ART-DURBIN
20 fevral 2017

Mirziyoev uchun ko‘rgazma yoki muzey direktori ishdan ketdimi?

O‘zbek prezidentining Moskvaga safariga to‘g‘ri keladigan sirli ko‘rgazma ortidagi gap-so‘zlar

Rossiya matbuoti Nukusdagi Savitskiy nomidagi muzey durdonalaridan tarkib topgan ko‘rgazma aprel oyida Moskvadagi Pushkin muzeyida ochilishi haqida xabar tarqatdi.
O‘zbek nashrlari ham bu xabarni karnay qilib aynan takrorladi (o‘zbek vatandoshlari o‘z yurti bilan bog‘liq xabarlarni dublikat tarzida olishga ko‘nikib bo‘lgan).

Moskvadagi Pushkin nomidagi tasviriy san'at muzeyi direktori Marina Loshak xonim Nukus muzeyiga borib, o‘sha joyning o‘zida Rossiya poytaxtida ko‘rgazma o‘tkazish qaroriga kelgan edi.

Javobsiz savollar

Dilshod Azimov, restavrator, ayrim asarlar qalbakilashtirilgan Savitskiy muzeyini tekshirish tashabbuskorlaridan biri

Qiziq, dunyoga tanilgan san'atshunos, vizual san'at bilimdoni, san'at arbobining Nukusga tashrifi o‘zbek OAVlari diqqatidan nega chetda qoldi? Nega bu tashrifda o‘zbek san'at arboblari ishtirok etmadi? Umuman, bu ko‘rgazma atrofida juda ko‘p savollar tug‘ilmoqda. Ma'lum bo‘lishicha, MXX tarafidan O‘zbekistondagi barcha katta muzeylarda kollektsiyalarning saqlanishi yuzasidan keng qamrovli tekshiruvlar davom etmoqda.

Birinchi prezidentning to‘ng‘ichi Gulnora Karimova “qulatilishi” ortidan 2014 yilda jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tumani sudi O‘zbekiston davlat san'at muzeyi bosh muhofizi Mirfayz Usmonovni 9 yilu 3 oyga ozodlikdan mahrum qilgan edi.

Toshkent shahri prokuraturasi vakili Temur Normuhammedovning «Eltuz» muxbiriga eslatishicha, 1999 yildan 2014 yilga qadar muzeyning ko‘plab nodir asarlari sotib yuborilib, davlatga juda katta miqdorda zarar keltirilgan.

O‘g‘riga aylangan qorovul yoki «Ы» operatsiyasi

Nukus muzeyi. Foto: http://gruppa5.livejournal.com
http://gruppa5.livejournal.com

Bosh muhofiz Mirfayz Usmonov muzeyning boshqa xodimi – restavrator Abdurahmon Muranovga kartinalarning qalbaki nusxasini chizdirib, original nusxani sotib yuborgan. Shu tariqa Aleksandr Nikolaevning “Bola surati» («Risunok malchika”), «Meva ko‘targan qiz» («Devushka s fruktami”), Oganes Tatevosyanning “Choyxona”, “Buxoro”, “Dengiz”, Nikolay Karaxanning «Hovuz bo‘yidagi qizlar» (“Devushki u xauza”), Rixard-Karl Zommerning «Tog‘ daryosi ustidagi ko‘prik» (“Most cherez gornuyu reku”), “Kabobxona” kartinalari pullangan.

Shuningdek, Usmonov muzeyning eksponatlarni ta'mirlash laboratoriyasi mudiri Baxtiyor Botirov bilan til biriktirib, yevropalik rassomlarning 25 ga yaqin asarini ham sotib yuborgan. Qayd etilishicha, sud Botirov va Muranovga 8 yilga ozodlikdan mahrum etish jazosini bergan.

