Asosiy mavzular
10 may 2017

O‘zbekistondagi mahkum faollar va optimizm shizofreniyasi

Joriy yilning mart oyida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy sudi (O‘zbekiston tarkibidagi respublika) 39 yoshli huquq himoyachisi A'zam Farmonovni ozodlikdan mahrum etish muddatini besh yilga uzaytirish to‘g‘risidagi hukmni o‘z kuchida qoldirdi.

A'zam Farmonov
Mahkumlikkacha va undan keyin

O‘n bir yildirki (2006 yil iyundan buyon), A'zam Farmonov Jasliq turmasida saqlanmoqda. Hali 2002 yildayoq BMTning qiynoqlar bo‘yicha maxsus ma'ruzachisi Teo van Boven ekologik halokat hududida joylashgan bu turmani yopish tavsiyasini bergan edi.

O‘zbekistonda aqldan ozar darajadagi nekbinlik kayfiyati kezayotgan, yangi prezident esa mamlakatda yig‘ilib qolgan muammolar haqida gapirib xalq mehrini qozonayotgan ayni damlarda men Karimov botqog‘i davrida ham hokimiyatni tanqid qilishdan cho‘chimagan va haligacha qamoqda qolayotgan insonlar haqida eslatmoqchiman.

A'zam Farmonovning rafiqasiga yozgan maktubi

«1978 yilda tug‘ilgan, ikki farzandning otasi, hibsga olingunga qadar norasmiy Inson huquqlarini himoya qilish tashkilotining Sirdaryo bo‘limi raisi bo‘lib ishlagan A'zamjon Farmonov 2006 yil 16 iyunda 165-modda (ta'magirlik) bilan 9 yilga ozodlikdan mahrum etilgan», deyiladi sud hukmida.

11 yil muqaddam A'zam Farmonov avtomobillarga yoqilg‘i quyish stantsiyasi ekspeditoridan taxminan 300 AQSh dollariga teng mablag‘ni «ta'magirlik yo‘li bilan olish»da ayblangan. O‘z navbatida, ekspeditor, fermerlarning so‘zlariga ko‘ra, ulardan berilmagan benzin uchun qo‘l qo‘yib berishni talab qilgan.

Birinchi sudda A'zam Farmonov o‘zini zo‘r berib himoya qildi, ammo 9 yilga ozodlikdan mahrum qilish o‘ta qattiq jazo bo‘ldi. Bu vaqt oralig‘ida ikki farzandi otasini ozodlikda ko‘rmay o‘sib ulg‘aydi, uning jazo muddati ham poyoniga yaqinlashdi.

Biroq yuqoridagi kimgadir inson hayotining 9 yilini tortib olish kamlik qildi shekilli, 2015 yil 1 mayda A'zam Farmonovning jazo muddati yana 5 yilu 26 kunga uzaytirildi.

Mantiqsizlikdek ko‘rinsa-da, ish materiallariga ko‘ra, Farmonov uzoq kutilgan ozodlikka chiqishga ikki oy qolganda xuddi atayin qilgandek tartibni buza boshlagan. Yanvardan martga qadar u uchta mahkum bilan uch marta dahanaki janjal qilgan va har biridan so‘ng izolyatorga jo‘natilgan.

A'zam Farmonovning onasi

Masalan, u go‘yoki boshqa mahkumga aytgan «Oldimdan yo‘qol, baqaloq, sasib yotibsan, odamga o‘xshab yuvinib yursang bo‘lmaydimi», degan gaplari uchun 2015 yil yanvarda birinchi marta besh kunga izolyatorga tushgan.

Sud hukmiga ko‘ra, u boshqa mahkumning safda to‘g‘ri turish haqidagi tanbehiga go‘yoki qo‘pollik bilan «Sening ishing nima, it, men o‘zimga o‘zim javob beraman», deb javob qaytargani uchun fevral oyida 10 kunga ikkinchi marta izolyatorga qamalgan.

Nihoyat, ozodlikka chiqishiga 26 kun qolganda, mart oyida televizor tomosha qilish vaqtida boshqa bir mahbusga kutilmaganda qo‘pollik qiladi va 20 sutkaga kartserga jo‘natiladi.

2015 yil 1 mayda Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qo‘ng‘irot tumani sudi sudyasi D.Razov sud majlisida advokat ishtirokisiz mahkumlar va qo‘riqchilardan iborat guvohlarni tinglab, 5 yil muddatga jazoni qattiq tartibda o‘tash hukmini chiqardi. Hukmda A'zam Farmonov o‘ziga qo‘yilgan ayblovni tan olmasligi bir satrda ko‘rsatib o‘tib ketilgan.

O‘zbek jamiyatining bugungi holatiga baho berishda bu holatni «umid» so‘zi bilan ta'riflash eng to‘g‘risi bo‘ladi nazarimizda. Hatto Karimov rejimining murosasiz muxolifi Muhammad Solih ham prezident Mirziyoevning samimiyligiga ishondi va o‘zgarishlar yuz berishiga umid bildirdi.

Aksariyat tahlilchilar Mirziyoev iqtisodiyotni yaxshilash va mamlakatga sarmoya kirishi uchun nimadir qilishga majbur, degan fikrda yakdildir. U amalda hokimiyatga kelganidan buyon yarim yildan ko‘proq vaqt o‘tgan ayni kunlarda qo‘shni davlatlar bilan munosabatlarda iliqlik va mahalliy OAVda biroz jonlanish kuzatilayotganini uning xizmatiga yo‘yish mumkin. Ko‘plab farmon va qarorlarga kelsak, hali ularning hayotda qanday ishlashini kutish kerak.

O‘tgan yili 70 yoshli onasi vafot etgan huquq himoyachisi A'zam Farmonov 11 yildan buyon qamoqda qolmoqda. U va boshqa siyosiy mahkumlar qancha uzoq vaqt qamoqxonalarda qolaverar ekan, yaxshi o‘zgarishlarga bo‘lgan umid shunchalik kamayib boraveradi.

(Farg‘ona.ru nashridan Eltuz tarjimasi)

Umida Niyozova
«O‘zbekiston Germaniya forumi»
Inson huquqlari tashkiloti raxbari

Tag‘in o‘qing
24 avgust 2018
O‘zbekistonda shu hafta eng ko‘p pichoqbozlik Qurbon hayiti kuniga to‘g‘ri keldi.  Shu kuni, 21 avgustda Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida ...
3 noyabr 2016
Keyingi yillarda O‘zbekistonda paxta yig‘im-terimi davrida majburiy mehnat monitoringini amalga oshirib kelaeyotgan Xalqaro Mehnat tashkiloti (ILO) kuzatuvchilari muammolar ancha ...
27 sentyabr 2017
Aytaveradigan ham, qaytaveradigan ham xalqmiz. Hukumatimiz ham o‘zimizga mos. Do‘ppi tor kelsa yoki «vijdon»imiz uyg‘onib qolsa, darrov oqim bo‘ylab ...
23 mart 2020
O‘zbek kinorejissyori Sarvar Karimov 21 mart kuni o‘zining feysbuk sahifasida «Sarviqomat dilbarim» filmidagi o‘pishish sahnalari va ayrim titrlar kesib ...
Bloglar
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...
10 oktyabr 2024
Yuksalish maktabining gender ayirmachilikka asoslangan boshqaruvi haqidagi maqolaga o‘quvchilar ikki xil munosabat bildirdi. Bir suruv ...