ART-DURBIN
11 may 2018

Ne'mat Qo‘ziboev. Siniq chorcho‘plarda qolgan abgor suvratlar…

Cobiq sovet davrida rangtasvir asarlar yaratib, yorqin shuhrat qozongan sanoqli o‘zbek rassomlaridan biri Ne'mat Qo‘ziboev bundan 14 yil burun, 2004 yilning 11 mayida olamdan o‘tgan edi.

Bugun uning asarlari dunyoning ko‘plab yirik muzeylarida saqlanmoqda.

Ne'mat Qo‘ziboev, «Tadqiqotchilar», rangtasvir. Sankt-Peterburg Badiiy akademiyasi muzeyi

Tabiatga uyg‘un ranglar ustasi bo‘lgan rassomni uning shogirdlari ham, ustozlari ham birdek sevishgan.

Biroq uni yaqindan bilganlar rassomning hayoti, ayniqsa, uning so‘nggi yillari ancha murakkab kechganini aytishadi.

Qo‘ziboev ustaxonasining buzilib tekislangan qismi

Toshkentdagi San'at muzeyida uning asarlari 70-yillardagi siniq ramkalarda, abgor holatda qolmoqda.

Uning ulug‘ asarlari yaratilgan ustaxonasini esa hokimlikning Rassomlar uyiga tijorat maqomini berish qarori bilan yaqinda buzishni boshlashgandi.

Ijod davrining boshlanishi

Ne'mat Qo‘ziboev 1929 yilda Farg‘ona viloyatida tug‘ildi.

Uning otasi Mirzaboy Qo‘ziboev inqilobgacha Sankt-Peterburgda, rus mustamlakalaridagi boylarning bolalari uchun ochilgan maktabda ta'lim olgan.

Mirzaboy Qo‘ziboev Hamza Hakimzoda, Qori Yoqubov, Tamaraxonim kabi taniqli shaxslar bilan do‘st bo‘lgan.

Rassomning talabalik davri

1930 yili Qo‘qon muxtoriyatidagi faoliyati Mirzaboy Qo‘ziboev va uning akalarining sirli o‘limiga sabab bo‘ldi. Natijada Ne'matning onasi bolalarini olib Toshkentga ko‘chib keladi.

Urush yillari Qo‘ziboev badiiy bilim yurtiga o‘qishga kiradi va tezgina o‘z iste'dodini namoyish qiladi.

Taniqli rassom Chingiz Ahmarov bilan birgalikda Navoiy teatrining devoriy rasmlari ustida ishlaydi.

1947 yili Ne'mat Qo‘ziboev Leningradning Repin nomidagi Badiiy akademiyasida o‘qishni davom ettiradi.

Rassomning 1953 yili oltin medalga sazovor bo‘lgan «Tadqiqotchilar» asari Sankt-Peterburg Badiiy akademiyasi muzeyi ko‘rgazmalar zalida hozir ham osig‘liq turibdi.

Tabiat bilan dilkash rassom

O‘zbekistonga qaytgach, Ne'mat Qo‘ziboev Benkov nomidagi rassomlik bilim yurtida, keyinchalik esa Ostrovskiy nomidagi Toshkent teatr va rassomlik institutida dars beradi.

Kelajakda uning shogirdlari orasidan ko‘plab taniqli rassomlar yetishib chiqdi.

Stalin va Xrushchev davrida Ne'mat Qo‘ziboev o‘zbek rangtasviri yetakchilaridan biriga aylanadi.

U turli – portret, peyzaj, ko‘p figurali kompozitsiya janrlarida mahorat bilan asarlar yaratadi.

Ne'mat Qo‘ziboev dastlab grafik rassom sifatida e'tirof etilgan

Qo‘ziboevni nozik chizmakash rassom sifatida e'tirof etishadi, biroq u rang ustasi sifatida, ayniqsa, manzara rangtasviri sohasida shuhrat qozonadi.

Rassomning o‘zi esa faqat qadrdon tabiat bilan yakka qolib, tabiiylik va uyg‘unlikka erishganini e'tirof etgan.

Rassom hayotining ko‘pchilikka qorong‘u bo‘lgan tarafi

Qo‘ziboev o‘zidagi iste'dodni erta namoyon qildi. U 1970 yili O‘zSSRning eng yosh xalq rassomi bo‘ldi.

Biroq uning karerasi ko‘plar o‘ylagandek judayam yorqin bo‘lmagani, davr murakkabliklariga to‘la bo‘lganini aytishadi.

Masalan, Qo‘ziboevga uzoq vaqtgacha xalqaro safarlar uchun ruxsat berishmagan.

U ancha keyin bunday ruxsatni oladi va ilk bor o‘zidan ancha yosh hamkasblariga nisbatan ham kech horijiy safarga chiqishga muvaffaq bo‘ladi.

«Yumshoq va ziddiyatsiz fe'li bilan birga, haqsizlik, qo‘pollik, madaniyatsizlik va o‘z ustida ishlashni istamaslik unga ko‘proq og‘ir botardi», deya eslaydi uning o‘g‘li G‘ayrat Qo‘ziboev.

Ne'mat Qo‘ziboev, «Tog‘ manzarasi»

2000 yillar boshida O‘zbekistondagi badiiy qadriyatlarning yo‘q qilinishi holatlari unga qattiq ta'sir qilgan.

Ochiqchasiga o‘g‘irlik faktlari va hokimiyat tepasiga madaniyatdan yiroq odamlarning kelishi uni dahshatga solgan.

Bu ulug‘ rassom va uning zamondoshlari katta mashaqqatlar bilan yaratgan badiiy meros bir guruh o‘g‘ritabiat, bexosiyat amaldorlar tomonidan yo‘q qilina boshlangan davr edi.

Ne'mat Qo‘ziboev 2004 yili vafot etdi.

Bugun esa bu madaniy meros va uni yaratgan odamlar xotirasini saqlash uchun istak ham, pul ham yo‘q.

Akmal Rizaev 
O‘zbekistonlik muallif taxallusi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
27 aprel 2016
Gap O‘zbekistonda ancha vaqtdan beri davom etayotgan benzin taqchilligi muammosi haqida bormoqda. Bugun benzin faqat Toshkentdagina bir amallab topilayotgani, ...
26 noyabr 2020
Bloger Nozim Safari: «AOKA «Gazeta.o‘z»ga ham koronavirus bo‘yicha ma'lumotlar taqqoslangan maqolalar uchun ogohlantirish jo‘natibti. AOKA asl qiyofasini namoyon eta ...
1 dekabr 2021
Taniqli huquq faoli Umida Niyozova rahbarligidagi Cotton Campaign koalitsiyasi delegatsiyasi 1 dekabr kuni O‘zbekistonga keldi. Ular bir hafta mobaynida O‘zbekiston ...
20 iyun 2018
Xalq ta'limi vazirligi saytida eng ko‘p o‘qilgan maqola O‘zbekistonda umumiy o‘rta ta'lim maktablarida o‘quvchilarning yagona formasi joriy etilishi haqidadir. ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...