Qamoqda qolayotgan polkovnik MXX qiynoqlari haqida gapirdi
Olmaliqdagi 47-manzil koloniyasida saqlanayotgan 72 yoshli polkovnik, Chirchiq shahridagi tank zavodining sobiq rahbari Vladimir Litvinenko “Eltuz”ga bergan intervyusida uni 9 yil burun uydirma ma'lumotlar va qiynoqlar bilan AQSh foydasiga josuslik qilishda ayblab qamashganini bildirdi.
“Hozir shaxsimga nisbatan burungidek shafqatsiz munosabatlar bo‘layotgani yo‘q. Ayovsiz qiynoqlar meni qamoqqa olish va tergov paytida kuchaytirilgan edi”, dedi sobiq polkovnik Litvinenko “Eltuz” muxbiriga bergan intervyusida.
Litvinenko 2010 yilning avgustida Jinoyat kodeksining 157-moddasi (“davlatga xiyonat”) bilan ayblanib 15 yilga ozodlikdan va polkovnik harbiy unvonidan mahrum etilgan edi.
O‘tgan oyda Vladimir Litvinenko bilan uchrashishga muvaffaq bo‘lgan huquq faoli Yelena Urlaeva uning badanidan qiynoq izlari hamon ketmagani, sobiq polkovnik unga o‘z badanidagi qiynoq izlarini ko‘rsatganini aytdi.
Litvinenkoning huquq faoliga aytishicha, 2010 yilning fevralida sobiq polkovnik va Chirchiqdagi harbiy zavod direktori o‘z uyida MXXning maxsus bo‘limi xodimlari tomonidan hibsga olingan. Tintuv vaqtida uning uyidan 6000 AQSh dollari olingan, lekin olingan buyumlar reestrida qayd etilmagan.
Litvinenko Farg‘onaga olib kelinib, gaupvaxtada va tergov izolyatorida qattiq qiynoqlarga solingan.
Shuningdek, uning ko‘zi oldida Qurolli kuchlar podpolkovniklari Sergey Karseev va Aleksandr Makseev, general Feruz Usmonov, sobiq favqulodda vaziyatlar vaziri Qosim Ahmedov kaltaklangan. Ular yaqinlari oldida qiynoqqa solinib, ayollari va bolalarini zo‘rlash bilan tahdid qilingan.
Litvinenkoning oldida uning qattiq kaltaklangan 9 nafar kursanti olib kelingan va agar u yollash bo‘yicha ayblovni tan olsa, ular ozod etilishi aytilgan. U o‘z kursantlari hayotini saqlab qolish uchun bu ayblovni bo‘yniga olgan.
Sobiq harbiy Toshkentga, MXX tergov izolyatoriga olib kelinganda unga turli qiynoqlar qo‘llash davom etgani, xususan, burni, jag‘i sindirilgani, tishlari to‘kib olinganini bildirgan.
“Men halol ofitserman. “O‘zbekfilm” rejissyori Jahongir Ahmedovning terrorizmga qarshi kurash mavzusidagi “18-kvadrat” filmida meni suratga tushirishgan”, deydi V.Litvinenko.
“Men O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoevdan Bosh qo‘mondon sifatida Qurolli kuchlarning ko‘plab halol ofitserlari, jumladan, meni ham noqonuniy ayblashganiga, hech qanday tergov bo‘lmagani, aslida qiynoqlar bo‘lganiga e'tibor qaratishni so‘rayman. Biz Vatanga xizmat qilishda davom etishni xohlaymiz hamda ozodlik va reabilitatsiya talab qilamiz”, deyiladi sobiq harbiyning Oliy sud harbiy kollegiyasiga yozgan kassatsiya shikoyatida.
V. Litvinenko uning AQSh maxsus xizmatlari bilan hamkorlik qilgani isboti sifatida foydalanilgan barcha ma'lumotlar yolg‘on va uydirma ekani, “chin dildan aybiga iqror bo‘lishi” va ko‘rsatmalari qiynoqlar va shafqatsiz harakatlar vositada olinganini ta'kidlaydi.
Shuningdek. Yelena Urlaeva 49-qamoq manzil koloniyasida saqlanayotgan mahkum Ali Sharifovich Pirov bilan ham uchrashdi. Tojikistonda tug‘ilgan bu sobiq harbiy 1989 yildan 2007 yilgacha O‘zbekistonda turli komandirlik va muhandislik lavozimlarida ishlagan. So‘nggi lavozimi 55061-harbiy qism komandiri.
«Men 1967 yilning 5 sentyabrida Tojikistonda tug‘ilganman, 1988 yili Tolyatti VVSKUda o‘qishni tugatdim, 1989 yilning noyabridan 2007 yilgacha O‘zbekiston hududida komandirlik va muhandislik lavozimlarida xizmatni o‘tadim, so‘nggisi 55061-harbiy qism komandiri lavozimi edi, 2007 yilning sentyabrida MXX xodimlari yonimga patronlar tashlab, meni hibsga olishdi, 2008 yilning 1 aprelidan harbiy sud Tojikiston foydasiga ayg‘oqchilikda ayblab 20 yil qamoqqa hukm qildi», dedi Pirov huquq faoli Yelena Urlaeva bilan uchrashuvida.
Har ikki sobiq harbiy qo‘llanilgan qiynoqlarni batafsil tasvirlash bilan birga, bu qiynoqlarni qo‘llagan MXX xodimlarining ismlarini keltirgan.
Hozir O‘zbekistonda kuchishlatar tizimlarning sobiq xodimlari, turli ayblovlar bilan qamoqda bo‘lgan va hali ham qamoqda qolayotganlarning adolat va reabilitatsiya talab qilayotgani to‘g‘risida ko‘plab murojaat mavjud.
Ammo O‘zbekistonda sobiq mahkumlarni, ular xoh siyosiy bo‘lsin, xoh boshqalar, reabilitatsiya qilish masalasi hamon ochiq qolmoqda. Bu esa mamlakatda ijtimoiy adolatni qaror toptirish sa'y-harakatlariga soya solib turibdi.
Eltuz.com