1 may – Ro‘zi Nazar vafot etgan kun
O‘zbekiston mustaqilligi uchun kurashgan Ro‘zi Nazar 2015 yilning 1 mayida olamdan o‘tdi.
Ro‘zi Nazar temir parda ortida yashagan turkistonliklarga ta'sir o‘tkazgan yalovbardor edi.
U kishi chop etgan «Hur Turkiston uchun istiqlol gazetasi»ni hali Sovet Ittifoqi mavjud bo‘lgan saksoninchi yillarda o‘zbekistonliklar yashirincha mutoala qilar, G‘arbiy Germaniyada nashr qilingan bu gazeta O‘zbekistonga Vengriya va Boltiqbo‘yidan yetib kelgani haqida xabarlar bor.
Ro‘zi Nazar aka Sovet Ittifoqi degan mamlakatda ko‘zi ko‘r, qulog‘i kar,, tili lol bo‘lib yashagan ziyolilarning zehniga ta'sir qila olgan edi.
Ro‘zi aka bahtli inson. U SSSRning parchalanishi, bolshevizmning mag‘lub bo‘lishi, Turkiston tuproqlarining ruslardan ozod bo‘lishini orzu qildi va bu orzusiga erishdi.
E'tiboringizga Eltuz.com bundan roppa-rosa ikki yil avval chop etgan Mavlon Shukurzodaning ta'ziya maqolasini havola etamiz.
Turkiston o‘z botiridan ayrildi
Ro‘zi Nazar (Ro‘zmuhammad Umurzoqov) 1917 yili Marg‘ilon shahrining Gulvardor mahallasida tug‘ilgan. Otasi usta Umurzoq o‘z kasbini san'at darajasiga yetkazgan, mahallaning obro‘li kishilaridan bo‘lgan. Onasi Tojiniso Xolmat qizi savodli, shoirtabiat, ziyrak, fors va arab tillarini yaxshi bilar, maktab ochib, mahalla qizlariga saboq berardi.
Ro‘zi Nazar 20-yillarda Marg‘ilondagi o‘rta maktabda ta'lim olib, 30-yillarda esa Toshkentga kelib o‘qiydi. 20–30-yillarda O‘zbekistonda bo‘layotgan barcha tarixiy voqealarning guvohi bo‘ladi. 1940 yili armiyaga chaqiriladi. Odessa shahrida Ro‘zi Nazarni kimyoviy mudofaa kursiga o‘qishga jo‘natadilar. Kursni tugatgach, harbiy unvon olib, muhandis sifatida harbiy qismga qaytib keladi. 1941 yilning yozida II jahon urushida ishtirok etgan Ro‘zi Nazar janglarning birida yarador bo‘lib, nemislar okkupatsiya qilgan yerda qolib ketadi.
1942 yildan boshlab Ukrainada vermaxt huzurida tashkil qilingan Turkiston legioni qismlarining (Proskurov shahrida) birida avval rota, keyinchalik esa nemis ofitseri unvonida batalon komandiri vazifasida xizmat qiladi. 1944 yildan boshlab Ro‘zi Nazar vermaxt huzurida tuzilgan barcha legionlar uchun mo‘ljallangan o‘quv markazida instruktor sifatida, urush tamom bo‘lgunga qadar esa Berlinda Turkiston milliy birlik qo‘mitasida turli lavozimlarda faoliyat yuritadi.
Urush tugagach, Ro‘zi Nazar G‘arbiy Germaniyaning Rozenhaym shahrida qoladi. 1946 yili nemis millatiga mansub Linda xonimga uylanadi. 1947 yili Zulfiya-Silviya Nazar, 1955 yili esa o‘g‘li Erkin-Erik Nazar tug‘iladi.
Ro‘zi Nazar 1946–1951 yillarda G‘arbiy Germaniyaning Myunxen shahrida tuzilgan siyosiy bo‘lmagan INKOPOR (International Committee for Politikal Refugees) xalqaro ijtimoiy tashkilotning vitse-prezidenti lavozimida xizmat qiladi. Lekin u siyosatdan uzoqlashmaydi. Boymirza Hayit bilan birgalikda ABN (Antibolshevik Blokk Nations) siyosiy tashkiloti prezidiumi a'zolari bo‘lib, Turkiston ozodligi uchun kurashni davom ettiradilar.
1951 yilning 7 noyabrida AQSh Davlat departamentining taklifiga binoan AQShga keladi. 1951–1954 yillarda «Amerika ovozi»ning o‘zbek bo‘limida turli vazifalarda faoliyat yuritadi.
1954–1957 yillarda Kolumbiya universitetida o‘zbek tili va madaniyati fanidan dars beradi.
1955 yilning bahorida Ro‘zi Nazar Indoneziyaning Bandung universitetida bo‘lib o‘tgan Osiyo–Afrika mamlakatlari xalqaro konferentsiyasida sobiq Turkiston legioni ofitseri sifatida Turkistondagi ahvol bo‘yicha ma'ruzasi bilan chiqish qiladi. Ro‘zi Nazar 1955 yili AQSh fuqaroligini olganidan so‘ng Markaziy Osiyo xalqlari va o‘zbek tili mutaxassisi sifatida Pentagonda noharbiy xizmatchi sifatida faoliyat yuritadi.
Ro‘zi Nazar 1960–1969 yillarda AQShning Turkiyadagi harbiy missiyasida xizmat qilib, ofitser unvoniga sazovor bo‘ladi.
1969–1972 yillarda Ro‘zi Nazar Pentagonning O‘rta Osiyosini tadqiq qilish dasturi rahbari lavozimida ishlaydi. Keyinchalik Amerikaning Yevropadagi harbiy missiyasida, so‘ng AQSh armiyasining G‘arbiy Germaniyadagi strategik tadqiqotlar guruhi ilmiy xodimi sifatida xizmat qiladi.
Ro‘zi Nazarning katta tajribasi, bilimi ko‘p yillar AQShning Turkiya va Germaniyadagi diplomatik vakolatxonalarida xizmat qilishga yo‘l ochadi.
Ro‘zi Nazar 1984 yili nafaqaga chiqadi va «Central Asian Affairs Consultants Inc.» xususiy tashkilotini tuzib, siyosiy-ma'rifiy faoliyatini davom ettiradi.
1958 yili Ergash Shermat, Isoqjon Narziqul, Maqsud Bek, Husayn Ikrom, Sharifjon Ali Beklar bilan birgalikda Ro‘zi Nazar Turkistonliklarning Amerikadagi jamiyatini tuzishda ishtirok etadi.
1992 yilning may oyida, 52 yillik judolikdan so‘ng Ro‘zi Nazar O‘zbekistonga kirib keladi…
2015 yilning 1 mayida Ro‘zi Nazar olamdan o‘tdi.
Mavlon Shukurzoda,
Eltuz.com