Asosiy mavzular
8 aprel 2019

Karimov siyosatini qo‘llab-quvvatlagan britaniyalik olima Shirin Akiner o‘ldi

6 aprel kuni Londonda O‘zbekiston yangi tarixining turli davrlarida siyosatga turlicha munosabatda bo‘lgan ziddiyatli olima Shirin Akiner 76 yoshida olamdan o‘tdi. Akiner hali tirikligidayoq u haqda turli fikrlar yurar edi. Olima o‘limidan keyin uni yaqindan bilgan va uchrashgan o‘zbekistonliklar xotiralariga quloq tutamiz.

Alisher Ilhamov, Akinerning sobiq hamkasbi, Londondagi Sharq va Afrika tadqiqotlari maktabi ilmiy xodimi:

Akinerning yaqinlariga hamdardlik bildiraman. Ammo uning o‘tmishdagi harakatlari hurmatga sazovor deb o‘ylamayman va sharaflashga esa arzimasligi aniq.

Doktor Shirin Akiner kamida so‘nggi 14 yil davomida O‘zbekistondagi hukmron rejimga, ayniqsa, Karimovga juda yaqin bo‘ldi va turli anjumanlarda uni inson huquqlari buzilishiga oid tanqidlardan jon-jahdi bilan himoya qildi.

2005 yilda Andijondagi norozilik chiqishi borasida uning rejimni himoya qilgani, ayniqsa, sharmandali hol bo‘lgan edi. U «Andijondagi zo‘ravonlik, 2005 yil 13 may: mustaqil baho» deb nomlangan hisobotini e'lon qilgandi.

Bu hisobot uning O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan tashkillashtirilgan va ular hamrohligida Andijonga qilgan bir kunlik safari asosida tayyorlangan. Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi sobiq elchisi Kreyg Myurrey bu hisobot akademik halollik standartlariga to‘g‘ri kelmasligini ta'kidlagandi.

Akinerning so‘zlariga ko‘ra, u Andijonda 12 soat (darvoqe, bu yerdagi fojeali voqealardan ikki hafta o‘tib) bo‘lgan va 40 kishi bilan suhbatlashgan. Bu esa shaharda harakatlanish, ovqatlanish, suhbatdoshlarni kutish kabilarni hisobga olmaganda ham o‘rtacha har bir kishi bilan gaplashishga 18 minutdan sarflangan, deganidir.

Uning o‘zi voqealarning taxminiy tadrijini his etish uchun shahar kezib, turma va maktabni ko‘zdan kechirgani, hokimlik oldidagi butun maydonni aylanib chiqqanini yozgan va bu ham ancha-muncha vaqt oladi. Ammo Akiner har bir guvoh bilan suhbatga 20-45 minut sarflaganini ta'kidlaydiki, bu matematik idrokka to‘g‘ri kelmaydi.

Shuhrat Bobojonov, «Ozodlik» radiosi jurnalisti:

Men Shirin Akiner bilan 1989 yil 25 dekabrda Urganchda uchrashdim. Shu kuni Ruminiya diktatori Nikolae Chaushesku qatl etilgani uchun bu kunni aniq eslayman. Akiner rasman Londondagi Og‘axon jamg‘armasiga qarashli «Zamon» galereyasida o‘zbek rassomlari ko‘rgazmasini tashkil qilish uchun O‘zbekistonga kelgan edi. Men bilan ham bir o‘zbek rassomi sifatida uchrashdi. Uchrashuv KGB xodimlari tarafidan kuzatib turildi. Ammo men ham, Akiner ham bu uchrashuvning siyosiy maqsadlarni ko‘zlaganini bilar edik. Akiner menga O‘zbekiston ichkarisidagi sovet hukumatini sevmagan ziyolilar bilan suhbatlar olib borayotganini bildirdi. Men unga: «Nikolay podsho kommunistlar tomonidan qatl qilinganidan 70 yil o‘tib Chaushesko ham qatlga keltirildi, halqa tutashdi. Davr yakunlandi, kommunizm boshi berk ko‘chaga kirdi. SSSRning umri sanoqli koldi», deb aytdim. Akiner bir olima sifatida bu gaplarni sizga iqtibosan o‘z ishlarimda keltirsam bo‘ladimi, deya ruxsat so‘radi. Men albatta ruxsat berdim. Keyin Akiner: «Urganchda sovet hukumatini sevmaydigan sizdan boshqa ham ziyolilar bormi», deb so‘radi. Men uni rassom, keyinchalik «Erk» partiyasining Urganch shahri bo‘yicha yetakchisi Soli Qodirov, Davron Yo‘ldoshev, Safo Do‘sjonov va Quranboy Bekjonov kabi rassomlar bilan tanishtirdim. Ular ham sovet hukumatiga va kommunizmga muxolif ekanini aytishdi.

