Asosiy mavzular
8 mart 2017

Rus razvedkachisining sirli tashrifiga munosabatlar yo‘q

Rossiya Tashqi razvedka xizmati direktori Sergey Narishkinning O‘zbekistonga sirli tashrifi na mahalliy matbuotda, na biz kuzatishga muvaffaq bo‘lgan rus matbuotida atroflicha yoritilmadi.

Rus maxfiy xizmatlaridan birining rahbari O‘zbekiston rahbari tomonidan qabul qilingani to‘g‘risida umumiy gaplardan nariga o‘tilmagan ma'lumotlar tarqatildi, xolos.

«Davlatimiz rahbari mehmonni qutlar ekan, mamlakatlarimizning zamonaviy tahdid va xavf-xatarlarga qarshi kurashish sohasidagi o‘zaro hamkorligi yuksak darajada ekanini alohida ta'kidladi», deb yozdi, masalan, «Xalq so‘zi» gazetasida O‘zAga tayanib (01.03).

Xabarda «suhbat chog‘ida ekstremizm, terrorizm, narkotrafik va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish masalalariga alohida e'tibor qaratilgani» bildiriladi.

Shuningdek, S.Narishkinning «davlatlarimiz xavfsizligini ta'minlash borasidagi dolzarb vazifalarni bajarishdagi o‘zaro hamkorlik darajasini yuqori baholagani» aytiladi.

Bor gap shu. Albatta, bunday uchrashuvlarda qanday konkret masalalar ko‘tarilishi haqida ma'lumot olish juda qiyin ish. Shunga qaramay, ikki davlat munosabatlari va xalqaro maydondagi voqealar rivoji asosida qandaydir mulohazalarni aytish mumkin edi.

Masalan, Markaziy Osiyo davlatlari bo‘ylab safarga chiqqan Rossiya prezidenti Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistonda bo‘lib, Turkmaniston rahbari bilan telefonda suhbatlashgan bir paytda nega O‘zbekistonga kelmaganini tushunish mumkin.

Yaqin kunlarda O‘zbekiston rahbarining Rossiyaga tashrifi kutilayotgani bu savolga javob topish imkonini beradi.

Lekin nega ayni shu kunlarda S.Narishkinning Toshkentga tashrifidan muddao nima? Balki O‘zbekistonda bugungi kunda ham davom etayotgan hokimiyat o‘zgarishlariga ta'sir o‘tkazishdir?

Yoki o‘zbek maxfiy xizmati atrofida kundan kunga urchiyotgan turli vahimali mish-mishlarga doir birorta ma'lumotni O‘zbekiston rahbari bilan baham ko‘rish, shu orqali uning Rossiyaga moyilligini kuchaytirishga urinishmikin bu sirli safardan maqsad?

So‘nggi vaqtlarda Afg‘onistonda o‘zbek generali, mamlakatimizning janubiy chegaralaridagi vaziyatning barqaror bo‘lishida o‘ziga xos rol o‘ynaydigan Abdurashid Do‘stimning mavqeini sustlashtirishga qaratilgan harakatlar bormoqda.

Balki rus razvedkachilari rahbari bu borada O‘zbekiston uchun muhim bo‘lgan biror ma'lumot bilan o‘rtoqlashgisi kelgandir?
Rus Tashqi razvedka xizmati direktorining Toshkentga safari rasmiy emas, amaliy tashrif maqomiga egaligining o‘zi uning rasmiyatchilik uchun emas, qandaydir jiddiy masalalar yuzasidan gaplashish uchun kelganidan darakdir.

Nima bo‘lganda ham u O‘zbekistonga shunchalik kelib-ketmagani aniq.

Yuqorida aytilganidek, bu haqda aniq ma'lumotlarga ega bo‘lish imkoniyati deyarli yo‘q. Shunga qaramay, hech bo‘lmasa, biz keltirgan savollar atrofida salgina mulohaza qilinsa, ko‘pchilikni qiziqtiradigan gaplar aytilishi mumkin edi.

Afsuski, hozirgi o‘zbek matbuoti bu kabi mulohazalarni o‘z mushtariylari bilan baham ko‘rish salohiyatini yo‘qotgan.

Bahodir Sharif
O‘zbekistonlik gazetxon tahallusi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
26 mart 2018
Prezident Mirziyoev 23 mart kungi yig‘ilishda matbuotni maqtamaslikka, bor haqiqatni ko‘rsatishga chaqirdi. «Maqtamanglar. Maqtaydigan davrlar o‘tib bo‘lgan. Raislar bilan ...
31 iyul 2024
Shvetsiyadagi ulfatlar taklifi bilan yakshanba kungi shashlikxo‘rlik o‘z o‘zidan siyosiy mavzuga ko‘chdi. Va men mezbonlar izni bilan suxbatni Eltuz ...
15 aprel 2016
O‘zbek matbuotiga bergan intervyularida rejisser yangi film voqealari o‘tgan asrning 90 yillari boshida, O‘zbekiston endigina mustaqillika erishga davrdagi tarixiy ...
28 yanvar 2019
Yangi yildan boshlab qo‘shimcha qiymat solig‘i joriy etilishi ortidan O‘zbekistonda tadbirkorlarning soliqdan qochishga intilishlari yanada kuchaygani kuzatilmoqda. So‘nggi vaqtlarda ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...