketma-ket shu mavzuga murojaat etyapti.
Xususan, unda bu masalada fuqarolardan kelgan turli maktublardan parchalar e'lon qilindi.
Qashqadaryoning Nishon tumanidan Shuhrat ismli fuqaro elektr yo‘qligi to‘g‘risida yozar ekan: «Men Toshkentda ishlayman, qishloqqa borgan paytlarim xuddi o‘rta asrga tushib qolganga o‘xshayman», deb aytgan va bu qishloq gazni esdan chiqarganiga ancha bo‘lganini qo‘shimcha qilgan.
Samarqandning Narpay tumanidan bo‘lgan Bahodir Turdiev esa elektr yo‘qligi haqida prezident qabulxonasiga ham yozgani, lekin javob yo‘qligini bildirgan.
Shahrisabzlik Rustam esa: “Iltimos, shahrisabzliklarning chiroq masalasini boshqa yozmanglar. Sizlar maqola yozgan kundan boshlab sutkasiga 20-10 daqiqa elektr berishyapti. Mana shu maqola chiqqanidan beri oldingidan ming marta yomonlashdi holat”, deb ma'lum qilgan.
Saytda ko‘pgina shikoyatchilar hatto bu haqda ochiq aytilgandan so‘ng ham hech kim quloq solmayotgani, izoh berishni istamayotganini yozgan. Shuningdek, ba'zi fuqarolar qarzdor deb hadeb xalqni ayblayvermaslikni talab qilgan.
«To‘g‘ri, qarzdorlik bor, lekin nega qarz, degani hech kim yo‘q. Shunday tumanlar borki, birorta ishlab chiqarish korxonasi yoki tashkilot yo‘q, lekin yuz minglab aholisi bor.
Ular erta bahordan to kech kuzgacha tinim bilmay ishlaydi. Ishlab topgani 500-600 bog‘lam g‘o‘zapoyasi, 5-6 litr o‘simlik moyi va yana allanimalar. Shunday bo‘lgandan keyin qarz bo‘ladi-da», deb yozgan Marhamat tumanilik Bahor ishsizlik masalasiga ham e'tiborni qaratadi.
“Bizning tumanda bor-yo‘g‘i 5 yoki 7 foiz ishsiz, deb bong uradi. Aslida-chi, nari borsa 10 foizi ish bilan band», deydi Bahor.
Yana bir e'tiborli jihati shuki, mazkur sayt mahalliy OAV tarixida kamyob bo‘lgan yana bir mavzu – O‘zbekiston dunyoning eng korruptsiyalashgan davlatlardan biri ekani haqida ham ochiq yozdi.
Sayt Transparency International tashkilotining dunyo mamlakatlaridagi korruptsiya darajasini aks ettiruvchi reytingi haqidagi mazkur maqolasida O‘zbekiston bu reytingda Kambodja, Kongo Demokratik Respublikasi bilan birgalikda 156-o‘rinni egallab turgani, Tojikiston, Turkmaniston va Qirg‘iziston ham bu borada bizdan yuqoriroqda joylashganini bildiradi.
To‘g‘ri, maqolada O‘zbekiston nega reytingda bunchalik past o‘rinda ekani masalasida fikr-mulohazalar yo‘q.
Mahalliy matbuot so‘nggi 25 yil davomida biror kishiga (ayrim sportchilarni hisobga olmaganda) fuqarolik berilmagan O‘zbekistonda bu borada yangi prezident tomonidan qilingan o‘zgarishlar haqida ham yozmoqda.
Biroq ular ba'zilarga fuqarolik berilganini prezident sha'niga minnatdorlik bildirish fonida yoritish yo‘lidan boryapti.
Xususan, «Qishloq hayoti» gazetasi (24.01) Qoraqalpog‘istonda O‘zbekiston fuqaroligi berilgan 28 kishiga pasport topshirish marosimi o‘tkazilgani haqida yozdi.
«Qariyb chorak asr kutgan orzu-umidlarim amalga oshmoqda. Buning uchun prezidentimiz Shavkat Mirziyoevga minnatdorchilik bildiraman», degan O‘zbekiston pasportini olgan Muzaffar Aymanov.
Galina Mordovina ham o‘ziga «ozod va obod yurt fuqaroligi berilgani» uchun prezidentdan minnatdor bo‘lgani yozilgan.
«Pravda vostoka» gazetasi (25.01) esa ko‘p yillardan buyon gaz tanqisligidan qiynalib kelayotgan O‘zbekiston xalqini «xursand qiladigan» bir ixtiro haqida ma'lum qildi.
«Sho‘rtanneftgaz» MJCh xodimlari yangi biogaz uskunasini ixtiro qilibdi. O‘lchami kichik bo‘lgan bu uskuna kichik chorvachilik xo‘jaliklari va xususiy sektor uchun mo‘ljallangan bo‘lib, energiya sarfi va atmosferaga chiqadigan zararli chiqindilarni kamaytirishi aytiladi.
«U muqobil energiya manbalarini olish uchun qishloq xo‘jaligi sohasida qo‘llanilishi mumkin», deb yozadi gazeta.
Hukumat aholini tabiiy gaz bilan ta'minlash muammosini hal etib bera olmayotganini e'tiborga olsak, yangi uskuna ancha ommaviylashadi, deyishga asos bordik. Chunki gazeta uskuna haqida yozar ekan, u «ham gaz, ham o‘g‘it» ekaniga urg‘u bergan.
Hukumat «aholi farovonligini oshirish» uchun har bir oilani yuztadan tovuq boqishga chorlayapti. Demak, mamlakatda tovuq go‘ngi mo‘l bo‘ladi. Qiziq, tovuq go‘ngidan biogaz olsa bo‘larmikin!?…
Bahodir Sharif
O‘zbekistonlik gazetxon tahallusi
Eltuz.com