Asosiy mavzular
8 may 2017

Sanjar Said: “Oltin qalam” tanlovida qatnashish isnod»

3 may – Jahon matbuot erkinligi kuniga bag‘ishlab “Oltin qalam” mukofotlarini topshirish marosimi jurnalistlar va ayrim nashrlar e'tiroziga sabab bo‘ldi.

Jumladan jurnalist va bloger Sanjar Said o‘zining feysbukdagi sahifasida “Kimlarningdir shaxsiy tomorqasiga aylangan bu tanlovda qatnashish va unda g‘olib bo‘lish isnod” degan so‘zlarni yozdi.

Aslida matbuot erkinligiga parodiya ekani iddao qilinadigan marosimda shu paytgacha faqat mavjud hukumatning maddohlari mukofotlanib kelingan.

O‘zbek matbuoti ozgina tilga kira boshlagan bu yil ham ayni an'ana buzilmadi.

Lekin bu holat, avvalgi yillardagidan farqli o‘laroq, mahalliy nashrlarning jiddiy e'tirozlari ham yangradi.

Masalan, Kun.uz internet nashri ijtimoiy tarmoqlarda ancha bahsu munozalarga sabab bo‘lgan bu e'tirozlarni o‘z sahifasida yoritdi.

«Jahon so‘z erkinligi kunida bir to‘da yaloqxo‘r, qo‘g‘irchoq so‘zbuzar-maqtovtuzarlarning qilgan beminnat xizmatlarini taqdirlash uchun o‘ylab topilgan bu mukofot aslida so‘z erkinligi, fikrlash erkinligi, jurnalistlar haqqoniyligi, xolisligiga katta daxldan boshqa narsa emas», degan jumladan bloger.

Tafsilot.uz nashri esa boshqa bir jurnalist Behzod Qobulovning «Oltin qalam»: ochib ko‘rilmagan yig‘ma jild, sovrindorlarni saralashdagi mantiqsizlik va hokazolar» sarlavhasi ostidagi mulohazalarini chop etdi.

Jurnalist mukofot munosiblarga emas, «xos»larga berilishiga ishora qilar ekan, tanlovga topshirgan hujjati yig‘ma jildini yelimlab topshirgan bir taniqli publitsist o‘ziga mukofot tegmagach, yig‘ma jildini olgani borsa, uning hatto ochib ko‘rilmaganiga guvoh bo‘lganini aytadi.

Maqolada joriy yilgi bosh mukofot har doim boshqa nashrlardan bir-ikki pog‘ona yuqorida yuradigan «Tafakkur» jurnaliga berilgan bo‘lsa-da, bu jurnalning avvalgi yillardagi xizmatlari uchun taqdim etilgani, aynan bu yil uning tanlov g‘olibi bo‘lgani esa adolatdan emasligi ta'kidlanadi.

Matbuot nominatsiyasida «Yosh kuch», «Yoshlik», «Jamiyat» kabi bosma nashrlar qolib, dehqonga ekish, sug‘orishlarni o‘rgatadigan «Qishloq hayoti» hamda adabiyot va san'atdan ko‘ra ko‘proq hukmron mafkura targ‘iboti bilan shug‘ullanayotgan «O‘zbekiston adabiyoti va san'ati» gazetalariga berilgani ham keskin tanqid qilingan.

Internet jurnalistikasi nominatsiyasida esa davlatga tegishli O‘zAning internetda umuman faollik ko‘rsatmagan jurnalisti birinchi mukofotga loyiq ko‘rilgani achinish bilan tilga olingan.

«Iste'dodga baho berayotganda alohida buyurtma bilan yozilgan maqolalar mezon sanalsa, kelgusi yili mtrk.uz sayti xodimlari «Axborot»ni o‘z vaqtida internetga joylab borayotgani uchun internet yo‘nalishida mukofotlansa, ajab emas», deya istehzo qilinadi maqolada.

Bahodir Sharif
O‘zbekistonlik gazetxon tahallusi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
28 iyun 2021
Asfalti yo‘q ko‘chalar, gazlashtirilmagan uylarimiz haqida «Do‘stlik bayrog‘iga» yozganimda o‘n uch yoshda edim. Qishlog‘imizni badbo‘y hidga to‘ldirgan, mevali daraxtlarni ...
18 mart 2017
Keyingi 2 oy mobaynida Andijon shahrida oltita pichoqbozlik qayd qilingan. Andijon shahar Ichki Ishlar boshqarmasining o‘tgan payshanba maxalliy nashrlarga ...
10 iyun 2016
Bugun, 10 iyun – toshkentliklar uchun og‘ir yo‘qotish, eng ekologik jamoat transporti bo‘lgan tramvay so‘nggi manzilga kuzatilganini yana bir ...
27 may 2022
(Taniqli shoir va siyosatchi Muhammad Solihning “Imperativ” kitobidan 52-qism. Audiokitob matnini muallifning o‘zi o‘qigan) Musulmonlarning joriy fojiasi islomga qattiq ...
Bloglar
23 yanvar 2025
O‘zbekiston mudofaa vaziri Xolmuxammedov bosqinchi gazanda Rossiya bilan 2026-2030 yillarda harbiy sohada strategik hamkorlik dasturi ...
20 yanvar 2025
O‘zbekiston prezidenti uyida yirtqich hayvon¸ ilon va xasharotlarni boqadiganlar jazolanishi haqidagi qarorni 16 yanvar kuni ...
12 yanvar 2025
Turli mavzularga o‘z qarashi bilan farqlanadigan bloger Kirpi Prezidentning 380-sonli qarori asosida 1000ta kitobning o‘zbek ...