Asosiy mavzular
28 may 2018

G‘irrom savdogarlarning do‘konini tortib olib balki to‘g‘ri qilishgandir…

Toshkentdagi “Malika” maishiy texnika bozori o‘tgan oyda 15 kunga yopib qo‘yilgan paytda oshkora norozilik bildirgan tadbirkorlardan do‘konlari olib qo‘yilayotgani haqidagi xabarlarni o‘qib, “battar bo‘lsin”, degim keldi.

Garchi do‘konlarning tortib olinishi hokimiyat zo‘ravonligining bir ko‘rinishi, tadbirkorlik muhitiga zarar bo‘lsa-da, xayolimdan shu o‘y o‘tdi.

Albatta, buning o‘ziga xos sabablari bor va bu sabablar ortida savdogarlarning ochko‘zligi, Karimov davrida shakllangan ish yuritish tartiblarini o‘zgartirishni xohlamayotgani kabilar yotadi.

Bu iddaolarning rostligiga shaxsan o‘zim guvoh bo‘lganim, shaxsiy alamzadalik uchun balki shunday o‘y kechgandir xayolimdan. Endi bu psixologiya fani o‘rganadigan muammo.

Xullas, tashkilotimizga noutbuklar kerak bo‘ldi. Ularni faqat pul o‘tkazish yo‘li bilan olishimiz mumkin edi.

“Malika”ga borib, barcha do‘konlarni aylanib, pul o‘tkazish yo‘li bilan bizga maqbul narxda sotadigan joyni qidirdim.

Ishonasizmi, butun bir ulkan bozordan bu shaklda savdo qiladigan bor-yo‘g‘i uchta do‘konni topdim.

Ularda ham naqd pulsiz to‘lov bilan naqdning orasida juda katta farqni ko‘rdim va savdogarlarimizning ochko‘zligiga amin keltirdim.

Biz tanlagan noutbuklarning naqd puldagi narxi to‘lovning boshqa shakllaridan juda sezilarli farq qilardi.

Masalan, siz naqd pulga bir million so‘mlik tovarni plastik karta bilan 4 foiz, pul o‘tkazish yo‘li bilan 15-20 foiz ustama to‘lab olishingiz mumkin edi, xolos.

Buning ustiga, hamma tovarning narxi avval dollarga chaqilib (qora bozorning sotish kursida), so‘ng aytiladi.

Bu holatlar “Malika”dagi savdogarlar uchun qonunbuzarlik, jumladan, soliqdan qochish odatiy hol ekaniga isbotdir.

O‘zbekistonda eng yirik maishiy texnika do‘konlari tarmog‘i bo‘lgan “Mediapark”da ham shunga o‘xshash holatga guvoh bo‘ldik.

Qoratoshdagi “Mediapark”da biz tanlagan noutbuklar faqat naqd yoki plastik kartaga sotilishini aytishdi.

“Bu tovar o‘zi bittagina qolgan, shuning uchun pul o‘tkazishga yo‘q. Boshqa narsalarni pul o‘tkazish yo‘li bilan olishingiz mumkin”, deyishdi menejerlar.

Holbuki, sotuvchi yigit o‘sha biz tanlagan noutbuklardan necha kerak bo‘lsa ham naqdga yoki plastik kartaga topib bera olishini aytgandi.

O‘zbekistonda valyuta konvertatsiyasi yo‘lga qo‘yilib, soliqlar va bojxona to‘lovlari tartibga solinayotgan bir paytda savdogarlarning o‘zi o‘zini o‘zgartirmayotgani iste'molchilarda norozilik uyg‘otayotgani bor gap.

Savdogarlarning balki biz bilmagan muammolari bordirki, insofga kelgisi kelmaydi, deb o‘ylayin desam, ularning ochiqcha g‘irromliklarini ko‘rib, axir qars ikki qo‘ldan chiqadi, degim keladi.

Bahodir Sharif
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
23 dekabr 2020
O‘tgan payshanba, 17 dekabr kuni Telegram kanali orqali O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati (DXX)ning qator “loxmach”larini uchratgan joyda jazolash haqida ...
9 sentyabr 2021
6 centyabrdan O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlarida yangi o‘quv yili boshlandi. Ayni paytda viloyatlardan poytaxtga kelib o‘qiyotgan talabalar uchun turar-joy ...
10 avgust 2018
Ozodlik radiosining maqolasiga javoban, 20 fevral kuni “Murad Building” shirkati rahbari, 35 yoshli Murod Nazarov o‘zining feysbukdagi sahifasida bayonot ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...