Asosiy mavzular
6 fevral 2017

Elektr yo‘qligini yozgan jurnalist prokuratura tazyig‘iga qoldi

Taniqli mahalliy jurnalist Toshpo‘lat Rahmatullaev «Novosti Uzbekistana» sayti orqali o‘zining Samarqandda elektr ta'minotidagi to‘xtovsiz uzilishlar haqida yozgan «Samarqandni zulmat hukmronligidan kim qutqaradi?» sarlavhali maqolasi uchun prokuraturaga chaqirilganini bildirdi (http://nuz.uz/svobodnoe-mnenie/20145-pochemu-zhurnalist-dolzhen-stradat-za-svoe-pravdivoe-slovo.html).

Uning ma'lum qilishicha, unga shahar prokuraturasidan telefon qilishib, chiroq bilan bog‘liq maqola bo‘yicha suhbatga chaqirishgan. Siz shikoyat qilgansiz, biz buni o‘rganishimiz kerak, deyishgan.

«Men prokuratura xodimiga shikoyat bilan jurnalistik materialning farqini tushuntirdim. Unga men shikoyat qilmaganimni, Samarqandagi elektr ta'minoti muammosini ko‘targanimni aytdim. Agar buni o‘rganish kerak bo‘lsa, men bilan emas, «O‘zbekenergo»ning shahar va viloyat boshqarmasi boshliqlari bilan gaplashing, deganimdan keyin u hech narsa demay go‘shakni qo‘yib qo‘ydi», deb yozdi jurnalist.

Shundan keyin ham uni tinch qo‘yishmagan. Shahar prokuraturasidan mahalla markaziga telefon qilishib, uning shaxsi bilan qiziqishgan.

«Bu idoraning, umuman, huquq-tartibot organlarining jurnalistni haq so‘zi uchun ta'qib qilishdan boshqa ishi yo‘qmi», deya istehzo qiladi muallif va bu uning faoliyatidagi ana shunday yagona holat emasligini qo‘shimcha qiladi.

«Yana bir faktni keltiraman. «NUZ.UZ da «Yo‘l harakati ishtirokchilarini nima o‘ylantiradi yoki yo‘l-transport hodisasiga olib keluvchi omillar» sarlavhali maqolam chiqqach, mahallamizga IIBning ikki xodimi kelib, men haqimda ma'lumotlar to‘plabdi. Agar ular o‘zim bilan uchrashib, maqolada ko‘tarilmagan boshqa salbiy faktlar bilan qiziqqanida ham ularni tushunish mumkin edi», deydi jurnalist.

T.Rahmatullaev prezident Shavkat Mirziyoevning amaldorlarning kamchiliklari va yo‘q qo‘ygan xatolari haqida ochiqcha gapirayotgani, jamiyat va davlatning butun qirralarini qamrab oladigan keng ko‘lamli islohotlar haqida so‘zlayotgani haqida aytar ekan, mansabdorlarning uning bu sa'y-harakatlarini sabotaj qilayotganiga ishora beradi.

«Ilg‘or yangiliklardan manfaatdor bo‘lmagan quyi amaldorlar boshlangan islohotlarni sabotaj qilganiga tarixda misollar ko‘p. Mana shu o‘rinda jurnalistning haqqoniy, printsipial pozitsiyasi zarur bo‘ladi. Agar OAV har bir salbiy holat haqida gapirsa, bu jamoatchilikka, mamlakat rahbariyatiga, Prezidentgacha ma'lum bo‘ladi va tegishli qaror qilish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi», deydi muallif.

Oldin ham e'tibor qaratgandik, so‘nggi vaqtlarda mahalliy OAVlar faoliyatida birmuncha ijobiy o‘zgarishlar ko‘zga tashlanyapti. Ayrim muammolarning ochiq-oydin yozilishiga guvoh bo‘lyapmiz.

Bunday chiqishlar ko‘payishi uchun nima qilish kerakligi haqida esa T.Rahmatullaev o‘z maqolasi xulosasida to‘xtalib o‘tgan.

«…Mamlakatimiz taraqqiyotiga to‘siq bo‘layotgan muammolar haqida boshqa jurnalistlar ham gapirishi, ularning bu harakatlari hammasi ilgarigidek qolishini istaydigan muayyan kuchlar tomonidan ta'qib qilinmasligiga ishonishi uchun ular davlat tomonidan manfaatli qo‘llab-quvvatlashni his etishi kerak», deydi T.Rahmatullaev.

Bahodir Sharif
O‘zbekistonlik gazetxon tahallusi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
24 aprel 2020
O‘zbekistonda kechayotgan karantin va cheklovlar tufayli hammadan ko‘ra kunlik ishlab pul topadiganlar qiyin ahvolga tushib qoldi. Oila boqishga, qorin ...
18 yanvar 2017
Shu kunlarda, ko‘plab ota onalar kollejni tamomlayotgan farzandlariga to‘rt tomonlama shartnomani imzolatish uchun ish beruvchilar eshigida sarson bo‘lishmoqda. Hali ...
24 sentyabr 2020
O‘zbekiston, Sirdaryo viloyati. Ba'zi to‘g‘onlar ming yillab xizmat qiladi. Ammo Sardoba qurilganidan so‘ng atigi uch yil o‘tib, 1 may ...
16 yanvar 2018
O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati raisining sobiq o‘rinbosari Shuhrat G‘ulomov o‘z qo‘li ostida bo‘lgan ikki zobit – Javdat Sharifxo‘jaev va ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...