O‘zbek terrorchisi shved artistining uyida farroshlik qilgan
Shvetsiyada chiqadigan “Aftonbladet” gazetasi terrorchilikda ayblanayotgan samarqandlik Rahmat Oqilov 42 yoshli taniqli komik artist O‘z Nuin (Özz Nûjen) oilasi tomonidan farroshlikka yollangani haqida yozdi.
30 yanvar kuni ochiqlangan tergov materiallariga ko‘ra, bir necha oy davomida Oqilov shved komediantiga tegishli uy ta'mirida bo‘yoqchiga yordamchi bo‘lib ishlagan.
“Mening vazifam faqat tozalash, tozalash va tozalashdan iborat edi”, deya bildirgan Oqilov tergovda.
Nashrning iqtibos keltirishicha, shved politsiyasi komik artistning oila a'zolaridan biri o‘zbek terrorchisi Rahmat Oqilovga Gotlanddagi ko‘chmas mulk ta'miri uchun 85 000 kron (10 ming AQSh dollaridan sal oshiq) haq to‘laganini ochiqlagan.
Komediant O‘z Nuin esa bundan bexabar bo‘lgani, Gotlanddagi uyi ta'miri va unga odam yollash ishlari bilan uning akasi shug‘ullanganini bildirgan.
Oqilovning Shvetsiyada nima bilan shug‘ullanganiga oid xabarlar 30 yanvar kuni rasmiy ayblov xulosasi e'lon qilinganidan keyin tarqaldi.
Stokgolmda o‘tgan matbuot anjumanida Oqilovning hujumdan maqsadi IShID (Iroq va Shom islom davlati) ekstremistik guruhiga qarshi koalitsiyaga kirgan Shvetsiyaga zarar yetkazish bo‘lgani ta'kidlandi.
Rahmat Oqilov 2017 yilning 7 aprelida Stokgolm markazida odamlarni yuk mashinasiga bostirishi oqibatida besh kishi, jumladan, 11 yashar qizaloq halok bo‘lgan, 15 odam jarohatlangan edi.
Foto: Shved komediya artisti O‘z Nuin, Aftonbladet
Eltuz.com