Asosiy mavzular
18 aprel 2019

Xalq ta'limi vazirligi noto‘g‘ri axborot tarqatdi

Shu yilning 20 mart kuni Xalq ta'limi vazirligi saytida “Farg‘onaning Quva tumanidagi 50-maktab yer maydoni va qo‘shimcha bino o‘quv muassasasiga qaytarildi” sarlavhali xabar chop etilgandi. Bu xabar deyarli bir vaqtda O‘zbekistondagi barcha saytlarda tarqatilgandi.

Haqiqatdan ham yer maydoni va qo‘shimcha bino maktabga qaytarildimi? Maktabning kadastr hujjatlari tayyorlab berildimi? Direktor bemalol o‘quv-tarbiya jarayoni bilan shug‘ullanyaptimi?

Quva tumanida yana qanday yangiliklar bo‘lyapti?


“Ma'rifat” gazetasida bir emas, naq ikki marta Quva tumanidagi 50-maktab yeri tadbirkor tomonidan noqonuniy tortib olingani, hokim qarori bekor bo‘lmay turib yana boshqa qaror chiqarilgani, direktor bir necha marta sudlashgani haqida maqola chop etilgan edi.

2019 yilning 14 fevral kuni Namangan viloyati ma'muriy sudi kassatsiya instantsiyasining ochiq sud majlisini Farg‘ona viloyati iqtisodiy sudi binosida videokonferentsiya tarzida o‘tkazdi. Unda arizachi – 50-maktab direktori N.Mahmudovning javobgarlar – Quva tumani hokimligi va “Yermulkkadastr” davlat korxonasi Quva tumani filiali ustidan kiritgan shikoyat arizasi yuzasidan Quvasoy shahri ma'muriy sudi tomonidan 2018 yil 17 dekabrda qabul qilingan hal qiluv qaroridan norozi bo‘lib yozgan arizasi ko‘rib chiqildi.

Arizada N.Mahmudov javobgarlar – Quva tumani hokimligi, Quva tumani yer resurslari va davlat kadastri bo‘limiga nisbatan Quva tumanidagi 50-umumiy ta'lim maktabining qo‘shimcha bino va inshootlariga kadastr hujjatlari tayyorlash majburiyatini yuklashni hamda Quva tumani hokimining 2018 yil 20 iyundagi 1065-qarorini haqiqiy emas deb topishni so‘ragan.

Sudyalar tomonlarni eshitib, hujjatlarni o‘rganib chiqishdi.

Avval Quva tumani ma'muriy sudida, so‘ngra Farg‘ona viloyati ma'muriy sudida, keyin Quvasoy shahri ma'muriy sudida ko‘rilgan masala yana javobgarning ham, da'vogarning ham tilidan eshitildi.

Sudyalar javobgarning vakili – Quva tumani hokimligi huquqshunosi Aziz Turdialievga bergan savolga huquqshunos Quva tumani hokimining qarorida texnik xatolikka yo‘l qo‘yilganligini aytdi.

Sud tomonlarni eshitib, Quvasoy shahri ma'muriy sudining mazkur ish yuzasidan 2018 yil 17 dekabrda chiqargan hal qiluv qarorining arizachi N.Mahmudovni Quva tumani hokimining 2018 yil 20 iyundagi 1065-qarorini haqiqiy emas deb topish haqidagi qo‘shimcha arizasini qanoatlantirishni rad etish qismini bekor qilib, yangi qaror qabul qildi.

Quva tumani hokimining 2018 yil 20 iyundagi 1065-qarori haqiqiy emas deb topildi. Qarorning davlat foydasiga 1.658.700 so‘m davlat boji undirish qismi bekor qilindi. Quvasoy ma'muriy sudi qarorining qolgan qismi o‘zgarishsiz qoldirildi.

Sud qarorida “Yermulkkadastr” davlat korxonasi Quva tumani bo‘limi N.Mahmudovning Quva tumani 50-umumiy o‘rta ta'lim maktabi balansidagi eski bino-inshootlar maktab balansiga o‘tganligi yoki tuman hokimining yer ajratish to‘g‘risidagi qarori mavjud emasligi sababli ularni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va kadastr hujjatini tayyorlashni asosli rad qilganligi yozilgan.

To‘rt marta bo‘lib o‘tgan sudda hali u tomon, hali bu tomonning qo‘li baland kelayotgan paytda xuddi shu tumandan internet saytlaridan birida quyidagi mazmunda yana bir xabar chiqib qoldi:

Nimaymish… Quva tumanidagi 44-maktab hududi tadbirkor tomonidan noqonuniy egallab olinibdi. Hamma hujjatlari qalbaki emish, qish ichi loy bo‘lib yotadigan, yozda mol-qo‘y o‘tlab yuradigan stadion maktabniki emish. O‘quvchilar bu yerda jismoniy tarbiya darslarini o‘tarmish. Tadbirkor noqonuniy qurilish boshlab olibdi. Darhol qurilishni to‘xtatish kerak. Stadion atalmish axlatxona maktabga ham kerakligini direktor mana endi bilib qolibdi.

