Elak
15 sentyabr 2016

Shavkat Mirziyoev – musht va zo‘rlik bilan oqsaroyga yo‘l

8 sentyabr kuni O‘zbekiston senatorlari bir ovozdan qabul qilgan qaror, odamlarning gapida jon borligini ko‘rsatdi.

Asosiy qonun, O‘zbekiston Konstitutsiyasining 96-moddasida, “prezident o‘z vazifalarini bajara olmay qolgan vaziyatda, uning majburiyatlari vaqtincha Oliy Majlis Senati raisi zimmasiga yuklatiladi va uch oy ichida «O‘zbekiston Respublikasi prezidentini saylash» to‘g‘risidagi qonunga to‘liq muvofiq ravishda prezident saylovi o‘tkaziladi», deb aniq-tiniq qilib yozib qo‘yilganiga qaramasdan, Vaqtinchalik prezidentlik vakolati Bosh vazir Shavkat Mirziyaevga olib berildi.

Ijtimoiy tarmoqdagi shu munosabat bilan avj olgan tortishuvlarda, “Vatan bizniki! Senatorlarimiz bizning vakillarimiz! Ular shuni istashibdimi, demak to‘g‘ri qilishibdi!” deyishayotgan kimsalar uchun, Shavkat Mirziyaev xaqida bilganlarimni yozgim keldi.

Shavkat Mirziyaev 1996 yilda Jizzax viloyati xokimi bo‘lib tayinlanganida, men Jizzax shaxar televideniyasida ishlardim. Yangi xokimning og‘zi shaloqligi va qo‘l ostidagilarni do‘pposlab turishi tez kunda butun axli viloyatga ma'lum bo‘ldi.

“Turmada chirishni istamasang – daromadni biz bilan baxam ko‘r!”

Shavkat Mirziyaev 2001 yilgacha Jizzax viloyat hokimi bo‘lib ishlagan bo‘lsa, shu davr ichida viloyatdagi ishlab turgan katta korxonalar vayron bo‘ldi. Bir sutkada 15 ming odam ishlaydigan Jizzax temir beton korxonasi, Jizzax ip yigiruv korxonasi vayronaga aylandi, u yerdagi qimmat dastgohlar va boshqa ash'yolar qayoqqadir tashib ketildi. Ayniqsa, viloyatdagi kattayu kichik tadbirkorlarga qiyin bo‘ldi. Shavkat Mirziyaev ularning bizneslariga aralashdi: daromadli soxalarni o‘z yaqinlariga olib berdi, ularga tegishli pullarni Viloyatda qurilayotgan turli sotsial ob'ektlarga ishlatib yubordi. Bu ishlarning noqonuniy ekanini ovoz chiqarib aytganlar, ustidan jinoiy ish ochilib, qamoqqa tashlandi.

Jizzax shahrida, Muhabbat ismli ko‘zga ko‘ringan millioner ayol bo‘lardi. Dori darmon oldi sottisi bilan boylik to‘plagan bu opa uncha muncha odamni odam sanamasdi. Nabiralarini Beshik to‘ylariga ham elga tanilgan san'atkorlarni keltirardi. O‘g‘lini uylaganida, Farruh Zokirov boshchiligidagi “Yalla” guruhi navbatchi san'atkor bo‘lgandi.

Bir vaqt kelib mana shu ayolning oldiga ham viloyat hokimligidan chopar keladi va uni xokim yo‘qlayotganini aytadi. “Boy xotin” huzuriga kelgach, Shavkat Mirziyaev gapni cho‘zib o‘tirmasdan, opaning biznesiga doir bir dunyo noqonuniy harakatlari qayd etilgan “Papka”ni ko‘rsatib, “Xo‘sh, qamalib ketaveramizmi endi yoki, kelishib ishlaymizmi?” deydi.

O‘sha paytda viloyat Mashina Traktor parkida ishlaydigan bir mulozimning aytishicha, “biznesvumen” Muhabbat opa shu parkka bir hafta ichida 1 dona “Keys” va yana bir dona “Magnum” traktorlarini keltirib bergan ekan.