Bu voqea ortidan madaniyat va san'at mulozimlari nazorat ostiga olindi. Uzoq yillar Badiiy akademiya raisi bo‘lgan, O‘zbekiston madaniyat va sport ishlari vaziri lavozimida ishlagan Tursunali Qo‘ziev mansabidan olinib, ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Qo‘ziev yetkazilgan zararni qoplash sharti bilan qamalmay qoldi.

Savitskiy nomidagi Nukus san'at muzeyining uzoq yillik mudirasi Marinika Bobonazarova ishdan ketkazildi. Badiiy akademiya raisi Akmal Nuriddinov va uning xotini, Milliy galereya direktori Kamola Oqilova ustidan uzoq va jiddiy taftish boshlandi.

Buxoro muzeyida qadimiy oltin taqinchoqlar qalbakisiga almashtirilgani borasida surishtiruv ketmoqda. Xivaning Ichan qal'a muzey-qo‘riqxonasiga qarashli Nurillaboy saroyidagi talon-toroj borasida bo‘lib o‘tgan to‘rtta sud mahkamasida muzeylardan asar o‘g‘irlash tizimli tus olgani aniqlandi.

Urganch suratlar galereyasidan Andrey Krikis asarining izsiz yo‘qolishi va kamida ikki haykalning qalbakisiga almashtirilishi yuzasidan o‘sha paytda muzey rahbari bo‘lgan Bekpo‘lat Bog‘ibekov hali jazoga tortilmadi.

Ma'lum bo‘lishicha, shu kunlarda respublika muzeylarida taftishlar yakunlanmagan. Har holda tekshiruv yakunlangani haqida rasmiy bildiruv yo‘q. Ayni paytda xalqaro ko‘rgazmalar uyushtirishni rejalagan kuratorlar o‘zbek muzeylariga murojaat qilib, muzey xazinasidagi biror asarni ko‘rgazma uchun so‘raganida qat'iy rad javobini olmoqda. Chunki muzeylarda MXX tarafidan taftish ketmoqda!

Moskvaning kollektsiyaga tikilgan nazari

Pushkin nomidagi San'at muzeyi direktori Pushkina Marina Loshak v Nukusda
Pushkin nomidagi San'at muzeyi direktori Pushkina Marina Loshak v Nukusda Foto: naesmi.uz

Shu o‘rinda savol. Qanday qilib O‘zbekistondagi eng qimmat asarlar jamlamasining Moskvaga safar qilishiga izn olindi? Bu jamlamaning foto inventarizatsiyasi hunuz yo‘qligi bu savolni yana ham dolzarblashtiradi. Gulnora Karimovaning inqirozidan oldin “muzey asarlarini ko‘rgazma bahonasida chetga olib chiqib sotib yuborish” an'anasi ovoza bo‘lgan edi.

Masalan, Moskvadagi rassomlar uyida ishlaydigan munaqqid «Eltuz» muxbiriga muzeydagi rasmlarni ko‘rgazma orqali sotish sxemasini gapirib berdi: Moskvada marhum Rahim Ahmedovning shaxsiy ko‘rgazmasi tashkil etilgan, unga O‘zbekiston muzeylaridan ham bir qancha shoh asarlar Gulnora Karimovaning og‘zaki buyrug‘iga ko‘ra rasmiy iznsiz olib borilgan. Davlat muzeyi xazinasidagi «Ona o‘ylari» asari shu tariqa Moskvada paydo bo‘lgan.

Bu asarni Moskvada xususiy kollektsionerlarga sotish rejalangan. O‘zbekiston muzeyiga oid bu asarni 58 ming AQSh dollariga sotishga kelishilgan. O‘sha paytda tirik bo‘lgan Ahmedovga yaqinlari orqali bosim o‘tkazilib, muzey uchun nusxa chizishga ko‘ndirilgan. Biroq ko‘rgazma zali boshlig‘i bundan xabar topgach, katta janjal ro‘y bergan. Moskvadagi ko‘rgazmaga asosiy, muzey fondidan olingan ishlar zudlik bilan Toshkentga qaytarib jo‘natilgan. Olingan avans evaziga ro‘yxatda bo‘lmagan ishlar berilib, janjal bosti-bosti qilingan.

