Anons
14 yanvar 2019

«Eltuz» saytida qanday mavzularni o‘qishni istaysiz?

Ijtimoiy tarmoqdagi sahifalariga ayni savolni tashlagan rassom Tuz 14 yanvarga qadar bir-biriga qarama-qarshi yuzdan ziyod javob oldi.

Ayrim umumiy fikrlar va shaxsiy haqoratlarnigina chetlab o‘tgan holda izohlarni o‘qishni «Eltuz» saytining statistikaga ko‘ra eng kam foizini tashkil qiluvchi ayollarning takliflaridan boshlaymiz.

«Sarson bo‘lganlar, qarindosh-urug‘chilik, sevgi-muhabbat va boshqa yaxshi narsalar…».

Shunday qilib, feysbukdagi Uzfemina guruhi yetakchisi Xosiyat Sobirova «o‘z yurtida kun va ish berilmay, chet davlatlarda sarson bo‘lgan o‘zbeklar» haqida, Nasiba xonim Komiljon qizi «qarindosh- urug‘chilik va tanish-bilishchilikning urchigani»,  Sayyora Azlarova esa «yaxshilikni ko‘proq targ‘ib etishimiz» kerakligini bildiradi.

Feysbuk yuzeri Rayhona Amirxon gapni lo‘nda qilib, «sevgi haqida» o‘qish istagi borligini ochiqlaydi. 

Rassom Tuz o‘z galida «chet elda sarson bo‘lganlar», «qarindosh-urug‘chilik», «ma'rifat» bilan bir qatorda «sevgi-muhabbat haqida» ham yozishga va'da beradi.

«Xohishingiz, sahifa, vaqt, publika sizniki. Men shunchaki savolingizga javob yozdim», deydi Azlarova. 

«Korruptsiya, amaldorlar, laganbardorlar va siyosat»

Eng ko‘p takliflar hukumat olib borayotgan siyosatga oid. Xususan, Abdu Hamid ismli yuzer «korruptsiya va provokatsiya», Xayrulla Mamasoliev «amaldorlarning biznesi», Alvares Maganmedov niki ostidagi shaxs esa «laganbardor trollar» haqida o‘qishni istagan.

«Otangizga rahmat! Laganbardorlik juda kuchli millatimiz ichida, ahvolimiz hali beri yaxshi bo‘lmas ekanda, do‘st!!» deya qo‘llab-quvvatlaydi Alvares Maganmedovning fikrini Bahrom Hamroev.

«O‘zbek qizi» niki ostidagi bir yuzer ham «siyosiy mavzular»ni taklif qiladi va o‘z izohida «Mirziyoev davrida xalqqa hech qanday yengillik berilmayotgani» haqida yozg‘iradi. 

Bloger Otabek Usmonov esa «mamlakat nomini Turkiston deb o‘zgartirish va turk tili rivoji haqida» maqolalar o‘qish istagini bildirgan.

Abduazim Karimxo‘jaev va Anvar Karimov ismli muxlislar «Eltuz» surishtiruv guruhi tayyorlagan MXX jinoyatlariga oid «Rembo» filmi davomini kutayotganini bildirishdi. 

«Hurmatli «Eltuz» muxbirlari, nimaga doim militseyskiy svodkalarni chop etasizlar? Yurtimizdagi muammolarni ko‘tarishinglar kerak. Adolatsizliklarni, qarindosh-urug‘chilikni, amaldorlarning hayot tarzini yoritinglar. Majburiy mehnat, xorijga chiqish stikeri , turli soliq va boshqalar kundan-kun ko‘payib, oshib borishi. Sizlar biz uchun haqiqiy xalqparvarsizlar, boshqa hech kim yo‘q», deya izoh qoldirdi Odil Allamurodov ismli muxlis.

Diniy mavzular

«Eltuz» o‘quvchilari o‘rtasidagi diniy ziddiyat ularning takliflaridan ko‘ra fikrlarida ko‘zga tashlanadi. 
Masalan, yuzerlardan biri Ismigul Shayxuddinova: «Mutaassib dindorlarning tanazzulga yuz tutishi muqarrarligi haqida» o‘qish istagi borligini yozgan. 

Bunga javoban Hasan Qodirov «Buzuqlik va zolim munofiq xoinlarning asl basharasi» haqida o‘qish istagini bildirgan.

Tohir Mirzaev esa umuman «tangri dini haqida ham» yozishimizni istagan.

Unga javoban Abdu Hamid ismli yuzer: «Unda saytga hech kim kirmay qo‘yadi», deya pisanda qiladi.

Shuningdek, Shvetsiyada yashayotganini bildirgan Gunnar Karbin niki ostidagi muxlis, «Eltuz» messenjeriga o‘zbek diniy ekstremistlari xurujidan so‘ng chet ellarda o‘zbek migrantlariga nisbatan o‘zgarayotgan munosabatlar haqida yozishimizni so‘radi.  

San'at, tarix va madaniyat

Tohir Bilol ismli yuzer san'atga vaqt ajratish kerakligini taklif etadi.

«Yoshi ulug‘, g‘animat aktyor va aktrisalarimizning bugungi san'atga munosabatini so‘ranglar. 