Amerikada ishlab chiqarilgan bu traktorlar uchun salkam 100 ming dollar harajat qilgan Muxabbat opani, Mirziyaev Samarqandga hokim bo‘lib ketguniga qadar hech qaysi tekshiruvchi tashkilot bezovta qilmadi.

Yana bir xonavayron bo‘lgan tadbirkor

O‘sha paytda Jizzaxda S. ismli bir nomdor tadbirkor bo‘lardi. Uning xususiy firmasi Rossiya bilan ishlardi. Uncha muncha odam bilan gaplashmas, juda ham boy edi. Mirziyoev Jizzaxga hokim bo‘lgach, ana shu tadbirkor «sindi».

Bir kuni o‘sha tadbirkor meni yo‘qlab qoldi. Gaplashdik.

«Podvalda edim, kecha chiqdim» dedi u va tafsilotlarini aytib berdi.

Uni Mirziyoev xuzuriga chaqirgan va ultimativ tarzda, shaxsiy mablag‘lari hisobidan, shaharning «Ts 2» xududida «Go‘zallik va salomatlik markazi» binosini qurishni buyurgan.

«Ikki qavatli bino loyihasini ko‘rsatdi. Men ko‘nmadim, Toshkentdagi okaxonlarimni pesh qildim va chiqib ketdim» dedi u.

Oradan bir kun o‘tib, uni viloyat prokurori (adashmasam, o‘sha paytda Muhiddinov edi) chaqirtiradi. Prokuror gapni aylantirib o‘tirmaydi va uni valyuta mablag‘larini noqonuniy saqlashda hamda soliq to‘lovlarini soxtalashtirishda ayblaydi. O‘sha yerda tadbirkor prokuror bilan aytishib qoladi va prokuror naryad chaqirib, uni qamab qo‘yadi.

Tadbirkor qamoqda ikki hafta o‘tiradi. Uni har kuni niqob kiygan odamlar qiynashadi. O‘lar xolatga yetganidan so‘ng, u prokuror bilan uchrashtirishlarini so‘rab yolboradi. O‘sha kuniyoq uni prokuror huzuriga olib kirishadi.

«Xo‘sh, enangni ko‘rdingmi? Rozimisan?» deydi unga prokuror.

Qisqasi, bir imoratni qurib berishdan bosh tortgan tadbirkor, prokuror xuzuridan 800 ming dollar (o‘sha paytda!!!) pulni berish va'dasi bilan chiqib ketadi.

«Hamma pullarimni olishdi. Xozir hech narsam qolmadi, na firmam va na pulim. Hammasini talon taroj qilishdi. Mana shu mening voqeamni maqola qilib, internetda tarqata olasizmi?» dedi u.

Men albatta rozi bo‘ldim va 2 kun ichida u aytib bergan voqeani bir maqola tarziga keltirdim va «Tadbirkorning terisini kim shildi?» deb nomlab, ertaga tarqataman deb turgan joyimda, o‘sha tadbirkor oldimga keldi va maqolani hech qaerga tarqatmasligimni kat'iy talab qildi.

Keyin eshitishimcha, o‘sha kunlari u yo‘qotgan pullarining alamidan, poytaxtdagi nufuzli idora mutasaddilariga Mirziyoev ustidan shikoyat qilgach, balog‘at yoshiga yetmagan yolg‘iz qizi yo‘qolib qolgan ekan. «Hamma narsani unutsang, qizingni qaytib olasan» degan mazmunda xat olgan tadbirkor, bola o‘g‘rilarining talablariga ko‘nib, qizini eson omon qaytarib olgan…

Siyosat va shantajni chatishtirgan Mirziyoev

Karimov prezidentligi davrida hech kimni publichno, ya'ni ko‘pchilik ko‘z o‘ngida, katta yig‘inlarda «He, onangni……» deb xaqoratlamadi, do‘pposlamadi. Harqalay, men, «Prezident katta yig‘inda bitasini ketiga tepdi» deyishganini eshitmadim. Mirziyoev Jizzaxda o‘tkazgan yig‘inlarda bemalol xohlagan odamni urardi, xaqorat qilardi.

