Asosiy mavzular
21 may 2017

Videokuzatuv tergov xolis bo‘lishini ta'minlaydimi?

O‘zbekiston prezidentining tergov jarayoniga oid yangi qarori ijobiy baholanayotgan bo‘lsa-da, mamlakatda kuchli advokatura, fuqarolik jamiyati va mustaqil ommaviy axborot vositalari mavjud emasligi bu boradagi islohotlar hali-beri kutilgan natijalarga olib kelmasligidan dalolat beradi.

Davlat rahbarining “Ichki ishlar organlarining jinoyatlarni tergov qilish sohasidagi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorini sharhlagan «Tashabbus» guruhi ana shu xulosaga keldi.

Guruhning bildirishicha, mazkur qarorning 6-bandida 2018 yil 1 yanvargacha ichki ishlar organlarida so‘roqni stenografiya usuli bilan yozib olish, videokuzatuv, shuningdek, tergov harakatlarini audio va videoga muhrlash tizimlari bilan jihozlangan maxsus xonalarda o‘tkazish tashkil etilishi aytiladi.

Cheklanganlik haqida

Qaror ichki ishlar organlari xonalari haqida bo‘lib, tergov faoliyatini amalga oshiruvchi boshqa davlat organlari, xususan, Milliy xavfsizlik xizmatining (MXX) tergov xonalarini ham videokuzatuv jihozlari bilan ta'minlashni nazarda tutmaydi. Bu esa amaliy muammolarni keltirib chiqarish bilan birga, MXXning amaldagi qonunlar doirasidan tashqarida qolayotganini ko‘rsatadi.

«Fuqarolarning jinoyat protsessidagi huquqlari tom ma'noda himoya qilinishi uchun videokuzatuv moslamasi yordamida yozib olingan tasmadan foydalanish qoidalari batafsil ishlab chiqilishi kerak. Xususan, videokuzatuv materiallari qaerda va qay holda saqlanishi masalasiga alohida e'tibor berilishi lozim. Yozib olingan material ichki ishlar organlarida emas, balki Oliy Majlis huzuridagi maxsus qo‘mitada yoki prokuraturada saqlanishi maqsadga muvofiq bo‘ladi. Shu bilan birga, videokuzatuv materiali asl holida, hech qanday o‘zgartirishlarsiz saqlanishi ta'minlanishi zarur. Mazkur holatlarga e'tibor berilmagan taqdirda dalillarga baho berish bilan bog‘liq bo‘lgan masalalar, xususan, dalillarning ishonchliligi va maqbulligi xususida jiddiy muammolar kelib chiqishi tabiiy hol», deyiladi «Tashabbus» guruhining xulosasida.

Videokuzatuvning foydasi

Guruhning ta'kidlashicha, tergov xonalarida videokuzatuv o‘rnatilishi nafaqat gumondorning huquq va erkinliklari yaxshiroq himoyalanishiga yordam beradi, balki tergovchining xatti-harakatlari ustidan tuhmat yoki asossiz shikoyat qilinishining ham oldi olinadi.

Qolaversa, so‘roq qilinayotgan kishi o‘z ko‘rsatmalarini osonlik bilan o‘zgartira olmaydi. Butun so‘roq qilish jarayoni yozib borilayotgani tergovchiga e'tiborni ko‘rsatmalarni yozib borishga emas, balki ularning mantiqiyligi, mutanosibligi va ketma-ketligi kabi holatlarga qaratishga imkon beradi. Ko‘rsatmalarni so‘roqdan keyin qayta-qayta eshitish imkoniyati avval e'tibor berilmagan holatlarni fosh etishda yordam berishi mumkin.

Mustaqil advokaturaning ahamiyati

Tergov sohasini islohot qilishni advokaturasiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Advokatlar tergov jarayonida sodir etilayotgan huquqbuzarliklarning turi va mohiyatini yaqindan biladi.

«Afsuski, ichki ishlar organlari faoliyatini islohot qilish sohasida ularning ishtiroki umuman sezilmayapti. Advokatlar palatasining ijtimoiy hayotdagi ishtiroki ko‘rinmayapti. Advokatlarning mustaqil faoliyat ko‘rsatishiga zudlik bilan sharoit yaratilmas ekan, tergov xonalarini videokuzatuv moslamalari bilan jihozlash samara bermaydi», deydi «tashabbuschilar».

