UzPoster
20 iyun 2018

Yangi maktab formalari ko‘pchilikka yoqmayapti

Xalq ta'limi vazirligi saytida eng ko‘p o‘qilgan maqola O‘zbekistonda umumiy o‘rta ta'lim maktablarida o‘quvchilarning yagona formasi joriy etilishi haqidadir.

12 iyun kuni normativ-huquqiy hujjatlar muhokamasi portalida Xalq ta'limi vazirligining “Umumiy o‘rta ta'lim muassasalari o‘quvchilarini zamonaviy maktab formasi bilan ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilingandi.

E'tiborli jihati shundaki, har bir sinf uchun alohida maktab formalari bo‘lishi taklif etilmoqda.

Bundan avvalroq Xalqaro press klubning may oyida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida ayni shu masala muhokama qilingan, joriy etilishi kutilayotgan maktab formalari 1-4, 5-8 va 9-11 sinf o‘quvchilari uchun alohida-alohida 3 yosh toifasida ishlab chiqarilishi aytilgandi.

Shuningdek, formalarning materiali 100 foiz paxta xomashyosidan ekani bildirilgandi.
Maktab bilan aloqador har qanday yangilik hozir ota-onalar, soha xodimlari o‘rtasida qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ladigan zamonda yashayapsiz. Yagona maktab kiyimi mavzusi ham shunday bahs-munozaralarga boy kechmoqda.

Aytish kerakki, yangi maktab formalari namunalari haqida ijtimoiy tarmoqlarda aksariyat yuzerlar salbiy fikr bildirmoqda. Hatto yuqorida tilga olingan maqolada ham shunday holatni kuzatish mumkin.

“Buncha xunuk. Kolxoz. Bundan ko‘ra oq-qora kiyim yaxshiroq. Birinchi sinfning formasi soliqchilarnikiga o‘xshaydi”, deya istehzo qilib yozdi telegramda Shokir ismli foydalanuvchi.

“Men ham qarshiman. Umuman didsizlik. Ota-onalar o‘z so‘zini aytishi kerak”, deydi yana bir yuzer.
“Agar ishlayotganlarini ko‘rsatgilari kelsa, hech bo‘lmasa SSSR davridagidek qilishsa, yaxshiroq bo‘lar edi. Kimdir atayin bolalarni xunuk ko‘rsatishga harakat qilyapti shekilli”, deb o‘z fikrini bayon qiladi ota-onalardan biri.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan suratlarda har bir sinf uchun alohida maktab kiyimi ko‘rsatilgan. Har yili yangi forma sotib olish tashvishi esa ota-onalarni yanada ko‘proq norozi qilmoqda.

“Axir bu ota-onalardan ko‘proq pul shilish uchun emasmi?! O‘g‘lim vodolazkasini, ko‘ylagini ikki yil kiyadi. Kimdir shundan ham pul qilayotganga o‘xshaydi”, deb yozmoqda yuzerlar.

Qizlarning yubkasi tizzadan baland bo‘lishi kerak emasligi taklif etilayotgani ijtimoiy tarmoqlardagi bahs-munozalarda madaniyatlarning kichik to‘qnashuviga sabab bo‘lmoqda, deyish mumkin.
G‘arbona madaniyat tarafdorlarining fikricha, qizi uzun yubka kiysa, xuddi rohibaga o‘xshab qolar emish.

Yuzerlardan biri “Tizzadan 15 sm baland turadigan formaning nimasi yomon” desa, o‘zbekona madaniyat tarafdorlaridan biri “Ba'zi qizlarning ichidan kiygani ko‘rinib turishining nimasi yaxshi”, deya e'tiroz qiladi.

Ota-onalardan birining aytishicha, yangi formaning narxi 200-250 ming so‘m atrofida bo‘lishi kutilyapti. Lekin u paxta matodanmi yoki sintetik materialdan tikiladimi, hozircha noma'lum.
Maktab o‘quvchilari uchun yangi formalar namunalari hali rasman tasdiqlanmagani ko‘pchilikda vaziyatni o‘zgartirish mumkinligiga umid uyg‘otmoqda.

Shuning uchun ayrimlar barchani bu masalada o‘z fikrini ochiq-oydin bayon qilishga, kerak bo‘lsa, maktab kiyimlarining bunday ko‘rinishda tasdiqlanishiga qarshi turishga chaqirmoqda.

Ayrim o‘qituvchilarning bildirishicha, yozning oxirgi oylarida maktablarda ota-onalar yig‘ilishlari o‘tkaziladi va ularning yangi maktab formasi bo‘yicha fikrlari o‘rganiladi.

Xalq ta'limi vazirligi esa tajriba-sinov o‘tkazilgan maktablardan o‘quvchilar, sinf rahbarlari va ota-onalarning fikr-mulohazalari bildirilgan so‘rovnomalar yig‘ib olingani va maktab formasi borasidagi xulosalar albatta hisobga olinishini bildirmoqda.

Bahodir Sharif
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
31 yanvar 2017
«XXI asr» gazetasi (26.01) O‘zbekiston liberal demokratik partiyasi siyosiy kengashi ijroqo‘mi va parlamentdagi fraktsiyasining kengaytirilgan qo‘shma yig‘ilishi haqida maqola ...
8 mart 2021
Rassom Elsevar Eltuz.com
9 noyabr 2021
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev ikkinchi muddatga qasamyod qilganidan bir kun o‘tib, matbuot erkinligini himoya qilishga va'dalari ortidan hukumat xorijlik ...
30 aprel 2019
O‘zbekiston Oliy sudi joriy yilning 16 aprel kuni jurnalist Bobojonovlarga tegishli uylarni tortib olish to‘g‘risidagi sud qarorlarini o‘z kuchida ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...