Bir kuni shahar hokimi Sarvar Xudoyorovni (raxmatlik) hammaning ko‘zi o‘ngida o‘rnidan turg‘azib qo‘yib. «Sen p….z, g….n, Oneyni ………sani, qachongacha mahallalaring paxta chopig‘idan qochib yuradi? Suka, bilasanmi, paxta kechiksa man sani nima qilishimni? Men seni qamoqda chiritmayman. Seni Ko‘k bozor oldidagi maydonga opchiqib, hammani oldida yigitlarga aytib ………… qildiraman!» degandi.

Shuncha gapni terlab pishib yerga qarab eshitgan Sarvar Xudoyorov, «Shavkat aka, men bugun arizamni yozaman, meni bo‘shating» degandi yig‘lagudek bo‘lib.

Sarvar Xudoyorov, oxir oqibat Shavkat Mirziyoevdan o‘lib qutildi. O‘zi Samarqandda hokim bo‘lsada, Jizzaxdagi hokim va tadbirkorlarni tergab turadigan Mirziyoev bir kuni Sarvar Xudoyorovni xuzuriga – Samarqandga chaqiradi. Shosha pisha yo‘lga chiqqan Jizzax shahar hokimi,Samarqandga yetmasidan, Bulung‘ur tumani hududida yuz bergan g‘alati avto halokat natijasida vafot etadi.

Keyinchalik, bu o‘lim tafsilotlari haqida gap so‘zlar urchidi. «Shavkat o‘ldirib yubordi Sarvarni» deyishdi odamlar. Yanayam, Olloh biladi.

Shakat Mirziyoev raxbarligi davrida Jizzaxning barcha tadbirkorlari zarar ko‘rishdi. O‘sha paytda Jizzaxda nima qurilsa yoki horijdan keltirilsa, hammasi tadbirkor va fermerlar puliga keltirildi. Hujjatlarga esa, davlat byudjetidan, Kapital qurilishlar uchun ajratilgan mablag‘lar hisobiga, deya yozildi. Mirziyoev buni yashirmasdi va yig‘ilishlarda «Toshkentdan ajratilgan mablag‘larni tejab qolayotgani» haqida maqtanardi. U o‘zining yig‘ilishlarini har doim o‘sha paytdagi Jizzax IIB boshlig‘i Mullajonov va viloyat prokurori, hamda o‘sha paytdagi viloyat MXX boshlig‘i Abdullaev bilan birgalikda o‘tkazardi.

“Ey, televideniya, kameralarni yo‘qot bu yerdan!”

Shavkat Mirziyoev hokimligi paytida, tan olish kerak, Jizzax shahrining qiyofasi yaxshi tomonga o‘zgardi. “Dom”lar atrofiga qurib olingan turli uychalar, mayda chuyda do‘konchalar, oshxonayu, tovuqxonalar hammasi o‘ta qattiqo‘llik bilan buzib tashlandi. Byudjet tashkilotlari ishchilari va talabalar hammasi yoppasiga shaharni tozalashga jalb etildi. Prokuratura va militsiya vakillari kunu tun bu tozalash tadbiri ustida turishdi. Shavkatning o‘zi qilingan ishlarni shaxsan o‘zi birma bir tekshirib, ko‘chalarni mas'ul vakillardan qabul qilib olardi.

Bunday tadbirlarni yoritishga biz, TV xodimlarini ham chaqirishardi. Agar kvartal yaxshi tozalanib, “dom”lar oldi ochilib, u yerga gullar ekilgan bo‘lsa, Shavkat Mirziyoev vakillarini maqtab, o‘sha kvartal aholisi bilan bir ikki og‘iz gaplashardi va boshqa joyga ketardi. Agar buning aksi bo‘lsa, ya'ni, u yerda qilingan ish o‘lda jo‘lda bo‘lsa, vakilning xoliga voy edi.