Ularning e'tiroficha, advokatura faoliyati ustidan ijro hokimiyati nazoratining mustahkamlanib borilgani advokatura mustaqilligining tamoman yo‘qotilishiga sabab bo‘lgan.

Shuningdek, O‘zbekistonda qonun ustuvorligi va inson huquqlari sohasida faoliyat yurituvchi nodavlat tashkilotlarning deyarli yo‘qligi ham ichki ishlar organlari faoliyatini islohot qilishga qaratilgan choralar samarasini yo‘qqa chiqaradi.

«Fuqarolarni konstitutsiyaviy huquq va erkinliklar haqida xabardor qiluvchi, kuch ishlatar organ xodimlari tomonidan sodir etilayotgan huquqbuzarliklarni hujjatlashtirib, hisobot beruvchi, qonun ustivorligi mustahkamlanishiga qaratilgan trening va seminarlar o‘tkazuvchi nodavlat tashkilotlar ko‘paymaguncha tergov xonalarini videokuzatuv moslamalari bilan jihozlash samara bermaydi», deyiladi «Tashabbus» xulosasida.

Mustaqil ommaviy axborot vositalarining ahamiyati

«Tashabbus» fikricha, davlat idorlari, xususan, ichki ishlar organlari sohasida islohotlarni amalga oshirish uchun ochiqlik, ijtimoiy masalalarning erkin tanqid va muhokama qilinishi muhim. Bu vazifani mustaqil OAV bajaradi. Mansabdor shaxslar tomonidan sodir etilgan eng jiddiy qonunbuzarliklar aynan mustaqil jurnalistlar faoliyati tufayli fosh etiladi.

«Shunday ekan, tergov jarayoni va umuman qonun ustuvorligini ta'minlash borasidagi islohotlar samara berishi uchun OAV mustaqilligi ta'minlanishi kerak. Shuningdek, ichki ishlar idoralari matbuot xizmatlari OAV vakillari beradigan savollarga o‘z vaqtida, to‘liq javob berib borishi lozim», deydi «Tashabbus».

Guruh vakillarining ta'kidlashicha, tergov xonalari videokuzatuv moslamalari bilan jihozlangandan keyin qiynoq va boshqa taqiqlangan bosim o‘tkazish usullaridan foydalanish to‘xtadi, deb tasavvur qilingan taqdirda ham hozirgacha shu usul bilan ishlab kelgan tergovchilarga qonuniy faoliyat yuritish uchun malaka, tajriba va mahorat talab etiladi.

Shu bois, ichki ishlar organlari xodimlari malakasini oshirish bo‘yicha zudlik bilan choralar ko‘rilishi kerak. Bu masalani amalga oshirishda xalqaro tashkilotlar tajribasidan foydalanish maqsadga muvofiq bo‘ladi.

«Afsuski, O‘zbekistonda xalqaro tashkilotlarning soni ham juda cheklangan», deb xulosa qiladi «Tashabbus» guruhi.

Tag‘in o‘qing
29 may 2023
Oliy Sud qabuliga borgan Eltuz obunachisi Odilbek shikoyat maktubi: “Juma, 26 may kuni Oliy sud raisi, Bosh prokuror, Ichki ...
6 mart 2018
Sorri, albatta, biroq men progressiv Prezidentimizning kechagi farmonini tushunmadim. Nimaga to‘y industriyasini buzish kerak? Hozir to‘y an'analaridan, ayniqsa badavlat ...
20 avgust 2020
Rossiyaning «Nezavisimaya gazeta» nashriga ko‘ra, O‘zbekistonda atom elektr stantsiyasi (AES)ni qurish bo‘yicha shartnoma hali tayyor emas, Rossiya tomoni bilan ...
27 yanvar 2021
«Eltuz» qisqa hajviy animatsion filmlar turkumini davom ettiradi. Navbatdagi filmda buldozer daraxtzorni surib tashlaydi va o‘rnida hashamdor saroy paydo ...
Bloglar
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...
17 mart 2024
Rassom Tuz bir mavzu muhokamasini boshlasa ag‘dar to‘ntarini chiqarib barcha qirralarini o‘rganadi. Tanganing ag‘iniyam¸ bag‘iniyam¸ ...