Keyingi uchrashuvimiz kunini ham aniq bilaman. Bu SSSRni saqlab qolish referendumi kuni, ya'ni 1991 yilning 17 marti edi. Akiner Urganchdagi «Inturist» mehmonxonasiga meni chaqirdi. Suhbatlashdik. Davlatov, Ahmatovaning Londonda nashr qilingan kitoblarini menga sovg‘a qilib olib kelgan ekan. Akiner mendan bir iltimos qildi. Mehmonxona kiraverishida O‘zbekiston kommunistik partiyasi birinchi kotibi Islom Karimovning «SSSRni saqlab qolaylik» degan chaqirig‘i ilib qo‘yilgan edi. Undan tashqari, mahalliy kompartiyaning qo‘lbola plakati bor edi. Bu plakatda do‘ppi kiygan bir o‘zbek «Men albatta SSSRga ovoz beraman», deb turgani aks etgandi. O‘sha plakatlarni yechib, menga olib kela olasizmi, dedi. Men bu iltimosini bajardim.

Uchinchi uchrashuvimiz kuni ham aniq esimda. Akiner bilan 1999 yil 17 fevral kuni Londonda uchrashdim. Mustaqil TV kanal direktori sifatida Bi-Bi-Si korporatsiyasida treningda qatnashayotgan edim. Bir kun oldin Toshkent markazida portlashlar bo‘lgandi. Bu portlashlarning Islom Karimov va MXX tarafidan atayin uyushtirilganligi borasida Akiner va mening fikrim bir joydan chiqdi. Har holda, bu oxirgi uchrashuvimiz edi. Akinerning 2005 yil Andijan qirg‘ini masalasida hukumatga yaqin pozitsiyada turgani menga malol keldi. Unga telefon qilib, nega deb so‘radim. Akiner qirg‘inlarni oshkora qo‘llamasligini, lekin raqamlar borasida hukumat ma'lumoti to‘g‘ri ekanini, bu xalq isyoni emas, balki radikal islomiy guruhlarning davlatga qarshi fitna ekanini aytdi. Men bu versiyaga qo‘shilmadim. Shu bo‘yi boshqa gaplashmadik.

O‘lganini eshitib xafa bo‘ldim, yaxshimi-yomonmi, kelib chiqishi o‘zbek bo‘lgan sovetshunos olima edi. Iloji bor qadar o‘zbekcha muloqot qilishni yaxshi ko‘rardi. Rassomlik, arxitektura borasida zarif did egasi edi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
29 noyabr 2017
Ijtimoiy tarmoqda «boshqa dinga kirdi» deya xotinini pichoqlagan o‘zbek zaharxanda qilingan memlar paydo bo‘ldi. Qozog‘istonning Sayram tumanida yashovchi 34 ...
3 may 2020
Rassom Kirpi
3 noyabr 2016
Keyingi yillarda O‘zbekistonda paxta yig‘im-terimi davrida majburiy mehnat monitoringini amalga oshirib kelaeyotgan Xalqaro Mehnat tashkiloti (ILO) kuzatuvchilari muammolar ancha ...
8 mart 2018
1910 yili nemis kommunisti Klara Tsetkina 8 martni ayollar kuni sifatida nishonlashni taklif qildi. Ya'ni bu kun ayollar va ...
Bloglar
17 mart 2024
Rassom Tuz bir mavzu muhokamasini boshlasa ag‘dar to‘ntarini chiqarib barcha qirralarini o‘rganadi. Tanganing ag‘iniyam¸ bag‘iniyam¸ ...
14 fevral 2024
«Yoshlar» telekanalida sodir bo‘layotgan korruptsiya oldida «Sport» telekanali direktori Zohid Karimov qo‘y og‘zidan cho‘p ololmaydigan ...
13 fevral 2024
Tarmoqning o‘zbek segmenti o‘zbek davlat ramzlariga nafratni parvarishlamoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda mahalla raisi va faollarning davlat ...