Tansiqboev va Ufimtsev asarlari ko‘rgazmalari ham shu kabi xufyona tarzda va «Gulnora Karimova topshiriq berdi» niqobi ostida sotib kelingan. Bunday sxemada tashkil qilingan bir-ikki ko‘rgazmaga O‘zbekistonning davlat muzeylaridan olib chiqib ketilgan ba'zi san'at durdonalari bilan bog‘liq jinoyatlar bois madaniyat va sport ishlari sobiq vaziri Rustam Qurbonov ishdan olindi. Bu sxema asosida Angrendagi Ufimtsev galereyasidan Kashina, Tansiqboev, Labas, Ahmarov asarlari sirli tarzda g‘oyib bo‘lgan, deydi munaqqid.

Kafolatni kim beradi?

Bu voqealar fonida gapiradigan bo‘lsak, Nukus muzeyidagi durdonalar Moskvada almashtirilmasligi yoki bezbetlarcha pullanmasligi uchun kafolatni kim berdi? Agar kollektsiyaga bir gap bo‘lsa, kim javob beradi? Shu kunlarda dumi tugilayotgan madaniyat va sport ishlari vazirimi?

Nukus muzeyida rasmlar qalbakilashtirilgani va almashtirib qo‘yilgani haqidagi hech kim rad etmagan iddaolar fonida bu savol jiddiylik kasb etadi. 4 aprel kuni O‘zbekiston prezidentining Moskvaga rasmiy safari haqidagi xabar ko‘p narsaga oydinlik kiritdi. Mirziyoev o‘z rahnamosi, yo‘l ko‘rsatuvchi siyosiy padari Vladimir Putin oldiga sajda uchun borar ekan, safarning eng mayda detallari ham muhokama qilinganiga shubha yo‘q. Mirziyoev safari uchun peshkash bo‘lishi kutilayotgan O‘zbekistonning noyob kollektsiyasini bir imzo bilan chetga chiqarishga izn bergan mulozim barcha mas'uliyatni zimmasiga ola oladimi?

Bu orada asarlarning saqlanishi va safardan qaytmagan asarlar borasidagi shov-shuvli jinoyatlarning chigili yechilmaganini yana ta'kidlash lozim. Viktor Ufimtsevning muzeydan gumdon bo‘lib, Moskvadan daragi chiqqan asarlari qaytarilmagan, Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xiva muzeylaridagi o‘g‘irliklar borasida xulosa qilinmagan paytda bu jamlamaning shubhali safari o‘rinlimi? Boz ustiga, madaniyat va sport ishlari sobiq vaziri, O‘zbekiston rassomlar uyushmasini tugatib, o‘rniga Badiiy akademiya tashkil qilish tashabbuschisi Tursunali Qo‘ziev jiddiy jazoga tortilgani yo‘q.

Akademiya raisi Akmal Nuriddinov va Milliy galereya mudirasi Kamola Oqilova o‘z lavozimida qolmoqda. Samarqanddagi tarix muzeyidan g‘oyib bo‘lgan qimmatbaho rang-tasvir kollektsiyasi borasida ham mulozimlar og‘ziga qatiq uvitib sukut saqlamoqda.

O‘zbekiston adabiyoti muzeyidan yo‘qolib, MXX generallari uyidan chiqqan qadimiy qo‘lyozmalar, O‘zbekiston musulmonlari idorasida saqlanayotgan Usmon mushafining yirtib olinib, sotib yuborilgan 9 varag‘i borasida ham jamoatchilikka ma'lumot berilgani yo‘q.