Internet saytida chiqqan maqoladan so‘ng bu yerdagi qurilishga rozi bo‘lgan, hatto qaror ham chiqarib bergan hokim (endilikda Farg‘ona viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari) H.Umarov darhol qurilishni to‘xtatishga buyruq berdi. 44-maktab direktori Jamoliddin Mo‘minov ham Quva tumani ma'muriy sudiga “er maktabniki” deb murojaat qildi.

Biz har ikki holat yuzasidan Quva tumani hokimligi huquqshunosi Aziz Turdialievga murojaat qilganimizda u quyidagicha javob berdi:

«50-maktabning yeri va bino-inshootlari noqonuniy egallab olinmagan. Namangan viloyatida bo‘lib o‘tgan sudda ham sudyalar bu haqda o‘z qarorida shunday asos keltirishgan. Quva tumani hokimining 1065–qarori bekor qilingani yo‘q. Hokimning 1125–qarorida esa texnik xato o‘tib ketgan. Namangan viloyati ma'muriy sudi qarorida ham hokimning 1065 –qarori bekor qilinsin deyilmayapti. Haqiqiy emas deb topilsin, deyilmoqda.

44-maktab masalasida esa tadbirkor 100 foiz haq. Ammo hokim (H.Umarov) internetda bu haqda maqola chiqqach, menga “maktab yutib chiqsin” deb aytgan».

Endigi gapni 44-maktab bilan sudlashayotgan tadbirkor Inom Qosimovdan eshiting:

«44-maktab yonidagi stadionning old tarafidagi hududni men tenderda qatnashib yutib olganman. Har tomonlama ko‘rkam va zamonaviy, ikki qavatli bino qurib, shu yerda 15 nafargacha odamni ish bilan ta'minlamoqchi edim. Shuningdek, o‘z hisobimdan maktabga ikkita o‘quv xonasi qurib bermoqchiman. Sababi, maktab binosi avval kolxoz idorasi bo‘lganligi uchun sinfxonalar yetishmasligidan ikkita sinf yerto‘lada o‘qiydi. Maktabda oshxona yo‘q, bufet ham qorong‘u va zax bo‘lgan yerto‘lada joylashgan. Yerto‘la yozda ham odam sovqotadigan darajada salqin. O‘quvchilar salomatligiga zarar qiladigan sharoit o‘qimoqda.

Shuningdek, stadion uchun zamonaviy qurilish materiallaridan o‘rindiqlarni ham o‘z hisobimdan qurib bermoqchi edim. Ammo barcha hujjatlarim joy-joyida bo‘lsa-da, sud maktab foydasiga qaror chiqardi. Men endi Quva tumani ma'muriy sudidan yuqori turuvchi organlarga apellyatsiya shikoyati yo‘llamoqchiman».

44-maktab direktori Jamoliddin Mo‘minov sudga Quva tumani hokimining 19.05.2014 yildagi 814-qaroriga asosan kadastr hujjatlari rasmiylashtirilganligini, lekin futbol maydoni qandaydir sabablarga ko‘ra kadastr hujjatlariga qo‘shilmaganligini yozgan.

Ushbu 700,00 kv.m. yer maydoni, ya'ni stadionning oldi tomoni Quva tumani hokimining 29.08.2018 yildagi 1754-qaroriga asosan tanlov g‘olibi “Qosimov Sirojiddin chorvasi” dehqon xo‘jaligiga ikki qavatli savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchasi qurish uchun ajratilganligi ham shikoyat arizasida keltirilgan.

44-maktab sharoiti bilan tanishganimizda, direktor talashayotgan stadion maktabdan 100 metrdan ziyodroq uzoqlikda, serqatnov yo‘lning narigi tarafida ekanligini ko‘rdik.

Stadion maktabniki ekan, u yerda o‘quvchilar jismoniy tarbiya darslarini o‘tarkan. Xo‘p, darslar oralig‘idagi tanaffus 10 daqiqani tashkil etsa, o‘quvchi maktab formasini jismoniy tarbiya formasiga almashtirib, yo‘lning narigi tomoniga o‘tguncha qancha vaqt ketadi?

Nega direktor tadbirkorning sovuq va zax xonada o‘qiyotgan o‘quvchilar uchun sinfxona qurib beraman, degan gapiga rozi bo‘lmayapti? Axir eng muhimi o‘quvchilarning keng va yorug‘, issiq xonada bilim olishi emasmi? Jismoniy tarbiya darslarini sport zalida o‘tsa, o‘qituvchi ham vaqtdan, ham xavfsizlikdan yutmaydimi?