Shavkat Mirziyoev o‘sha joyda turgan jurnalistlarga qarab, “Ey, televideniya, kameralarni yo‘qot bu yerdan! Vakil, …….mat! Idi syuda!” deb buyruq berardi va mas'ul vakilni hammaning oldida tepkilab, do‘pposlardi. Hech kim aralasha olmasdi. Birozdan so‘ng usti boshi changga bulangan, o‘zi bir ahvoldagi mas'ul vakil, qo‘liga supurgi olib uy oldi yo‘lkalari yoki tratuarlarni tozalayotganini ko‘rardik.

“Shaharni bo‘yang!” operatsiyasi

1998 yilning baxorida, Shavkat Mirziyoev o‘zining yangi tadbirini e'lon qildi. Unga ko‘ra, Jizzax shahri va barcha tuman markazlaridagi uylarning tomlari hamda devorlari zangori rangga bo‘yalishi kerak edi.

Bu haqda hokimlikdagi yig‘ilishda gapirgan Mirziyoev, barcha tashkilotlar oldiga masalani ko‘ldalang qo‘ydi: “1 iyunga qadar hamma uylarning tomlari va katta trassalar yoqasidagi uylarning devorlari zangori rangga bo‘yalishi kerak! Xamma tashkilotlar bu ishga jalb qilinadi!”

O‘sha kuniyoq hamma tashkilotlarga hududlar bo‘lib berildi, mas'ullar tayinlandi.

Ertasigayoq, Toshkent viloyatidagi bir xususiy korxonada ishlab chiqarilgan bo‘yoq Jizzaxga to‘xtovsiz tashib keltirila boshlandi. Barcha tadbirkorlarga, byudjet tashkilotlariga bu bo‘yoqlar majburan sotildi. Viloyat xamda tuman markazidagi uylarning tomlari va devorlari qisqa muddatda zangori tus oldi.

Nima uchun faqat bitta korxonada ishlab chiqarilgan zangori rangli buyoq ishlatilayotgani bilan qiziqib ko‘rganimizda g‘alati bir faktga duch keldik.

Bo‘yoq ishlab chiqarayotgan xususiy korxona, viloyat hokimi Shavkat Mirziyoevning yaqin qarindoshlaridan biriga qarashli bo‘lib chiqdi. O‘sha korxonaning sifatsiz zangori bo‘yoqlari sotilmasdan qolib, omborlar to‘lib toshib ketgan ekan.

Jizzaxni butunlay zangori ranga bo‘yash “operatsiyasi”, nufuzli qarindosh yordamida, omborlarda yig‘ilib qolgan maxsulotni xalqqa majburan “edirish” o‘yini ekanligini viloyatda kamdan kam odam bildi xolos.

“Pravda Vostoka” gazetasining Jizzaxdagi o‘z muxbiri Nikolay Barashkin ham aynan shu faktlar asosida “Gorod v kraske” degan tanqidiy maqolani o‘z gazetasida e'lon qilgandi. Maqola gazetada chiqqach, Shavkat Mirziyoev “Pravda Vostoka” muxbirini zudlik bilan xizmat xonasiga chaqirtiradi.

O‘sha kuni hokim va muxbir ikki soat davomida nimalar haqida gaplashib olishgani va nimalarga kelishib olishganini hech kim bilmaydi. Ma'lum bo‘lgan haqiqat shuki, Nikolay Barashkinning Jizzaxdagi kar'erasi nihoyasiga qadar “Pravda Vostoka” gazetasi Jizzax va uning raxbari haqida bironta jiddiy va tanqidiy maqola chop qilmadi.

Shavkat Mirziyoev odam o‘ldirganmi?

Shavkat Mirziyoev Jizzaxda hokim ekan, undan jabr tortganlar ko‘p bo‘ldi. Bu odam qonunlarini bir chaqaga olmas, uning bunday xarakatlariga qarshi turganlar yo qamalib ketardi yo qayoqqadir g‘oyib bo‘lardi.

U o‘tkazgan yig‘ilishlardan ba'zilar qo‘lida kishan bilan ketar, ba'zilarini esa vrachlar nosilkasida olib ketishardi.