Masalan, «Taqdir hazili» filmida Jenyaga qoyilmakom darajada ovoz bergan Omon Abdurazzoqovning internetda na rasmi, na u haqda ma'lumot bor», deya yozadi Tohir Bilol.

Qurbon Nazarovning taklifi esa «Eltuz»dan «Bravo» jamosining 2018 yildagi kontserti haqida eshitish, Xayrullo Rahmonov esa «ko‘proq karikatura rasmlar» kutishini bildirgan.

Zahro Rahimova «tariximizda o‘tgan xalqparvar ota-bobolarimiz asarlari, hayotlari haqida ko‘proq sahifalar qo‘yinglar», deya iltimos qilgan.

«Alvido, Jasliq!» tinglovchilari

«Eltuz» sayti ko‘pchilikka sobiq siyosiy mahbus va jurnalist Muhammad Bekjonning yutub kanalida chop qilingan «Alvido, Jasliq!» audiokitobi orqali yaxshi tanish.

Saytning yutub kanalida 48-qismdan iborat kitob 60 mingdan ziyod muxlis tomonidan tinglangan.

Bu galgi so‘rovda ham Islomxo‘ja Islomov, Ergashev Elyor, Porsoev Sherali, Abduazim Karimxo‘jaev va boshqalar audiokitobning davomini tinglash istagini bildirishdi.

Bunga javoban rassom Tuz kitob muallifi bilan gaplashgani, Muhammad Bekjonning ikkinchi kitobini shu oy oxirida yakunlashi haqidagi va'dasini kitob muxlislariga yetkazdi.

Qolgan takliflar…

Muxlislar, shuningdek, yashirin radarlar, maxfiy materiallar, ayg‘oqchilar, jinoyatchilar, qamoqdan chiqqanlar, soliq, bank kreditlari, ish bitimlari, dori-darmon, porno(?) kabi mavzularni taklif qilishdi. 

«Oshxona muammolari va yolg‘on gaplardan boshqa har narsani yozsangiz arziydi», dedi Ikrom Berdialiev.

«Musofir» nikli yuzer esa hazil aralash: «Aslo integral, differentsial va logarifm haqida yoza ko‘rmang, reytingingiz tushib ketadi agar )))», deya qo‘shimcha qildi.

O‘tayotgan sudlar to‘g‘risida bilish istagini bildirgan Bhxodirbek Yusupov tag‘in qo‘shimcha qildi: «Xotelos bы uznat tsenu chetыrexkomnatnыy kvartir na Ts 1».

«Ko‘nglimdagi gapni baribir yozolmaysiz», deya hasrat qilganlar ham bo‘ldi. Isoqjon Zokirov esa: «Eltyz» deyapli xalqning dapdini hech yopitmaydi! Shuning ychyn odamlap deyapli o‘qimaydi!» deya hukm chiqaradi.

Valijon Ahrorovich: «Men so‘raydig‘onning hammasini xalq aytib qo‘yibdi, irimiga bir talabni qoldirishmabdi», dedi.

Yuqorida keltirilgan so‘rov va javoblardan tashqari «Eltuz» nashrining yutub kanalida e'lon qilingan «Qanday videolar ko‘rishni istardingiz?» degan so‘rovda yana 209 nafar muxlis ishtirok etdi.

Ularning 53 foizi «hukumat siyosatiga oid», 16 foizi «oddiy odamlar hayotiga oid», 12 foizi «dinga oid», 11 foizi «iqtisod va korruptsiyaga oid», 9 foizi «san'atkorlar hayotiga oid» videolar ko‘rishni istashgan.  

«Eltuz» tahririyati xodimlari, albatta, saytning ijtimoiy tarmoqlaridagi messenjerlari orqali kelayotgan barcha takliflarni o‘rganishga, bu yilgi o‘z rejasini ayni takliflar asosida tashkil qilishga intiladi.

Eltuz.com


Tag‘in o‘qing
4 iyun 2016
Mashxur o‘zbek xonandasi, Rossiyaning «Golos» shou yulduzi Nargiz Zokirova (44) 2 iyun kuni o‘zining italiyalik eri Filipp Baltsano bilan ...
12 noyabr 2015
Bugun 12 noyabr kuni ertalab 21 yil qamoqda bo‘lgan, 4 marta raskrutka qilingan taniqli muxolifatdagi siyosatchi Murod Jo‘raev ozod ...
23 yanvar 2018
World Politics Review onlayn jurnalida muallif ko‘plab sharhlovchilar «o‘zbek iliqligi» deya atayotgan so‘nggi voqealar tahlili haqida maqola e'lon qildi. ...
20 iyun 2016
Kam ta'minlanmagan xonadon qolmagan Shibzon mahallasi haqida yozgan «Qishloq hayoti» gazetasini sinchiklab qayta o‘qigan odam, o‘z tomorqasiga tezak olib ...
Bloglar
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...
10 oktyabr 2024
Yuksalish maktabining gender ayirmachilikka asoslangan boshqaruvi haqidagi maqolaga o‘quvchilar ikki xil munosabat bildirdi. Bir suruv ...