«Stadion maktabniki deyapsiz, bu haqda O‘zaspoda qayd etilganmi?», degan savolimizga maktab direktori naqadar moliyaviy savodxon ekanligini ko‘rsatdi, “O‘zaspo endi chiqdi-ku, unga hali kiritilmagan” deya.

Maktabda 612 nafar o‘quvchi o‘qiydi. Darslar ikki smenada tashkil etilgan, shuningdek, filiali ham mavjud.


«O‘quv xonalarining yetishmasligi, o‘quvchilar moslashtirilgan binoda hamda yerto‘lada ta'lim olayotganligi haqida, maktab uchun yangi bino qurib berishlarini so‘rab biror joyga murojaat qilganmisiz», – degan savolimizga J.Mo‘minov “ha” deya javob berdi.

Ammo qaerlarga va qachon murojaat qilganligi haqida to‘liq ma'lumot berolmadi. Yuborilgan xatlar orasidan ham maktab uchun qo‘shimcha bino va inshootlar qurib berishlarini so‘rab yozilgan xat chiqmadi.

Haqiqatdan ham yerto‘lada bufet o‘rnini bosuvchi do‘kon (sovuq va qorong‘u), texnologiya fani xonasi bor ekan. O‘g‘il bolalar uchun texnologiya fani xonasi jihozlangan, qiz bolalar uchun ajratilgan xona esa axlatxona bo‘lib yotibdi.

O‘sha kuni 7-sinf o‘quvchilaridan jismoniy tarbiya darslari qaerda o‘tiladi, deb so‘radik. Ular dushanba va payshanba kunlari jismoniy tarbiya darslari o‘tilishini, kecha ham (4.04.2019 y.) stadionda futbol o‘ynaganliklarini aytishdi. 7 «B» sinfning sinf jurnalida esa 4.04.2019 yilda o‘quvchilar uzunlikka sakrash mavzusini o‘tganligi qayd etilgan.


Bu yerda o‘quvchi haqmi yoki o‘qituvchimi endi, bu alohida masala. Yana mavzuga qaytamiz. Xullas, tumanda bir masalaga ikki xil ko‘z bilan qarashmoqda.

50-maktab ma'muriyati 20-25 yillik hujjatlarni to‘plab, tadbirkor noqonuniy o‘zlashtirib olgan yer va bino-inshootlar maktabniki deb da'vo qilmoqda, ammo o‘z haqqini ololmayapti. 44-maktabda esa tadbirkor haq bo‘la turib maktabga sudda yutqazib o‘tiribdi.

Ha, aytgancha, ma'lumot uchun yana bir narsani qo‘shib ketmasak bo‘lmaydi. Tadbirkor bilan yer talashishi mumkin bo‘lgan maktablar tumanda 19 ta. Agar 50-maktab direktori kadastr hujjatlarini tayyorlay olsa, qolgan maktablar ham o‘z haqqini sud orqali ajratib olish niyatida. Ammo bu ma'lumot qanchalik rost yoki yolg‘onligini hozircha bilmaymiz.

Yana yuqoridagi xabarga qaytamiz. Quva tumanidagi 50-maktabning bino va inshootlari hali maktabga qaytarilmadi. Direktor “Yermulkkadastr” tuman bo‘limi, tuman hokimligi eshigida sarg‘aymoqda.

Nasima Davron qizi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
14 iyun 2021
O‘zbekistonda shoir Rauf Parfi xotirasiga bronza haykal o‘rnatish uchun bir guruh ziyolilar boshlagan pul yig‘ish harakati nihoyasiga yetmoqda. “Biz ...
29 yanvar 2018
Tojik muxolifatining eng taniqli vakillaridan biri, hozir Germaniyada muhojiratda yashayotgan jurnalist Dodojon Atovullaev prezident Imomali Rahmon bilan uchrashdi. Bu ...
7 sentyabr 2017
Avgust oyi O‘zbekiston telekanallari uchun har doim qaynoq bir davr bo‘lib kelgan. Qaynoqligi shundaki, mustaqillik bayrami arafasida hamdu sano ...
20 dekabr 2018
O‘zbek muxolifati lideri, shoir Muhammad Solih tug‘ilgan kuni arafasida uning Yangibozordagi tug‘ilib o‘sgan uyiga do‘stlari, safdoshlari, muxlislaridan iborat bir guruh ...
Bloglar
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...
10 oktyabr 2024
Yuksalish maktabining gender ayirmachilikka asoslangan boshqaruvi haqidagi maqolaga o‘quvchilar ikki xil munosabat bildirdi. Bir suruv ...