1999 yilning kuzi seryog‘in keldi. Terim sur'ati past, terimga chiqqan o‘quvchilar loy va suv ichida ko‘p paxta tera olishmasdi. Bir kuni Forish tumanidagi maktablarning o‘quvchilari yomg‘ir tufayli dalaga chiqa olishmaydi. O‘sha kuni Shavkat Mirziyoev paxta terimi borishiga bag‘ishlangan yig‘ilishni o‘zining «stilida» olib borayotib, «Nega Forish maktablari bugun paxta topshirmagan?» deydi va forishlik bir maktab direktori o‘rnidan turib, «Shavkat aka, yomg‘ir ko‘p yog‘di. Bolalar kasal bo‘lib qolmasin dedik, chiqarmadik dalaga» deydi.

O‘sha zalda bo‘lgan bir fermer gapirib bergandi menga, keyin nima bo‘lganini.

Maktab direktorining gapi Shavkat Mirziyaevga yoqmaydi. U direktorga qarab «He sani onayni palon qilay!» deydi.

Forishliklar boshqacha xalq. Jangari, samimiy, mard va rostgo‘y. Hokimning ana shu birgina haqorati, forishlik yigitni oyoqqa qalqitadi va u hokimga tik qarab «O‘zingni onangni palon qil avval!» deydi baland ovozda.

Buni kutmagan Shavkat Mirziyoev, shahd bilan sahnadan tushib keladi va direktorning yoniga kelasolib, uning jag‘iga musht tushuradi. Tuyqusdan tushgan zarbadan joyiga qaytib o‘tirib qolgan direktor, sakrab turadi va Shavkat Mirziyaevning tumshug‘iga musht tushirib qoladi.

Zal to‘s to‘polon bo‘lib ketadi. Mirziyoev darhol viloyat IIB boshlig‘i Mullajonovga qarata, «Darhol qamoqqa ol buni!» deydi va direktorni qo‘llarini qayirib olib chiqib ketishadi.

Oradan ikki kun o‘tgach, viloyat hokimining haqoratiga gap qaytargan forishlik maktab direktorining jonsiz jasadi yaqinlariga olib borib beriladi.

Ana shu ikki kun ichida viloyat ichki ishlar boshqarmasining yerto‘lasida, o‘z sha'nini ximoya qilgan yigitni hayvoniy qiynoqlarga solishadi. Qiynoqlarda Shavkat Mirziyoevning shaxsan o‘zi ishtirok etganini ko‘rganlar bugun viloyat va respublika ichki ishlari idoralarida davru davron surishyapti.

Voqea viloyatda duv duv gap bo‘ldi. Xamma «Shavkat endi tamom, qamalib ketadi» dedi. Forishliklar oyoqqa qalqdi. O‘lgan yigitning yaqinlari va xamqishloqlari uchta avtobusda adolat qidirib Toshkentga – prezident Islom karimov huzuriga yo‘lga chiqishadi. Biroq, Shavkat Forishdan chiqadigan hamma yo‘llarni militsiya xodimlari yordamida yopadi va o‘zi bir guruh mulozimlari bilan Forishga yetib boradi.

Forishlik bir hamkasbimiz o‘shanda «Hokim o‘lgan yigitning xonadonida ertalabdan to kun botgungacha o‘tirdi, xonadonni xamma muammolarini hal qilib berdi. Marhumning bolalari o‘z qaramog‘ida bo‘lishini aytib, xonadonni ko‘nglini oldi» degandi.

Bu gaplarda qanchalik jon bor, bilmayman. Lekin, ana shundan so‘ng bu g‘avg‘o tinchidi. Marhumning qarindoshlari qaysidir xorij radiosiga «Bolamiz yurak hurujidan o‘ldi» deb intervyu berishdi.

Oradan ikki yil o‘tgach, Shavkat Mirziyoev yana bir odamni urib o‘ldirib qo‘ygani haqida xabar tarqadi. Do‘stlik tumani paxta dalasida vafot etgan kishi Jizzax Davlat pedagogika instituti o‘qituvchisi Xamzaev edi (ismini unutdim). Paxta dalalarini oralab yurgan Shavkat Mirziyoev talabalar ko‘z o‘ngida Xamzaev domla bilan qattiq «sen men»ga borib qoladi va qulochkashlab domlaning yuziga musht tushuradi.

