Tintuvdan so‘ng ahvoli yomonlashgan Mahmud Rajab kasalxonaga yotqizildi
Xorazmlik shoir, 56 yashar Mahmud Rajab uyida tintuv o‘tkazilganidan uch kun o‘tib – 13 may kuni kasalxonaga yotqizildi. «Eltuz» muxbiri qo‘ng‘irog‘iga javob bergan Mahmud Rajabning o‘zi va yaqinlari voqeani tasdiqladi.
Go‘shakni ko‘targan Mahmud Rajab sog‘lig‘i yomonligidan muxbirning savollariga zo‘rg‘a javob berdi.
«Tintuv o‘tkazilganidan keyin dadamning mazasi qochib qoldi. Kasalxonaga yotqizdik bugun», dedi «Eltuz»ga shoirning katta o‘g‘li Xushnud.
10 may kuni kechqurun 18.30 da o‘zlarini IIB xodimlari deb atagan o‘n nafar atrofidagi shaxs kirib kelib Mahmud Rajabning uyini tintuv qilishgan.
Bu vaqtda uning uyida o‘zidan boshqa hech kim bo‘lmagan. Xotini va bolalari dalada ishda bo‘lishgan.
Tintuvda o‘zlarini tanitmagan notanish shaxslar va «xolislar»dan tashqari mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Zokir Vaisov va uchastka profilaktika noziri Umrboylar bo‘lgan.
Ular Mahmud Rajabning qo‘shnilarni guvohlikka chaqirishiga avvaliga izn berishmagan.
«Shovqinni eshitib bir-ikki qo‘shnilarning o‘zlari kelishgan va shundan so‘nggina onam voqeadan xabar topib kelgan», dedi Mahmud Rajabning o‘g‘li «Eltuz»ga.
“Eltuz” suhbatdoshining bildirishicha, Mahmud Rajabga tintuv qilish qarorini o‘qish va tanishib chiqish uchun imkon berilmagan.
Tintuv jarayonida Mahmud Rajabning uyidan noutbuk, yangi xarid qilgan «Samsung» E20 uyali telefoni, bo‘sh disklar hamda Muhammad Solihning “Payg‘ambarlar tarixi” kitobi va Oydin Solihning tabobat xususidagi kitoblari olib ketilgan.
Shuningdek, uning uyidan fermerlar bilan bog‘liq turli ma'lumotlar bitilgan 7 varaq qog‘ozni bayonnomada 7 ta varaqa topildi deb olib ketishgan.
Suhbatdoshga ko‘ra, Mahmud Rajab tintuv o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi bayonnomaga o‘z huquqlari poymol etilganligi va tintuv qonun talablariga xilof ravishda o‘tkazilganligi bois imzo chekishdan bosh tortgan.
“Eltuz” nashri 26 mart kuni Gurjistonning Tiflis shahridan qaytayotganida Toshkent aeroportida ushlangan, Yevropa birdamlik markazi seminarida qatnashgan shoir Mahmud Rajabning yonidan chiqqan kitoblar va telefoni musodara qilingani haqida xabar bergan edi.
Eltuz.com