Asosiy mavzular
12 mart 2019

Gulnoraning hukumatdagi sheriklari kim bo‘lgan?

O‘tgan 2018 yilning birinchi choragida Rossiyadan O‘zbekistonga jami 726 mln dollar pul o‘tkazilgan. Uning 200 million dollari Rossiya fuqarolari, qolgani bu mamlakatda mardikorlik qiladigan millionlab o‘zbeklar tomondan jo‘natilgan.

Bu raqamlarni nega keltiryapmiz? Millionlab o‘zbek uch oy tinimsiz ishlab ham Gulnora Karimovaning uchtagina shirkatdan olgan porasichalik daromadga ega bo‘la olmaganini ko‘rsatish uchun.

Shuncha xalqning oylar davomidagi mehnatining qadri avtoritar hukmdorning tantiq qizi aytadigan bir so‘zchalik emasligini anglatish uchun keltirdik yuqoridagi raqamlarni.

Gulnora Karimova faqat telekommunikatsiya emas, boshqa daromadli sohalarga ham tinimsiz aralashgani bugun hech kimga sir emas.

Shunday ekan, bu sohalarga kirib kelishni istagan boshqa sarmoyadorlar ham malikaning huzuriga quruq qo‘l bilan tashrif buyurmagan bo‘lsa kerak, degan shubha uyg‘onadi.

Masalaning yana bir jihati borki, agar uni aytmasak, O‘zbekistonning boyligini, xalqning qonini kanadek so‘rgan korruptsionerlarga himmat ko‘rsatgan bo‘lamiz.

Xo‘sh, hukumatda rasmiy jihatdan bunday yirik masalalarni hal qiladigan vakolatga ega bo‘lmagan (tashqi ishlar vaziriga bir muddat maslahatchi bo‘lganini aytmaganda) Gulnora Karimova hujjatlar bilan bog‘liq ishlarni qanday hal qildi ekan?

Axir o‘sha yirik telekommunikatsiya shirkatlarining O‘zbekistonga kirib kelishi uchun hujjatlarni Gulnora emas, hukumatdagi qandaydir vakolatli mansabdorlar imzolashi kerak-ku.

Axir birovning egaligidagi firmani boshqargan Gayane Avakyan va o‘rtamiyonadan ham past qo‘shiqchi Rustam Madumarovda bunday vakolatlar bo‘lmagan bo‘lsa kerak?

Demak o‘sha mansabdorlar kimligini ham ochiqlash lozim. Ular hozir qanday lavozimlarda ishlayotgani yoki qanday ishlar bilan bandligini xalq bilishga haqli.

Ayni paytda AQShda Gulnora Karimova uchta telekommunikatsiya kompaniyasidan 865 million dollar miqdorida pora olish va keyinchalik bu poralarni AQSh moliya tizimi orqali yuvish uchun o‘z rasmiy mavqeidan foydalanishda ayblanmoqda. 

Bu jinoyat ishi “xorijiy korruptsiya amaliyotlari to‘g‘risidagi qonun tarixida eng yirik holat” deya baholanishga ham ulgurdi.

Ayblovda Gulnora Karimova O‘zbekiston Aloqa va axborotlashtirish agentligi qarorlariga ta'sir o‘tkazganligi ham bildirilmoqda.  

Agar O‘zbekiston prokuraturasi AQShda boshlangan jinoyat ishiga qiziqish bildirib, o‘z tekshiruvini o‘tkazishga qaror beradigan bo‘lsa, e'tibor qaratish lozim bo‘lgan nuqtalardan biri mana shu nazarimizda.

Bu idora rahbarlari Gulnora olgan poralarga sherik bo‘lmagandir ehtimol. Chunki “korruptsiya malikasi” birovga bir tiyin beradigan ayolga o‘xshamaydi. Aks holda O‘zbekistonda sud qilinganda o‘zaro kelishuv bo‘yicha o‘g‘irlagan pullarini mamlakatga qaytarishga harakat qilardi.

Shunday qilmagani, buning ustiga, o‘zini haq-huquqi poymol etilayotgan jabrdiyda sifatida ko‘rsatishga urinib, internet orqali dunyoga jar solish harakatida bo‘lmaganida bugun uy qamog‘idan turmaga jo‘natilmagan bo‘lardi.

Har holda O‘zbekiston bosh prokuraturasining shu munosabat bilan tarqatgan bayonotidan mana shunday xulosa kelib chiqadi.

Endi prokuraturada AQSh adliya tizimi tomonidan Gulnoraga e'lon qilingan ayblovlar asosida qo‘shimcha tekshiruvlar o‘tkazishga hamma asos bor.

Yuqorida aytganimizdek, bu tekshiruvlar Gulnoraning buyrug‘i bilan o‘z vakolatlarini suiiste'mol qilgan boshqa amaldorlarni ham qamrab olishi zarur.

Aks holda biz bu amaldorlarning kimligi haqida yana AQSh tarqatadigan navbatdagi bayonotlardan bilib oladigan ahvolga tushmaylik!

Sardor Azim
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
3 dekabr 2023
Davlat Xavfsizlik Xizmati xodimlari Toshkent shahar IIV uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘limi xodimlarini hibsga olganlar. Eltuz insayderiga ko‘ra, 1 ...
11 mart 2016
O‘zbekistonda reklamada pornodan foydalanish taqiqlanadi. Lekin bu qoida siyosiy reklamalarga joriy qilinmaydi. Kinoda o‘pishish mumkin, har ikki xolatda, – ...
14 aprel 2016
«Huquq olami»da gazetasida e'lon qilingan intervyusida taniqli rejissyor Zulfiqor Musoqov «o‘zbek kinosining, aniqrog‘i, «O‘zbekfilm»da ishlangan ko‘pgina asarlarning hozirgi ahvolini… ...
7 yanvar 2022
Azizlar mana yana siz bilan yuzma yuzman. Hazrati Zahiriddin Bobur lutf qilishicha qozoq bu turkning botirlik hislati ekan. Shu ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...