Asosiy mavzular
16 aprel 2018

Jazosizlik hokimlarni rag‘batlantiryapti

Islom Karimov davrining o‘ziga xos ramzlaridan biriga aylangan so‘kong‘ich va urong‘ich hokimlar bugun ham bu maqomini boy bergisi kelmayotganga o‘xshaydi.

Garchi ularning so‘kish va urishlari haqida shov-shuvlar ko‘tarilayotgan bo‘lsa-da, tegishlicha qattiq jazo olmayotgani hokimlarning yanada haddidan oshishini rag‘batlantiruvchi vosita bo‘lib xizmat qilmoqda.

So‘kinishlari bilan dong taratgan amaldorlardan biri Andijon shahri hokimi Dilmurod Rahmatullaevdir.

Uning xalq ta'limi xodimlarini maktabda dars o‘tish o‘rniga turli jamoat ishlariga jalb qilayotganidan norozi o‘qituvchilarning fig‘onidan chang chiqadi.

Ular hokim o‘qituvchilarni eshak qilib minib olgani, ko‘cha tozalashga odam olib chiqmagan direktorlarni ishdan bo‘shatayotganidan yozg‘iradi.

“Biz ham nima qilishni bilmay qoldik. Bir og‘iz gap aytib bo‘lmaydi. O‘zini xondek his qilyapti. Majlislarda «mana shuncha yozding, nima qilding, hech narsa qilolmaysan ham, o‘lasan aytganimni qilasan, bo‘lmasa urug‘-aymog‘ing bilan yo‘qotaman, deyapti”, deydi xalq ta'limi mulozimlaridan biri “Ozodlik” radiosiga.

Esingizda bo‘lsa, og‘zi shaloqligi, o‘qituvchi va mahalla raislarini haqorat qilgani uchun o‘tgan yili u ma'muriy javobgarlikka tortilib, eng kam ish haqining 30 baravari miqdorida (5 million 167 200 so‘m) jarima jazosiga hukm qilingandi.

Shundan keyin ham bu hokimning turli yig‘ilishlardagi bo‘ralib so‘kinishlari haqida yana xabarlar paydo bo‘ldi.

Bu xabarlardan hokim avval berilgan ma'muriy jazodan butunlay teskari xulosa chiqargani, ya'ni sharmandalarcha ishdan haydalmaganidan rag‘bat olgani anglashiladi.

To‘g‘rida, 5 million so‘mlik jarima hokimga nima bo‘libdi? Karnaychidan bir pufda bu summa uning uchun.

Shuning uchun “yozganing bilan nimaga erishding”, deya bemalol o‘zini xon, ko‘lankasi maydon his qilaveradi.

Uning uchun dars o‘tilmasligi, o‘quvchilar bilimsiz qolib ketishi fojea emas. Unga o‘qituvchilarni obodonlashtirishga quldek ishlatib, prezident oldida ochko olish muhim.

To‘g‘risini aytganda, bu qilmishlari ortidan hokimlar maqtov oladi, ammo prezidentning imijiga zarar yetib boraveradi.

Davlat rahbari buni yaxshi anglab turgan ko‘rinadi. Kuni kecha u Sirdaryoga tashrifi davomida ayni shu masalaga ham e'tibor qaratdi.

Prezident bundan buyon bironta hududda o‘qituvchi, shifokor yoki talabalar obodonlashtirishga jalb etilsa, jazo juda qattiq bo‘lishi haqida barcha rahbarlarni ogohlantirdi.

Bu ogohlantirishni eshitib, bir ishongingiz keladi, keyin esa Andijonning og‘zi shaloq hokimi kabilarning jazodan rag‘bat olayotganini eslasangiz, umidsizlikka tushasiz.

Har holda, prezidentning ogohlantirishi amalda o‘z isbotini topmasa, umidsizlikdan qutulish qiyin ko‘rinadi.

Bahodir Sharif
eltuz.com

Tag‘in o‘qing
14 oktyabr 2021
Dastlab bolsheviklar Yosh buxoroliklar, jadidlarning kommunistik partiyaga qo‘shilgan a'zolaridan iborat Buxoro Xalq Sovet Respublikasini tuzdilar.  Bu respublika rahbarlaridan biri ...
7 noyabr 2022
Bugun 7 noyabr, bu kun SSSRning eng asosiy bayrami sifatida nishonlangan. Bugun O‘zbekistonda bu tantana mutlaqo unutilgan, ba'zi qari-qartanglargina ...
25 yanvar 2019
25 yanvar kuni «Eltuz» nashri Toshkent viloyatining Angren shahri yaqinidagi tog‘li hududda joylashgan Yangiobod turbazasining bosib olingani haqidagi xabarni ...
1 yanvar 2017
Rassom Adolat Eltuzga jo‘natgan navbatdagi karikaturasini Yangi yil mavzuiga bag‘ishlaydi. Uning bu safargi qahramoni, qahraton qishda Qorboboni kutib olayotgan ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...