Qozog‘istonda o‘zbeklar mingan yana bir avtobus halokatga uchradi
20 aprel kuni Qozog‘istonning Jambul viloyatidagi «Toshkent-Olmaota» trassasida avtobus halokatga uchradi. Yo‘lovchilari aksariyat o‘zbekistonliklar bo‘lgan avtobus halokatida kamida 11 kishi o‘lgan.
«Ozodlik» radiosining qozoq xizmati xabariga ko‘ra, yengil avtomobil yo‘lovchi avtobusi bilan to‘qnashgan.
Boshqa bir xabarga ko‘ra, yo‘l chetida to‘xtab turgan yuk mashinasiga urilgan Toyota avtomobilidan qochishga uringan avtobus ag‘darilgan.
Voqea joyida sakkiz odam halok bo‘lgan, yana uchta shaxs shifoxonada o‘lgan. Jami 32 shaxs shifoxonaga yotqizilgan.
Qozog‘istonda Rossiyaga ketayotgan o‘zbek mardikorlari mingan avtobuslarning halokatga uchrashi keyingi davrda ko‘p uchraydigan holatga aylandi.
Joriy yilning 4 fevralida ham «Eltuz» nashri o‘zbekistonlik 40 nafar yo‘lovchi mingan, ikki nafar qozoq haydovchisi boshqaruvida bo‘lgan avtobusning Qozog‘istonda buzilgani haqida xabar bergan edi.
O‘shanda 45 daraja sovuqda muzlab qolgan o‘zbeklar qutqarilgan va isinish uchun Kogam qishlog‘idagi maktabga olib borilgan edi.
«Eltuz» nashri o‘tgan yilning yanvarida ham Rossiyaga otlangan, buzuq avtobusda muzlagan 41 nafar o‘zbekning qutqarilgani haqida yozgan edi.
Voqeadan uch to‘rt kun avval, 18 yanvar kuni Oqto‘ba viloyatida ro‘y bergan avtobus yong‘inida 52 nafar o‘zbekistonlik kuyib kul bo‘lgan edi.
Eltuz.com