Asosiy mavzular
16 aprel 2018

Jazosizlik hokimlarni rag‘batlantiryapti

Islom Karimov davrining o‘ziga xos ramzlaridan biriga aylangan so‘kong‘ich va urong‘ich hokimlar bugun ham bu maqomini boy bergisi kelmayotganga o‘xshaydi.

Garchi ularning so‘kish va urishlari haqida shov-shuvlar ko‘tarilayotgan bo‘lsa-da, tegishlicha qattiq jazo olmayotgani hokimlarning yanada haddidan oshishini rag‘batlantiruvchi vosita bo‘lib xizmat qilmoqda.

So‘kinishlari bilan dong taratgan amaldorlardan biri Andijon shahri hokimi Dilmurod Rahmatullaevdir.

Uning xalq ta'limi xodimlarini maktabda dars o‘tish o‘rniga turli jamoat ishlariga jalb qilayotganidan norozi o‘qituvchilarning fig‘onidan chang chiqadi.

Ular hokim o‘qituvchilarni eshak qilib minib olgani, ko‘cha tozalashga odam olib chiqmagan direktorlarni ishdan bo‘shatayotganidan yozg‘iradi.

“Biz ham nima qilishni bilmay qoldik. Bir og‘iz gap aytib bo‘lmaydi. O‘zini xondek his qilyapti. Majlislarda «mana shuncha yozding, nima qilding, hech narsa qilolmaysan ham, o‘lasan aytganimni qilasan, bo‘lmasa urug‘-aymog‘ing bilan yo‘qotaman, deyapti”, deydi xalq ta'limi mulozimlaridan biri “Ozodlik” radiosiga.

Esingizda bo‘lsa, og‘zi shaloqligi, o‘qituvchi va mahalla raislarini haqorat qilgani uchun o‘tgan yili u ma'muriy javobgarlikka tortilib, eng kam ish haqining 30 baravari miqdorida (5 million 167 200 so‘m) jarima jazosiga hukm qilingandi.

Shundan keyin ham bu hokimning turli yig‘ilishlardagi bo‘ralib so‘kinishlari haqida yana xabarlar paydo bo‘ldi.

Bu xabarlardan hokim avval berilgan ma'muriy jazodan butunlay teskari xulosa chiqargani, ya'ni sharmandalarcha ishdan haydalmaganidan rag‘bat olgani anglashiladi.

To‘g‘rida, 5 million so‘mlik jarima hokimga nima bo‘libdi? Karnaychidan bir pufda bu summa uning uchun.

Shuning uchun “yozganing bilan nimaga erishding”, deya bemalol o‘zini xon, ko‘lankasi maydon his qilaveradi.

Uning uchun dars o‘tilmasligi, o‘quvchilar bilimsiz qolib ketishi fojea emas. Unga o‘qituvchilarni obodonlashtirishga quldek ishlatib, prezident oldida ochko olish muhim.

To‘g‘risini aytganda, bu qilmishlari ortidan hokimlar maqtov oladi, ammo prezidentning imijiga zarar yetib boraveradi.

Davlat rahbari buni yaxshi anglab turgan ko‘rinadi. Kuni kecha u Sirdaryoga tashrifi davomida ayni shu masalaga ham e'tibor qaratdi.

Prezident bundan buyon bironta hududda o‘qituvchi, shifokor yoki talabalar obodonlashtirishga jalb etilsa, jazo juda qattiq bo‘lishi haqida barcha rahbarlarni ogohlantirdi.

Bu ogohlantirishni eshitib, bir ishongingiz keladi, keyin esa Andijonning og‘zi shaloq hokimi kabilarning jazodan rag‘bat olayotganini eslasangiz, umidsizlikka tushasiz.

Har holda, prezidentning ogohlantirishi amalda o‘z isbotini topmasa, umidsizlikdan qutulish qiyin ko‘rinadi.

Bahodir Sharif
eltuz.com

Tag‘in o‘qing
17 avgust 2022
Shu kunlarda xalqaro sanktsiyalar degan jumla matbuot mundarijasida. Sanktsiyalar – haddan oshganlarni jilovlaydigan jazo tizimi. Nafaqat birovning yurtiga bostirib ...
24 iyul 2018
Sovet hukumati sinfiylik jamiyatini yo‘qotish, hammaning tengligi yo‘lida 70 yil siyosat yuritdi. Islom Karimov esa “Bizda o‘ta boylar ham, ...
21 iyun 2020
(bo‘lgan voqea) Tarjimon sifatida Rossiyaning militsiya bo‘limlaridan biriga chaqirishgan edi. Bo‘limda jinoyatchi sifatida gumon qilingan shaxslar vaqtincha ushlab turilardi. ...
6 yanvar 2021
Toshkent xalqaro aeroportida ikki tomonlama shartnoma asosida O‘zbekistonga kirib kelayotganlarni koronavirusga tekshirish ishlari bilan “Tibbiyot dunyosi” MChJ shug‘ullanmoqda. Germaniya, ...
Bloglar
6 may 2024
Hayrli kun! Urganch shahrida yashayman. Bugun quyidagi voqea yuz berdi: men avtobusda telefonda gaplashib turgandim. ...
30 aprel 2024
1990 yilning 30 aprelida mustaqil O‘zbekiston tarixidagi ilk demokratik partiya – «Erk»ning ta'sis qurultoyi bo‘lib ...
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...