Domla yerga yuztuban bo‘lib yiqiladi va qaytib o‘rnidan turmaydi. Zudlik bilan viloyat markaziy shifoxonasiga olib kelingan domla Xamzaev tunda jon beradi.

O‘sha paytda tanish shifokorlardan so‘rab bilganimiz shu bo‘ldiki: domla Xamzaev qon bosimi xastaligidan aziyat chekib yurar, viloyat xokimining birgina mushti miya qon tomirlarining yorilib ketishiga sabab bo‘lgan ekan.

Voqeadan so‘ng Shavkat Mirziyoev zudlik bilan Toshkentga chaqiriladi. Va shu ketganicha ikki xaftagacha yo‘q bo‘lib ketadi. Viloyatda, Shavkatni prezidentning shaxsan o‘zi qabul qilgani va kabinetida yaxshigina kaltaklagani, buning oqibatida hokim hukumat xastaxonasida davolanib chiqqani haqida shov shuvlar bolalab ketdi.

Oradan qisqa muddat o‘tgach bu voqea ham unutildi. Shavkat Mirzyoev joyida qoldi. Qoldigina emas, avvalgidan ham qattiqqo‘llik va zo‘ravonlik bilan viloyatni boshqarishda davom etdi.

Shavkat Mirziyoev xaqida gap ketganida uni hamma «xozyaystvennik», ya'ni xo‘jalik yurituvchi deydi. Aslida, Mirziyoevda bu sifatning o‘zi yo‘q.

U Jizzax qishloq xo‘jaligini botqoqqa tiqdi. Nima ish qilsa zo‘ravonlik bilan qildi.

Viloyat fermerlarining hisob raqamlaridagi pullarni istagan boshqa soxalarga ishlatdi, viloyatdagi barcha soxalarda qo‘shib yozish va ko‘zbo‘yamachilikni rag‘batlantirdi.

Paxta tozalash zavodlaridagi tayyor maxsulot – paxta tolasini tonnalab qo‘shni davlatlar Qozog‘iston va Turkmanistonga sotdi.

Paxta zavodining direktorlari qamalib ketaverdi, bir amnistiyada ozodlikka chiqib, yana o‘z lavozimiga qaytarilaverdi.

Darvoqe, bir vaqtlar respublikadagi eng yirik Jizzax Mashina traktor parkining (MTP) barcha texnikasi Mirziyoev va uning guruhi tomonidan tag tugi bilan Qozog‘istonga va Tojikistonga sotib yuborilgan. Buni bugun har bir Jizzaxlik biladi.

Shavkat Mirziyoev 10 yil davomida Jizzax va Samarqandda olib borgan zararli siyosatini, Bosh vazir lavozimiga kelgach respublika miqyosida olib bora boshladi.

Bittagina misol: Shavkat Mirziyoev Bosh vazir bo‘lmasidan ilgari viloyatlardagi amaldorlarning zo‘ravonligi va mushtumzo‘rligining miqyosi bu qadar katta emas edi.

Bugun esa hamma hokimlarning o‘z qo‘l ostidagilarni kaltaklashi – modaga aylangan.

Shavkat Mirziyoev prezidentligi O‘zbekistonga nima beradi?

Shavkat Mirziyoev raxbar bo‘lgan viloyatda yashagan va ishlagan bir inson sifatida shuni dadil aytamanki, agar u saylovlarda prezidentlik lavozimini qo‘lga kiritsa (bu esa aniq), O‘zbekistonni qo‘rqinchli kunlar kutayapti.

Avvaliga ikki yirik viloyatni, keyinchalik esa butun respublikaning qishloq xo‘jaligini inqirozga olib kelgan, soxadagi qo‘shib yozishlarni qonuniylashtirgan raxbardan yana nima kutish mumkin?