Bularning hammasi mamlakat mulozimlari mazkur masalalarga panja orasidan qarayapti, deyishga asos bo‘ladi. Mulozimlar uchun san'at va madaniyat o‘gay va kambag‘al qarindosh kabi qadrsiz. O‘zbekiston yangi rahbarining Moskvaga safarini samarali qilib ko‘rsatish uchun noyob kollektsiyani o‘rnidan siljitish juda katta avantyuradir. Bu millat san'ati, madaniyati va badiiy merosiga malakasiz, johillarcha munosabatning eng ayanchli namunasidir.

Maqola adog‘ida yana bir pisanda. O‘zbekiston vatandoshlari o‘zlarining boshkenti bo‘lmish Toshkentda Nukusdagi Savitskiy muzeyining to‘laqonli kollektsiyasini ko‘rish sharafiga hanuz muyassar bo‘lmadi. O‘zbek mulozimlari o‘z poytaxti uchun ravo ko‘rmagan kollektsiyani rus og‘alariga ilinibdi.

Nima ham derdik. Hech bo‘lmaganda Rossiyadagi o‘zbek mehnat muxojirlari bu ko‘rgazmani tomosha qilib, millat madaniy merosi ko‘lamini his etar, degan umid ko‘ksimizni ilitadi.


P.S. Maqola yozilib bo‘lgan paytda Nukus muzeyiga yaqin manbadan ma'lumot keldi. Moskva muzeyi rahbari Marina Loshakning Nukisga tashrifidan so‘ng Savitskiy nomli muzey direktori Maqset Qarliboev ishdan bo‘shash haqida ariza yozgan. Iste'fo qabul qilingan. Bu ma'lumot hanuz rasmiy tasdig‘ini topmadi. Lekin bu taxlit yangiliklarni o‘zbek jamoatchiligiga yetkazish eng so‘nggi navbatga qo‘yilishi bilan bog‘liq tutumni bilamiz. Har xolda bu habar Moskvadagi ko‘rgazmadan keyin aytilsa kerak. Qarliboev nega ishdan bo‘shashuchun ariza yozdi? Buni ortida qanday sabablar bor? Biz faqat tahmin qilishimiz mumkin xolos. Bu borada ikki mulohaza bor. Birinchisi Qarliboev kollektsiyani chet elga olib chiqilishiga qarshi bo‘lgan. Lekin darhol aytamiz¸ bu zaif tahmin. Mahalliy mulozimning o‘z tashabbusi bilan bir narsaga qarshi bo‘lishi ishonarsiz. Ikkinchi sal ishonarliroq versiyaga ko‘ra tajribali munaqqid Marina Loshak balki Nukus muzeyining mavjud faoliyatiini tanqid qilgan. Tanqid uchun sabablar juda ko‘p. Boz ustiga respublikadagi Mirziyoev fazosi muloznig tanqid qilinishi ortidan bu vazirlikni ajratish¸ “o‘zbekmuzey” kabi muhim tashkilotni yo‘q qilish haqida 15 fevral farmonidagi siyoh hali qurigani yo‘q.

Akmal Rizaev
O‘zbekistonlik muallif tahallusi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
20 dekabr 2020
Rossiyaning iqtidordagi «Yedinaya Rossiya» partiyasi deputatlari Qozog‘iston yerlarining bir qismi Rossiyaniki, deya uni qaytarish lozimligini ta'kidlamoqda. Qozog‘iston jamoatchiligi va ...
5 oktyabr 2023
XIX asr o‘rtalariga kelib Turkistondagi uch mamlakat – Qo‘qon, Xiva va Buxoro xonliklarini uch yirik imperiya – Buyuk Britaniya, ...
2 dekabr 2019
Qish mavsumi boshlanishi bilan mamlakat viloyatlarida elektr tarmog‘idagi uzilishlar tag‘in kuchaydi. Rassom Dumham Farg‘ona viloyati, Beshariq tumani, Telov qishlog‘i, ...
24 aprel 2020
Qadrli «Eltuz» ko‘rarmonlari, men sizning har juma rassom Tuz va'zlarini kutayotganingizni bilaman va sizning e'tiboringizni qadrlayman. Afsuski, bu hafta ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...