Asosiy mavzular
20 noyabr 2018

Davlat xizmatlari haqi nega qimmat?

Prezident Shavkat Mirziyoevning eng katta islohotlaridan biri aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini tubdan yaxshilash bo‘ldi, desak yanglishmaymiz.

Hozir Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali va Davlat xizmatlari agentligi tomonidan aholiga yuzdan ortiq turli xizmatlar taqdim etilmoqda. Eng asosiysi, bu xizmatlarni my.gov.uz sayti orqali internet vositasida olish imkoniyati mavjud.

Hammasi yaxshi-yu, ayrim davlat xizmatlari uchun to‘lanadigan xizmat narxining qimmatligi ko‘pchilikning noroziligiga sabab bo‘lyapti.

Ilgari yashash joyi haqida ma'lumotnoma olish uchun mahalla fuqarolar yig‘ini raisi yoki kotibiga ikki ming so‘m bersangiz, ishingiz bitardi.

Hozir esa buning uchun 20 ming so‘mdan ko‘proq xizmat haqi to‘laysiz. Odam ko‘p bo‘lsa, yana ancha vaqt navbat kutishga ham to‘g‘ri keladi.

Yaqinda Ma'rufga chet elga chiqish uchun sudlanmaganlik to‘g‘risida ma'lumotnoma olishga to‘g‘ri keldi.

“Ma'lumotnomani internet orqali olmoqchi bo‘ldim. Elektron raqamli imzo olishning to‘lovi eng kam ish haqining 10 foizini tashkil etadi”, deydi Ma'ruf “Eltuz” bilan suhbatda.

Bu elektron imzo ikki yil davomida amal qiladi. Agar u yo‘qotilsa, boshqatdan olishga to‘g‘ri keladi.

My.gov.uz sayti ma'lumotlariga ko‘ra, ERI kalitini istalgan davlat soliq inspektsiyasidan olish mumkin. Bu yerga talabgor shaxsan boradi va unga ERI kaliti sertifikati beriladi.

Ma'ruf ham shunday qilganidan so‘ng sudlanmaganlik haqida ma'lumotnoma olish uchun o‘zi haqidagi ma'lumotlarni internet orqali Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga yubordi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ma'lumotnoma olish uchun yana qo‘shimcha 20 ming so‘mdan ortiq xizmat haqi to‘lashiga to‘g‘ri kelgan.

“Hozir ko‘p joylar turli ma'lumotnomalar so‘rashadi. Ularni olish osonlashgan bo‘lsa-da, narxi qimmatligi ko‘pchilikka malol kelyapti”, deydi Ma'ruf.

Davlat xizmatlari agentligidan ayrim hujjatlarni olish uchun da'vogarning shaxsan borishi talab etiladi. Shuning uchun bu yerda ko‘pincha navbatlar yuzaga kelishi kuzatiladi.

Bunday paytda shoshib turganlar yuz ming so‘mdan ko‘proq pul to‘lab, o‘ziga kerakli hujjatni navbatsiz, tezlashtirilgan tartibda olishi mumkin.

Bu ham qonuniy. Lekin hamma ham buncha pul to‘lab, hujjatlarni navbatsiz olish imkoniyatiga ega emas. Shuning uchun ba'zan navbatda turganlar va pul to‘lagani uchun navbatsiz xizmat ko‘rsatilayotganlar o‘rtasida kelishmovchilik kelib chiqish holatlari ham kuzatiladi.

Ayrimlar bu holatni jamiyatni tabaqalashtirish sifatida baholamoqda. Puli borning ishi oson bitadi, puli yo‘q esa sarg‘ayib navbatda turaveradi.

Qolaversa, xizmat haqining katta ekani bir so‘mini ham hisoblab ishlatadiganlar uchun og‘irlik qilishi turgan gap.

Shuning uchun balki hukumat xizmat haqlari qiymatini aholining daromadiga moslab qayta ko‘rib chiqishi kerakdir?

Bahodir Sharif
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
23 mart 2018
Prezident Mirziyoevning Samarqandga tashrifi oldidan yo‘l chekkalariga o‘rnatilgan issiqxonalar rasmlari va videotasvirlari ijtimoiy tarmoqda tarqaldi. Xo‘jako‘rsinga qurilgan issiqxonalarning ichi ...
10 fevral 2017
Deputatlar ham kutib turgan ekan shekilli, prezidentning faol bo‘ling, degan topshirig‘idan keyin bel bog‘lab xalq bilan ham tillashishga tushib ...
8 fevral 2016
Elsevar o‘zining yangi hajviy suratini Toshkentning «qizil chiroq»lariga bag‘ishlaydi. Rassom Elsevar Eltuz.com
19 oktyabr 2015
Qudrat Bobojon, Eltuz.com Paxtada urushdagidek odamlar o‘limiga ko‘nikishgan. Shuning uchun 2 oktyabr kuni o‘zini paxta dalasidagi daraxtga osgan litsey ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...