Asosiy qonun – Konstitutsiyani mensimasdan, uni oyog‘i ostiga to‘shab, bir gala amaldorlarni shantaj qilish oqibatida Prezidentlik lavomiga o‘tirib olgan odamdan nima kutamiz?
Siyosiy bilimini qo‘yib turaylik, o‘zbek tilida yaxshi gapira olmagan, “o‘git” so‘zini “o‘g‘it” so‘zidan farqlay olmagan “prezident” xalqqa nima beradi?

Eng yomoni, kriminal strukturalarga yaqin bo‘lgan shaxslarga mansab berish va ularni kerak bo‘lgan taqdirda o‘z foydasiga ishlatish tajribasini o‘z kar'erasi davomida qo‘llab kelgan odamga prezidentlik lavozimini ishonish mumkinmi?

Albatta, Shavkat Mirziyoev o‘z o‘zidan bugungi pog‘onagacha yetib kelgani yo‘q. Uning ortida shu kungacha marhum Islom Karimov turdi. Shavkat Mirziyoevni Islom Karimov dunyoga keltirgan. O‘zi yaratgan kadrning viloyatlarda xokimlik davridagi barcha ishlarini u ko‘rib bilib turgan. Biroq, o‘z vaqtida uni tanobini tortmadi, aksincha, mushtumzo‘r “xozyaystvennik”ni Bosh vazir lavozimiga keltirdi. Agar, Islom Karimov, Shavkat Mirziyoevni Jizzaxdagi xokimlik davrida qayirib ola bilganida edi, O‘zbekistondagi ijtimoiy va siyosiy landshaft bugun umuman boshqacha ko‘rinishda bo‘lardi…

Maqolani tugatar ekanman, Ozodlik radiosi xabar taqatdi. “G. Karimovaning pora janjali ortidan ishdan olingan A. Aripov lavozimiga qayta tiklandi”

Menimcha bu xali xammasi emas. Shavkat Mirziyoevga o‘ta sodiq bo‘lgan, u Samarqandga ketgach, Jizzax xokimi bo‘lgan va mushtumzo‘rligi oqibatida “Quturgan xokim” laqabini olgan Ubaydulla Yamonqulov degan amaldor bo‘lardi. Agar ertaga “Shavkat Mirziyoev, Jizzax viloyatining sobiq xokimi Ubaydulla Yaxshibaevich Yamonqulovni Bosh vazir o‘rinbosari lavozimiga tayinladi” degan xabar chiqsa, men hayron qolmayman.

Jizzaxlik bir fermerni o‘ziga qabr kavlatib, domlaga janoza o‘qitib, tiriklay ko‘mdirmoqchi bo‘lgan, Shavkat Mirziyoevning erkatoyi xisoblangan O‘ktam Mingboevich Tursinov (shoir Abdulla Oripovni jiyani) Jizzax viloyatining hokimi bo‘libdi degan xabar ham meni shokka tushirmaydi. Nega?

Chunki, O‘zbekistonda bundan buyon Shavkat Mirziyoevning davri boshlandi.

Ulug‘bek Ashur,
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
5 noyabr 2018
Shu yil 2 noyabrga o‘tar kechasi Xorazm viloyatining Urganch shahridan Cholish posyolkasiga o‘tadigan ko‘prik quladi. Bu haqdagi xabar va ...
11 fevral 2022
Aziz va mukarram, har biri duru javohirlar kabi qadrlilarim. Mabodo xafa bo‘lib, g‘am-g‘ussaga botgan, ishingiz yurishmagan bo‘lsa, boshlagan ishingizdan ...
8 sentyabr 2015
O‘zbekiston hukumati, XMT, Umumjaxon banki, Xalqaro Kasaba uyushmalari konfederatsiyasi, Xalqaro ish beruvchilar tashkiloti, BMT, Yunisef, Yevropa Ittifoqi shuningdek, AQSh, ...
6 oktyabr 2016
So‘nggi olingan xabarga ko‘ra bir necha soat burun o‘zbek mirshablari ikki nafar frantsuzni qo‘yib yuborishgan. Keyin huquq himoyachisi Yelena ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...